Foto: Jeniffer Lopezning Toshkentdagi konserti qanday oʻtdi?

7-avgust kuni Toshkentning “Milliy” (Bunyodkor) stadionida jahon yulduzi Jeniffer Lopezning “Up All Night — LIVE IN 2025” turi doirasidagi katta konsert shousi boʻlib oʻtdi. Ta’kidlash joiz, dunyoga mashhur yulduz ishtirokida bunday katta masshtabdagi musiqiy tadbir Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilmoqda.
Jennifer Lopez (J.Lo) aslida Puerto-Rikolik bo‘lgan amerikalik qo‘shiqchi, aktrisa va raqqosa bo‘lib, pop va lotin musiqasi sohasidagi eng muvaffaqiyatli san’atkorlardan biri hisoblanadi. U o‘z karyerasini raqqosa sifatida boshlagan, keyinchalik esa kino va sahnada shuhrat qozongan. Jennifer yorqin shou-tomoshalari, kliplari va turli janrlarni mohirona uyg‘unlashtira olish qobiliyati bilan mashhur.
Xonanda Toshkentdagi muxlislariga oddiygina musiqa kechasini emas, balki dunyo sahnalarida ham yuksak baholanadigan haqiqiy shouni taqdim etdi.
Yorqin va o‘ziga xos sahna liboslari, raqqosalar, chiroqlar uyg‘unligi va bek-vokalistlarning professional ijrosi — bularning barchasi tomoshabinlarni sehrlagan unutilmas kechaning ajralmas qismiga aylandi.
Ammo eng asosiysi — bu JLoʻning o‘ziga xos ovozi, kuchli energetikasi va mukammal xoreografiyasi. 56 yoshida shunday koʻrinishga ega boʻlish va sahna jozibasini saqlash — har kimga ham nasib etmaydigan yutuq.
Xonanda oʻzining “On the Floor”, “Jenny From the Block”, “Get Right”, “Booty, „Ain't Your Mama“, Birthday” kabi bir qancha treklarini kuyladi.
Konsertgacha boʻlgan jarayonlarda ham puxta tayyorgarliklar koʻrildi. Tadbir mehmonlariga bepul avtobus yoʻnalishlari tashkil etildi, sektor va hududlar boʻyicha qanday kirilishi haqida batafsil sxemalar qoʻllanma sifatida e’lon qilindi. Xavfsizlik tizimi xodimlari va volontyorlar yordamida konsertga kirishda qiyinchiliklar kuzatilmadi.
Tadbir tashkilotchisi — Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi.
