“18 yil kutdim”. Feruza Jumaniyozovaning “zapret”dan keyingi ilk konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 515
“18 yil kutdim”. Feruza Jumaniyozovaning “zapret”dan keyingi ilk konsertidan reportaj

“Ignadan ip o‘tmasa”, “Begim belbog‘ingiz”, “Yalla habibi” kabi hit taronalari bilan mashhurlikka erishgan estrada xonandasi Feruza Jumaniyozova 8−10-sentyabr kunlari yakkaxon konsertini taqdim etdi. Afisha.uz muxbiri “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan dasturdan reportaj tayyorladi.

18 yillik ijodiy tanaffusdan so‘ng katta sahnaga qaytgan Feruza Jumaniyozovaning “Sog‘inganlarim” nomli uch kunlik konsertida jami 22 ta qo‘shiq ijro etildi. 3 blokdan iborat dasturda asosan, yangi ijod mahsullari premyera qilindi. Shuningdek, ko‘pchilikning sevimli taronasi bo‘lgan “Kel azizim”, “Sen shohida”, “Og‘ajon” singari qo‘shiqlar ham kuylandi. Ko‘plab taronalar xorazmcha va raqsbop bo‘lib, zaldagilarni raqsga chorladi.

“San'at sohasida 18 yil dam oldim. Bu bir bola tug‘ilib, voyaga yetadigan davr hisoblanadi. Qo‘shiqchi sahnaga chiqqanidan keyin u yerda hamma narsa uning zimmasida bo‘ladi, muxlislarning nigohi unga qaratiladi. Shunday mas’uliyatni his qilgan holda konsertga 3−4 oy davomida jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. O‘ylaymanki, konsert muxlislarimga ma’qul kelgan”, — deydi Feruza Jumaniyozova OAV vakillariga bergan intervyusida.

Konsertni qiziqchi Jamshid Normatov o‘z chiqishlari bilan olib borib, zaldagilarga tabassum ulashdi. Dasturda xonanda Asilbek Nigmatov bilan hamkorlikda yaratilgan mashhur “Kuydirding” hamda yaqinda ommaga havola qilingan"Yondir-yondir" duet qo‘shiqlari ham aytildi.

“Feruza ijodda tanaffus olgan bo‘lsa-da, ammo yana katta sahnaga qaytishiga ishonardim. Nafaqat o‘zi, balki ovozi ham go‘zal. Men hali tanilmagan vaqtlarda u ancha mashhur edi, qo‘shiqlarini eshitib yurardim. Feruzani didi yaxshi, musiqa va so‘zni yaxshi tushunadi. Shu yil boshida yoshlikni eslab bir duet kuylaylik, degan edim. Keyin u ham muxlislarga yangilik qilaylik, deb qoldi. Nasib qilgan ekan, “Yondir-yondir"ni konsertda kuyladik”, — deydi Asilbek Nigmatov.

“Konsertning ilk kuni sahnaga qadam qo‘ygach, sahnani sog‘inganimni, muxlislarimning ko‘zidagi mehrni his qildim. Zaldagi aziz insonlarimning ko‘zlariga boqdim, meni sog‘inishibdi, men ham ularni juda sog‘ingan edim. Bu onlarni 18 yil kutgan edim. Shuncha yil sahnaga chiqmadim, qanday kutib olishadi, nima bo‘ladi, degan hayajon bor edi. Birinchi kuni 85 foiz ko‘nglim to‘lgan bo‘lsa, keyingi kunlari barchasi kutganimizdek o‘tdi”, — deydi Feruza Jumaniyozova.

Ma’lumot uchun, Feruza Jumaniyozova o‘zining ilk yakkaxon konsertlarini 2003−2004-yillarda “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida taqdim etgan. U ijodiy faoliyati davomida uch marta jonli ijroda yakkaxon konsert qo‘ygan.

Biroq 2007-yilda o‘tishi rejalashtirilgan konsertiga sanoqli kunlar qolib, afishalar chiqqanidan so‘ng to‘xtatilgan. Shu bilan birga, xonanda “zapret"ga tushgan.

“Afishalar chiqqan, biletlar sotilgan edi. Keyin esa konsert to‘xtatilgani haqida xat keldi. Bu oilamiz uchun juda katta stress bo‘lgan, ayniqsa, onam qattiq ranjigan”, — degan edi xonanda intervyularining birida.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling