Yosh xonandalarni targ‘ib qilayotgan “Uchqun”ning navbatdagi taqdimotidan reportaj

14-sentyabr kuni Toshkentdagi “Ilhom” teatrida Yandex Music’ning “Uchqun” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilishga qaratilgan mazkur loyihaning ikkinchi bosqichiga to‘qqiz nafar yigit-qiz tanlab olindi. Afisha.uz muxbiri musiqa ixlosmandlarini bir nuqtaga jamlagan kechadan reportaj tayyorladi.
Ta’kidlanishicha, loyiha ilk bor 2022-yilda Rossiyada “Iskra” nomi bilan boshlangan, keyinchalik Qozog‘istonda “ISKRA QAZAQSTAN” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Joriy yildan esa O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yildi. “Uchqun” bir martalik tadbir emas, balki uzoq muddatli dastur bo‘lib, rivojlanib, yangi formatlar bilan to‘ldirib boriladi. Loyihaning birinchi bosqichi 15-aprel kuni Toshkent viloyatidagi Quyosh institutida o‘tkazilgan edi.
Yandex O‘zbekiston rahbari Izzat Shukurovning tushuntirishicha, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan “Mening to‘lqinim” tavsiya tizimi har bir tinglovchining didi va kayfiyatiga mos ravishda o‘ziga xos musiqiy oqimni shakllantiradi. Aynan shu tizim orqali yangi san’atkorlar e’tiborga tushish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ularning eng yaxshilari esa “Uchqun"ga yo‘l oladi.
“O‘zbekistonda iste’dodli yosh qo‘shiqchilar juda ko‘p. Ularni qo‘llab-quvvatlab, tanilishi va katta sahnaga chiqishida ko‘maklashish zarur. Bizning jamoa shu maqsadda “Uchqun"ni boshladi. Loyihaning birinchi bosqichida bo‘lganidek, bu safar ham o‘nga yaqin yoshlar saralab olindi. Ular bizning turli tadbirlarda qatnashib, sahnalarga chiqishadi va shu orqali xalqimiz yanada yaqinroq taniydi, muxlislari soni ortadi”, — deydi Izzat Shukurov.
Loyiha ishtirokchilarni nafaqat rasmiy pleylistga qo‘shish orqali, balki promo, platformada yoritish va xalqaro auditoriyaga chiqish imkoniyatini yaratishni ham o‘z ichiga oladi.
Instagramda millionlab obunachiga ega blogerlar — Nizamo.s. va Umida Odilovaning “Yonimda qol” dueti YouTube’da 10 million marta ko‘rildi, Yandex Music’da esa 250 mingtadan ko‘proq tinglandi.
“Ichimdagi gaplarimni shunchaki qo‘shiq qilib aytdim va bu tengdoshlarimga ham ma’qul kelib, ommalashib ketdi, ular yaxshi qabul qildi. Yandex Music’da top chartda uch oy turdi, ko‘pchilik tingladi. Havaskor sifatida aytgan taronamiz tez tarqalib, ko‘pchilikka yoqqani, albatta, quvontirdi. „Uchqun“ loyihasi biz ishtirokchilarga ko‘p tomonlama foyda keltiradi, deb o‘ylayman. Eng asosiysi, yoshlarni qo‘llashyapti”, — deydi Nizamo.s.
“Uchqun"ning bu galgi bosh qahramoni “Sohibjamol” va virusli “Layli” xitlari muallifi Sheri bo‘ldi.
“Loyihaning birinchi mavsumidagi ishtirokchilarni ko‘chalardagi bannerlarda ko‘rganimda, ularga havas qilgandim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘zim ham “Uchqun"dan joy oldim. “Layli” trekim kutilmaganda tarmoqlarda: Instagram, TikTok, Youtube’da mashhur bo‘lib ketdi, Yandex Music`da 300 mingdan ko‘p tinglandi”, — deydi u.
24 yoshli havaskor xonanda “Uchqun” haqida gapirarkan, mazkur loyiha uning orzularini amalga oshirishda yordam berayotganini aytdi.
“Men bunaqa katta davralarda tinglovchilar qarshisida qo‘shiq aytmaganman, ammo orzu qilardim. Men haqimda rolik olindi, intervyular beryapman… Hammasi bittada tez sodir bo‘lyapti va yana ham ko‘proq orzu qilishni boshlayapman. Garchi biror ta’lim muassasasida musiqiy bilim olmagan bo‘lsam ham, ustozim Rustam Muhammadov va qiziqishim sabab mualliflik qo‘shiqlar yaratyapmiz. Shu tufayli orzularimga erishayotganimdan juda xursandman. Bugun esa „Majnun“ trekimni premyera qilaman”, — deya qo‘shimcha qildi Sheri.
Ushbu oqshom “Uchqun” pleylistidan joy olgan Sheri, Nizamo.S & Umida Odilova, Bofa, Nasim & Karnain, Khammi, Amelis va Minor live singari o‘zbekistonlik yosh ijrochilar o‘zlarining hit treklarini kuylashdan tashqari, yangi qo‘shiqlarini ham premyera qildi.

Chiroq, ovoz, Uchqun: Quyosh institutidagi musiqiy oqshom qanday oʻtdi?
15-aprel kuni Toshkent viloyatidagi Quyosh institutida yangi uchqun paydo boʻldi — Yandex Music’ning “Uchqun” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir musiqa va yangi formatlarga ochiq boʻlgan soha mutaxassislaridan tortib tinglovchilargacha hammani bir yerga yigʻdi.