Sahnadagi kelin salom, “Ummon”chi Shohrux bilan duet, “Daydi yorim”: xonanda Dilnozning 2025-yilgi konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 277
Sahnadagi kelin salom, “Ummon”chi Shohrux bilan duet, “Daydi yorim”: xonanda Dilnozning 2025-yilgi konsertidan reportaj

O‘zbek estradasining taniqli yosh xonandasi Dilnoz Hakimova 14−15-oktyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. “Uchrashuv” nomli dasturda deyarli barcha qo‘shiqlar jonli ijroda kuylandi. Afisha.uz muxbirlari mazkur ijodiy imtihondan reportaj tayyorladi.

Dilnoz Hakimovaning ikkinchi yakkaxon konserti 4 blokdan iborat bo‘lib, unda jami 22 ta qo‘shiq ijro etildi. “Daydi yorim” bilan boshlangan dasturda muxlislar ko‘ngliga kirib borgan qo‘shiqlardan tashqari 5 ta yangi tarona premyera qilindi.

U jurnalistlarga bergan intervyusida konsertga tayyorgarlik jarayonlari haqida gapirarkan, shunday dedi:

“Bu safargi konsertim o‘tgan yilgidan juda ko‘p narsa bilan farq qiladi. Hatto duetlarda ham o‘xshashlik yo‘q. 2024-yilgi konsertimda aytilgan duetlarni bu gal o‘zim kuylayman. Ammo yangi duetdoshim bor. Dastur repertuarini shakllantirish, xalqimizga manzur bo‘lgan taronalarimni tanlash oson bo‘lmadi. Konsert nega „Uchrashuv“ deb nomlangani ko‘pchilikka qiziq shubhasiz. O‘tgan yilgi birinchi konsertimdan so‘ng xalqimiz meni kashf qildi, Dilnoz sifatida yanada tanildim. Shu bois bu yilgi ijodiy imtihonimga begonalar kelmaydi, meni bilgan va tanigan haqiqiy muxlislarim tashrif buyuradi. Shuning uchun ham yaqinlar bilan qalbdan gaplashib, dardlashib, kulib, yig‘lash kerak bo‘lsa yig‘lab oladigan uchrashuv bo‘ladi”, — deydi xonanda.

“Allohga tavakkal qilib, unga ishonib, qandaydir ish boshlayotganda „Kimdandir zo‘r bo‘lib ketaman yoki undan ustun chiqaman, hammasini yorib tashlayman“, deya niyat qilmaslik kerak. „Bugunimdan zo‘r bo‘laman, muxlislarim ijrolarimdan qay darajada mazza qilsa, xuddi shu energiyani ulardan qaytarib olaman va yana ularga beraman“, degan maqsad bilan har doim sahnaga chiqaman. Kecha konsertga qancha pul sarflandi, deb so‘rashdi. 200−300 million so‘m ham, hech qanaqa pul ham ketgani yo‘q. Katta pul emas, katta mehnat sarfladik. Boshqalarga kichik ko‘rinsa-da, o‘zimga katta bo‘lgan jamoa bilan ishladim. Hammasiga rahmat”, — deydi Dilnoz.

U konsertdan keyin hordiq chiqarish uchun xorijga ketib, 10−15 kun dam olib kelishini ta’kidladi.

Xonanda to‘yiga kelmagan muxlislari uchun sahnada kelinsalom qilib berdi. Salomni Shahlo Zoirova o‘tkazdi.

“Dilnoz juda ham aqlli, farosatli qiz. U kattalarni hurmat qiladi. „Mening ovozim bor, ijodim senikidan kuchli“, demaydi. „Sizning qobiliyatingiz qanchalik menikidan zo‘r bo‘lmasin, baribir bizdan oldin sahnaga chiqqansiz“, deydi. Ijodi ham kuchli, ketma-ket ma’noli va hit taronalar yaratayotgani bejiz emas. Yaqinda to‘yini ham chiroyli qilib o‘tkazib, xizmatda bo‘ldik. Turmush o‘rtog‘ini hurmat qilishi, uning ruxsatisiz ish tutmasliklariga guvoh bo‘ldim. „Baribir oilada erkak gapiradi, ulardan ruxsat so‘ray“, degan gaplarini ko‘p eshitdim. Ijodkor uchun baribir oilasining qo‘llab-quvvatlovi muhim. Dilnozning shaxsiy hayotida ulkan baxt va ijodiy parvozlar tilayman”, — deydi Shahlo Zoirova.

“Kelin salom — bu kelinlik ziynati, iffati hisoblanadi. To‘yga hamma ham kela olmaydi, muxlislarni to‘yxonaga sig‘dirish qiyin. Shu sababli singlimni konsertda muxlislariga ta’zim qilib salom berishi meni juda quvontirdi”, — deydi u.

Dilnoz Hakimova 2024-yilgi konsertida o‘zbek estradasining taniqli erkak xonandalari — Shohruhxon, Konsta va Mirjalol Ne’matov bilan duetlar aytilgan bo‘lsa, bu safar ularning hech biri sahnaga chiqmadi. “Ummon” guruhi sobiq a’zosi Shohrux bilan “Sog‘inib” nomli duetni premyera qildi.

“Dilnoz bilan ancha yildan beri tanishmiz. U o‘zining jozibasi, harakteri va yo‘nalishi bilan san’at olamiga kirib kelgan. Ijodini hurmat qilaman va muntazam ravishda kuzatib kelaman, qo‘shiqlarini ham eshitib turamiz. Duet taklifi Dilnozdan chiqdi. Qo‘shiqni tashlashganida eshitib ko‘rdim va menga juda yoqdi. Bu tarona ommaga birinchi marta konsertda taqdim qilinyapti, hali hech qayerda jarang sochgani yo‘q. Trek o‘zimga yoqdi. O‘ylaymanki, muxlislarga ham yoqadi va xit darajasiga chiqadi, degan umiddaman”, — deydi Shohrux.

Konsertda so‘z ustasi Elmurod Haqnazarov ham qatnashib, o‘z repertuari bilan zaldagilarga tabassum ulashdi.

Konsertdan fotoreportajni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling