“Million” jamoasining 2025-yilgi konserti qanday o‘tmoqda? Reportaj

E’lon qilingan sana· 28 704
“Million” jamoasining 2025-yilgi konserti qanday o‘tmoqda? Reportaj

Shov-shuvli konsert berishga odatlangan “Million” jamoasi 21—31-oktyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi dasturini taqdim etmoqda.

Har bir konsertini o‘ziga xos chiqishlar bilan o‘tkazadigan jamoa bu yil ham 10 kunlik 12 seansdan iborat dasturni muxlislariga namoyish qilishni rejalashtirgan. Afisha.uz muxbirlari konsertdan reportaj tayyorladi.

Jamoa sardori Davron Kabulovning aytishicha, muxlislar konsertdan mamnun ekanliklarini izhor qilmoqda.

“Seanslar o‘tgan sari ovoz yo‘qolyapti, qolgani o‘z o‘rnida ketyapti. Energiyani tejash rejimiga o‘tganmiz. Lekin bu energiya sahnada tejalmaydi. Oldinda ikki kun ketma-ket ikki seans ishlaydigan kunlarimiz bor. Maksimal darajada kuch-quvvatni tejayapmiz. Ko‘pincha eski konsertni hozirgisi bilan solishtirishadi. Aslida har bir konsert alohida tarix. O‘sha davrning aktual mavzularini olib chiqishga harakat qilamiz. Shunchaki men dam olmoqchiman, ertaga ishga, o‘qishga yaxshi kayfiyatda bormoqchiman deb kelgan odam o‘ziga kerakli narsalarni olib ketadi, deb o‘ylayman”, — deydi u.

Jamoa vakili Shahlo Alijonovaga ko‘ra, har kuni konsert ssenariysiga ayrim o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“Kuniga minglab muxlislar konsertga tushgani sababli bir safar ba’zi hazilimiz “yeyapti”, boshqa kuni qaysidir hazilimiz “yemayapti”. Zaldagilarning emotsiyalaridan kelib chiqib, o‘zgartirishlar ham kiritilyapti. Shuning uchun hozir ham hayajon kuchli, yangi rollarimizni yodlab yuribmiz. Bu yil mening ishtirokimda er-xotin mavzulari, ochiq sahnalar kamaydi. Rollarim borasida hech qanday qarshiliklar yo‘q. Shunchaki odam oila qurganidan keyin tiyilib qolarkan. Lekin baribir “Million"ga muhabbatim cheksiz, konsertga chiqmayman, degan fikr yo‘q”, — deydi u.

“Oldingi yillardagi konsertlarimizda shoular, xavfli burilishlar bo‘lardi, bu safargi dastur hazil ko‘pligi bilan ajralib turadi. Juda ko‘p mavzuda hazil qilingan, tomoshabinlar yaxshi kayfiyatda chiqib ketishi uchun xizmat qilamiz. O‘tgan gal Mo‘min o‘zini tepadan tashlagan bo‘lsa, bu konsertda unday narsalar yo‘q. Futbol mavzusi bor”, — deydi jamoa a’zosi Ma’ruf Nosirov.

U kuldirish, hazil qilish chegarasi qayergacha bo‘lishi kerakligi haqidagi savolga izoh berarkan, shunday dedi:

“Biz yosh jamoamiz, konsertlarimizni televideniyega bermaymiz, hech qaysi telekanal orqali efirga uzatilmaydi. Qaysidir jamoa efirga uzatsa ham biz hech qachon telekanalga bermaymiz. “Million” faqat “Xalqlar do‘stligi"da va YouTube’da ketadi, bo‘ldi. Bilasiz, YouTube’da hamma narsani topsangiz bo‘ladi. Balki chegaradan chiqib qoladigan joylarimiz ham bo‘lishi mumkin. Axir, TikTok va Instagram’larda bizdan battarlar ham bor. Lekin baribir biz aybdor bo‘laveramiz. Tangani ikkinchi tomonini ham o‘ylash kerak, hamma narsaga “Million” aybdor bo‘lavermaydi-ku”, — deydi Ma’ruf Nosirov.

Jamoa vakili Sarvar Fayziyevning so‘zlariga ko‘ra, bu galgi konsertda ham ijtimoiy mavzular kulgi orqali nishonga olinmoqda.

“Masalan, ayrim odamlarning ko‘chada chiqindi tashlash madaniyatini ham eplay olmayotganini ko‘rsatishga harakat qilganmiz. Bunday misollar ko‘p. To‘g‘ri, orada zaldagilarni kuldirish uchun yengil mavzular ham bor. Ammo bu safar ham asosan, ijtimoiy muammolarni olib chiqishni rejalashtirganmiz”, — deydi Sarvar Fayziyev.

Qiziqchi Shukurullo Isroilov “Million” jamoasining ahilligiga havas qilishini, Davron Kabulovning namunali lider ekanligini ta’kidladi.

“Davron juda yaxshi yigit, mehnatdan qochmaydi. Mehnatkash va ijodkorligi uchun ham „Million“ a’zolari bilan yilda ikki marta konsert qo‘yadi. Jamoaning o‘n kunlab berayotgan har bir konserti anshlag bo‘ladi. Konsert montajlari ham juda kreativ chiqadi, chunki bu jarayon tepasida Davronning o‘zi turadi. Uning jamoasini hurmat qilishi, tez-tez yig‘ilib, turli joylarga dam olgani borshiga havasim keladi. Bu yigitlarning barchasi aka-ukadek bo‘lib ketgan. Davron hammasiga bosh-qosh bo‘lib, aka sifatida juda yaxshi qaraydi. Qisqasi, „Million“ jamoasiga gap yo‘q”, — deydi Shukurullo Isroilov.

Tomoshabinlarga sir emaski, “Million"ning har bir konsertida taniqli va el sevgan TOP san’atkorlar mehmon bo‘lib, sahnaga chiqishi an’anaga aylangan. O‘tgan yillar davomida jamoa konsertlarida Yulduz Usmonova, Farruh Zokirov, Ozodbek Nazarbekov, Tohir Sodiqov, Jahongir Otajonov, “Setora”, Ozoda Nursaidova, Lola kabi TOP san’atkorlar mehmon sifatida qatnashgan. Bu safargi konsertda afsonaviy xonanda Sogdina retro qo‘shiqlari bilan zaldagilarni o‘smirlik davriga qaytarmoqda.

Dasturda Sogdiana “Синее небо”, “Вспоминай меня”, “Meni esla”, “Orzularim” kabi o‘z davrida hit bo‘lgan va ko‘pchilikning sevimli qo‘shiqlarini ijro etmoqda.

“Muxlislarim bilan anchadan beri ko‘rishmagan edik. Bu konsertda ishtirok etish men uchun juda muhim va uzoq kutilgan onlar edi. Har kuni qalbimda ajoyib his-tuyg‘ular kechyapti. Mazkur konsertdagi chiqishimdan tarmoqlar orqali xabar topgan, ammo shouga kela olmagan muxlislar Instagram orqali xatlar yozib, xafa ekanliklarini bildirmoqda. „Million“ yigitlari har doim syurprizlar qilishga odatlangan. Shu sababli jamoa konsertida mehmon bo‘lishimni ko‘pchilik bilmasdi, barchasi sir va kutilmagan chiqish bo‘lishi reja qilingandi”, — deydi u.

Sogdiananing qayd etishicha, unga “Million” konsertida chiqish taklifi o‘tgan yili berilgan. Ammo sanalar masalasi to‘g‘ri kelmaganligi bois bu reja o‘xshamagan.

Shuningdek, u Toshkentda qachon yakkaxon konsert qo‘yishi haqidagi savolga ham izoh berdi.

“Xudo xohlasa Toshkentda yana konsert qo‘yish vaqti keladi. O‘sha kun qachonligini bilmayman. Ammo umid qilamanki, bu men uchun eng muhim konsertlardan biri bo‘ladi”, — deydi Sogdiana.

Davron Kabulov xonanda Sogdianani ko‘ndirish oson bo‘lmagani, biroq muxlislar uchun buning uddasidan chiqqanini bildirdi.

“Sogdiana deyarli 20 yildan buyon Rossiya estradasi standartlari asosida ijod qilib kelmoqda. Shu sababli texnika va gonorar masalalari bor edi. Chunki “Million"ning hozir sotayotgan chipta narxi bilan aslida Sogdiana darajasidagi xonandalarga “tishi o‘tmaydi”. Lekin har bir konsert biz uchun foyda topish majburiyati emas. Qaysidir jihatlarda muxlislarimiz tomonga qadam tashlasak, menimcha buni qo‘rqinchli joyi yo‘q. Sogdianani olib kelish uchun kattagina byudjetni yo‘naltirishga to‘g‘ri keldi. Musiqiy guruh, mehmonxona, transport va boshqa xarajatlarni hisobga olganda, bitta kvartiraning puli ketdi”, — deydi “Million” sardori.

U zalda o‘tirgan tomoshibanlar tanloviga yengil qarashga haqi yo‘qligi, “Million” muxlislari eng zo‘r sovg‘alarga loyiq ekanligini ta’kidladi.

“Musiqiy tanaffus, dekoratsiya va boshqa masalalarga panjara orasidan qaragan bir nechta jamoani ko‘rdik. Agar shunday qilinsa, keyin odamlar ham ularga yengil qarashni boshlaydi. 12 yildan beri muxlislarimizni yelkamizda ko‘tarib yurishga tayyor darajada ijod qilyapmiz. Tomoshabin ham bizga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lsin, deymiz. Chunki zaldagi muxlis bizga ishonib kelyapti. U chipta pulini ishlatishiga yuzlab sabablar bor: bolasiga yana qo‘shimcha nimadir qilishi, o‘ziga kiyim sotib olishi, yaxshi restoranga borib taomlanishi mumkin. Lekin u “Million"ning konsertiga kelish tanlovini amalga oshirayotgan ekan, bunga yengil qarashga haqimiz yo‘q. Nazarimda, eng yaxshi muxlislarga eng yaxshi musiqiy sovg‘alar tuhfa etishimiz kerak. Qolgan qiyinchiliklar ikkinchi darajali. “Million” muxlislari eng zo‘rini ko‘rsin, bo‘ldi”, — deydi Davron Kabulov.

Eslatib o‘tamiz, “Million"ning konserti 31-oktyabrga qadar davom etadi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling