Muxlislar orasida: Shoxrux konsertidan fotoreportaj

“Balandda damda, hayot achiganda…” deb ulgʻayganlarning koʻpi hozir kap-katta odamlar, koʻpi bolali ham boʻldi. Lekin ushbu qoʻshiq muallifining tashqi koʻrinishi oʻsha-oʻsha. Koʻpchilikning sevimli reperi boʻlgan Shoxrux 1-noyabr kuni yana konsert berdi. Deyarli 13 ming kishini Humo Arenada yiqqan artist bu safar ham oʻynashga majbur qildi.

Konsertga kelganlarning yoshi turlicha: Shoxruxning eski xitlari bilan ulgʻayganlar ham bor, yangiroq qoʻshiqlarini eshitib uni tanigan maktab oʻquvchilari ham bor. Fanzonada asosan yoshlar, sakrab oʻynayman deb kelgan shoʻx-shodon yigit-qizlar. Bir vaqtlar “Alyo, Sarvar, bratishka, qalesan? Hou, bratan, tinchmi? Salom qani? Sekin-sekin-de, oka” deb yurganlarning aksariyati esa oʻrindiqlarni band qilgandi.

Bu safargi konsert simfonik orkestor bilan toʻliq jonli ijroda boʻldi. Rep va simfonik orkestor — ajoyib juftlik. Ikkisining qorishmasini ijodkorlar yuqori darajada amalga oshirdi, doimiy tarzda bir-birini toʻldirib turdi.

Shoxrux qanday auditoriya toʻplaganini yaxshi tushungan, shekilli, ikkisini ham zeriktirib qoʻymadi. Birda nisbatan yangi qoʻshiqlar, birda eski treklar yangradi. Lekin Shoxruxning darajasi shundayki, uning eski qoʻshiqlari hali ham hit darajada — koʻpchilik yoshlar Shahzoda bilan kuylangan “Qayt”, Sarvar bilan duetdagi “Salom”, “Xato” singli va yana boshqa 2010-yildan oldingi qoʻshiqlarga ham videolar oldi, birga qoʻshilib kuyladi.

Masalan, “Yoroney” qoʻshigʻini butun zal Shoxruxga deyarli kuylatmadi — bu ishni artistning oʻrniga juda yaxshi uddalashdi.
Shoxruxning ba’zi duetdoshlari kelib, konsertda ishtirok etdi. Sevara Nazarxon “Asta Sekin” qoʻshigʻining avj pallasida butun zalni muzlatgan boʻlsa, Izzat Shukurov bilan kuylangan yangi duet tezda yodlab olingani ma’lum boʻldi. Oʻsha mashhur Sarvar esa “Abv”, “Salom”, “Give it up” qoʻshiqlarini sahnadan birga kuyladi.
Shoxruxning konsertini “Xato"siz tasavvur qilish qiyin, toʻgʻrimi? Bu safar konsert dasturi biroz boshqacha tuzilibdi: reper barcha qoʻshiqlarini kuylab boʻldi, hatto har konsert oxirida kuylanadigan “Bot etot bit” qoʻshigʻiga oʻynatdi, dastur yakunlanganini bildiradigan “mushaklar” otildi, Shox sahnani tark etdi. Lekin muxlislar hali ham zalda edi — ular “Xato"ni talab qila boshladi. Shox qaytdi va bu qoʻshiqni butun zal birga kuyladi. Konsertni bunaqa yuqori nuqtada tugatish, muxlislarda “toʻymaganlik hissi"ni uygʻotib tark etish faqatgina Shoxga xos.

Konsert atmosferasini rasmlar orqali yetkazib berishga harakat qildik, qani, pastdagi suratlarni bir koʻring-chi.