“Uchrashardik soylar bo‘yida” - Nilufar Usmonovaning 2025-yilgi konserti qanday o‘tdi? Reportaj

Ustazoda xonanda Nilufar Usmonova 22−26-noyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. “Uchrashardik” nomli dasturda nafaqat qo‘shiqlar, balki sahna dekoratsiyasi va liboslarga ham alohida ahamiyat qaratilgan. Afisha.uz muxbirlari konsertda mehmon bo‘lib, reportaj tayyorladi.

Oxirgi konsertini 2023-yilda namoyish qilgan Nilufar Usmonova bu safar ham noyabr oyida muxlislari oldida ijodiy imtihon topshirishga qaror qildi. Uch blokdan iborat dasturda jami 24 ta tarona jarang sochdi. “Taslim bo‘ldim” qo‘shig‘i bilan boshlangan konsert davomida “Erkalaydi”, “Kel ikkimiz”, “Qaray olasanmi?” kabi so‘nggi yillarda yaratilgan hit taronalar ham ijro etildi. Xonanda o‘nga yaqin ijod mahsullarini sahnada premyera qildi.

“Bu yilgi konsertimga tayyorgarlik jarayonlarini juda erta boshladik. To‘y va marosimlarni deyarli yig‘ishtirib, diqqatimizni konsertga qaratdik. Chunki to‘ylardagi chiqishlar baribir energiya oladi. Konsert kunlari xalqning oldiga chiqib, ularning ishonchini oqlash juda muhim. Jamoa bilan o‘zimizni shunga tayyorlab, asradik. Qizg‘in tayyorgarlik, qilgan harakatlarimizning yarmini sahnada chiqarib bera oldik, mehnatimiz zoya ketmadi, deb o‘ylayman”, — deydi xonanda.

Nilufar Usmonova joriy yilgi dasturda duetlar va milliy qo‘shiqlarga ham katta ahamiyat qaratgan. U surxon va qoraqalpoq xalq qo‘shiqlariga murojaat qilib, ushbu hududlarning milliy liboslarida ko‘rinish berdi. Uyg‘urcha taronasi ham zaldagilar tomonidan iliq qarshi olindi.

U yaqin do‘sti Jamshid Bobojonov, xonandalar Hojiakbar Ro‘zmetov va Aziz Yo‘ldoshev bilan duet taronalar kuyladi.
“Uchala hamkasbimga ham duet taklifini oʻzim berdim. Menga ularning mashhurligi emas, ichki dunyosi va his-tuyg‘ulari muhim. Yillar davomida xalqning oldiga qaysi holatdan qanday darajaga yetib kelgani juda qiziq. Ularning barchasi iste’dodli va juda hurmat qilaman. Do‘stim Jamshid xonandalikka da’vogarlik qilayotgani yo‘q. Muxlislar talabi uchun duet kuyladik. O‘ylaymanki, duetlarimiz xalqimizga albatta, manzur keladi”, — deydi Nilufar Usmonova.

Xonanda Aziz Yo‘ldoshevga ko‘ra, “Anori dona” nomli yangi duet Nilufar Usmonova taklifi bilan yaratildi.
“Estradamiz atirguli Nilufar Usmonova konsert uchun tayyorgarlik ko‘r va zaldagilarni raqsga tushishga majbur qiladigan sho‘x qo‘shiq tayyorla, dedi. Shundan so‘ng, Temur Rahmonov ko‘magi bilan musiqiy sayqal berildi va qo‘shiq paydo bo‘ldi. Duet o‘zimga ham yoqdi. Nilufar opa bilan birga ijod qilishning minusi — tinmay izlanib, mehnat qilasiz, plyusi esa sohangiz bo‘yicha har tomonlama rivojlanasiz. Undagi insoniylik, mardlik va sadoqatni juda qadrlayman”, — deydi u.

Konsertning uchinchi kuni, ya’ni 24-noyabr sanasida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova dasturga tashrif buyurib, qizini guldasta bilan tabrikladi va sahnada “Onamga aytmang” qo‘shig‘ini ijro etdi. Nilufar Usmonova bu haqda shunday dedi:
“Ayamni kelishi syurpriz bo‘ldi. Uni sahnada ko‘rib, yosh bola bo‘lib qoldim, bolalik davrimga qaytib, o‘zimni qo‘yib yubordim. Ayam gul berib, quchoqlaganidan keyin „Mana, mikrofoningni ol-da, yana xizmatingni qil“, deya meni yig‘ishtirib qo‘ydi (kuladi). Har bir farzandning baribir onasi bo‘lsin, onalarimizning umri uzun bo‘lsin. Ona kelganida, o‘zingni boshqacha his qilasan. Tushuntirib bo‘lmaydigan tuyg‘ular to‘lqinlanadi. Buni onasi borlar juda yaxshi tushunadi”, — deydi xonanda.
“Menimcha, baxt va muvaffaqiyat siri ortga chekinmaslikda. Ya’ni inson yiqildimi turib, manzilida davom etishi kerak. Maqsadingizga yetib bormagan bo‘lsangiz, har yiqilib turganingizda, o‘zingiz bilmagan maqsadlarga ham erishasiz. Hayotda hamma yiqilib, qoqiladi, ammo muhimi yengilmaslik kerak”, — deydi Nilufar Usmonova.

Nilufar Usmonova bu gal ham sahna liboslariga alohida urg‘u berib, har bir blokda hashamdor ko‘ylakda sahnaga chiqdi. Konsertda raqslarni an’anaga ko‘ra, baletmeyster Zarina Ahmedova rahbarligidagi “Navro‘z” raqs ansambli yigit va qizlari ijro etdi.
Konsertga xonandaning farzandlari, yaqinlari va hamkasblari mehmon sifatida tashrif buyurdi.