“Ummon”chi Shohrux bilan duet, 10-yubiley konsert va xit qo‘shiqlar: “Benom”ning kino-konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 506
“Ummon”chi Shohrux bilan duet, 10-yubiley konsert va xit qo‘shiqlar: “Benom”ning kino-konsertidan reportaj

Yoshlar orasida taniqli va sevimli guruhga aylangan “Benom” ijodkorlari 27−30-noyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi konsertini taqdim etdi. “Sen uchun” nomli kino-konsertda 20 ga yaqin xit taronalar jonli ijro qilindi. Afisha.uz muxbirlari dasturdan reportaj tayyorladi.

Yaqin yillardan buyon noyabr oyining so‘nggi kunlarida konsert berishni odatda aylantirgan “Benom” guruhi 2025-yilning kuzida ham an’anani takrorladi. 27−30-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan jonli ijrodagi kino-konsert “Erkalay” taronasi bilan boshlandi.

Ikki soatdan ziyod vaqt davom etgan dasturda katta ekranda melodrama janridagi film namoyish etildi. Uning orasida jami 18 ta qo‘shiq kuylandi. Taronalarning deyarli barchasi xitga aylangan ijod mahsullari bo‘lib, faqat ikkita qo‘shiq ilk bor sahnada jarang sochdi.

O‘zbek shou-biznes olamiga “Qizaloq” qo‘shig‘i bilan kirib kelgan va mashhurlikka erishgan “Benom” guruhi 2010-yilda sinfdosh do‘stlar Sarvar va Komil ishtirokida tashkil topgan. Ular ilk yakkaxon konsertini 2017-yilda taqdim etgan. Pandemiyadan so‘ng yilda ikki marta konsert qo‘yib kelayotgan guruh joriy yil 10-konsertini ommaga havola qildi.

Konsertda “Ummon” guruhi a’zosi Shohrux bilan duet ham ijro etildi. Unda har ikki guruh vakillari “Yomg‘ir” taronlarini kollaboratsiya qilgan holda kuyladi.

“Duet taklifi “Benom"dan chiqdi. Bundan esa albatta, xursand bo‘ldim. Duet tarona juda bir chiroyli kombinatsiya bo‘ldi va muxlislarga ham yoqdi, deb o‘ylayman. Ijodimizni bir davrda boshlaganimiz uchun qo‘shiqlarimiz bir-biriga yaqin. Ammo hech qachon raqobatchi sifatida qaramaganmiz. Hatto shu kungacha ham bunday fikrda ijod qilmaymiz. Sarvar va Komil akalarning o‘zini va ijodini juda qadrlaymiz”, — deydi Shohrux.

“Guruhimiz bu yil 10-konsertini taqdim etyapti. Yubiley konsertda zaldagilar uchun kutilmagan va esda qolarli yangilik qilish maqsadida Shohruxga duet aytish taklifi bilan chiqdik va u rozi bo‘ldi. Ikkala guruhning ham yomg‘ir mavzusidagi eng ommabop qo‘shiqlaridan foydalangan holda duet qildik. Bizlarda muxlislar kontingenti deyarli bir xil, qolaversa, muxlislarimiz orasida ham „Ummon“ guruhini sog‘inganlar bor edi. O‘ylaymanki, bu hamkorlik barchaga ma’qul keldi”, — deydi Sarvar.

Yilda ikki marta konsert taqdim etishni an’anaga aylantirgan “Benom” guruhining bu safargi dasturida ham sozandalarga alohida ahamiyat qaratilgan. Bu esa konsertning jozibadorligiga albatta, ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

“Bu galgi konsert kutganimizdan ham a’lo darajada o‘tdi. Muxlislarimizni sevamiz, ular kamchiliklarga qaramay, bizni har doim qo‘llab-quvvatlaydi. Menimcha, kino-konsert hammaga yoqdi va uni tarmoqlarda ham taqdim etamiz”, — deydi Komil.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling