“Bugun hamma jam, bo‘linglar xotirjam” – Rayhonning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi?

E’lon qilingan sana· 3 743
“Bugun hamma jam, bo‘linglar xotirjam” – Rayhonning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi?

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva 23−26-yanvar kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsert dasturini namoyish etdi. Afisha.uz muxbirlari Rayhon shou’dan reportaj tayyorladi.

Har bir konsertini o‘ziga xos va shou ko‘rinishida o‘tkazadigan Rayhon bu safar sahnaga mototsiklda chiqib, dasturni “Tabassum qil” taronasi bilan boshladi. Shundan so‘ng muxlislarini sog‘ingan xonanda zaldagilar bilan salomlasharkan, shunday dedi:

“Men sizlarni juda ham sog‘indim. 733 kun! Men sizlarni 733 kun ko‘rmadim. Lekin menga xatlar yozdingiz, kutdingiz. Sizning muhabbatingiz meni bu sahnaga olib keldi. Chunki san’atkor sahnasiz yashay olmaydi. Men esa sizlarsiz yashay olmayman. Har biringizga alohida minnatdorlik bildiraman. Qanot berganingiz uchun sizga ta’zim qilaman”.

Besh blokdan iborat konsertda Rayhon 20 dan ziyod taronani jonli ijroda kuyladi, ularning deyarli barchasi retro qo‘shiqlar bo‘lib, faqat “Pora-pora” nomli ijod mahsulini premyera qildi xolos.

U bu gal ham o‘zgacha va yorqin liboslarda sahnaga chiqdi. Dizayneri Iroda Agzamxo‘ja va stilistlariga katta minnatdorlik bildirdi.

Xonanda hamkasbi Xamdam Sobirov bilan “Yomg‘irlarda” va “Qizil ko‘ylagim” duetini ijro etdi. Shuningdek, “Benom” guruhi ijodkorlari tomonidan Rayhon uchun yaratilgan “Parvoz etay”, “Izlama” kabi hit qo‘shiqlar Sarvar va Komil bilan birgalikda caver-popuri uslubida kuylandi. Konsertda DJ King Macarella ham chiqish qildi.

Xamdam Sobirov Afisha.uz`ga intervyu berarkan, Rayhon bilan yana bir qancha duetlar ijro etish niyati borligi va yangi albom yozish rejalashtirilganini ta’kidladi.

“Rayhon xalqimizning muhabbatini qozongan san’atkor. Shuning uchun uning konserti hech qachon yomon bo‘lmagan. Bu safargi dasturga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rganini har bir tomoshabin his qildi, deb o‘ylayman. Raqqosalar, sozandalar, umuman jamoada charchoqni sezmadim. Agar konsert kunlariga yana sana qo‘shilganida, davom etaverardi. Muxlislarning mehr-muhabbati jo‘sh urib, ular olqishlab tursa, bu har bir ijodkorga quch-quvvat beradi, charchadim, demaydi. Rayhon har tomonlama betakror inson. U barcha bilan hamisha samimiy, manfaatsiz va qalban suhbat quradi. Shu fe’l-atvorini qadrlayman”, — deydi Xamdam Sobirov.

“Rayhon bilan birga duet kuylashni 10 yildan beri reja qilamiz. Lekin bizning vaqtimiz bo‘lganida u band bo‘ladi, uning vaqti borligida biz bekor bo‘lmaymiz. Vaqtimiz to‘g‘ri kelmayapti. Ammo bu gal hamma ishlarni yig‘ishtirib, duetga qo‘l urishga kelishib oldik”, — deydi “Benom” guruhi vakili Sarvar.

Rayhonning yaqin do‘sti, u ijro etgan “Orzuga ishon”, “Tabassum qil”, “Bilmagandim” singari ko‘plab qo‘shiqlar muallifi Yakzon 2007-yildan buyon Rayhon konsertlarida uning yonida ekani va qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

“O‘zbekistonda shou konsert qo‘yish bo‘yicha birinchi raqamli ijodkor. Rayhon har doim yangilik qiladigan, trendlardan qolmaydigan san’atkor”, — deydi xonanda Yakzon.

“Rayhonni inson sifatida ham juda hurmat qilaman: samimiy va ko‘ngliochiq ayol. Uning ovozida „xripota“ bor, ya’ni ovoz tembri o‘ziga xos va taniqli. Rayhonni afsonaviy ijodkor, deb bemalol ayta olaman. Har bitta qo‘shig‘i hitga aylanadi, konsertlariga ham o‘zgacha yondashib, shou darajada o‘tkazadi. Shu sababli uning ijodiy kechalarini intiqib kutadiganlar juda ko‘p. U har yili konsert taqdim etishi kerak”, — deydi boshlovchi va bloger Xusnora Shodiyeva.

“Boshqa konsert bermaslikka qaror qilgandim. Biroq muxlislarim juda ko‘p iltimos qildi, Instagram orqali minglab xabarlar oldim. Bu esa menga ilhom va kuch berdi, konsert berishim kerakligini tushundim. Shuncha muxlislarimning xohishini javobsiz qoldirolmadim. Konsert juda zo‘r o‘tdi, deb o‘ylayman. Mening muxlislarim baribir boshqacha. Ularni meni yaxshi ko‘rishganidan-da ko‘proq yaxshi ko‘raman, ko‘proq sevaman va hurmat qilaman. Lekin endi har yili konsert beramanmi, yo‘qmi, hali bilmayman”, — deydi Rayhon.

Xonanda “Sevgi siz uchun nima?, degan savol javob berarkan, “Sevgi — Alloh va mening hayotim. Sevgi — bu oilam va muxlislarim”, — deya javob qaytardi.

U konsertdan keyin bolalariga ko‘proq vaqt ajratishini ta’kidladi. “Men faqat xonanda emasman, onaman va oilam bor. Shu sababli farzandlarim bilan ko‘proq vaqt o‘tkazmoqchiman”, — deydi Rayhon.

Konsertdan fotosuratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling