“Maqsad - kimo‘zarlik uchun konsert qo‘yish emas”. Imron konsertiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

“Yomon qiz” qo‘shig‘i bilan o‘zbek shou-biznesida mashhurlikka erishgan xonanda Imron 6−8-fevral kunlari “Xalqlar do‘stligi” saroyida yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. U “Hech kimga bermay sevaman” nomli dasturidan oldin jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, konsertga bu yil ham ko‘plab ommaviy tadbirlar rejissyori sifatida tanilgan ijodkor Asqar Xolmo‘minov rejissyorlik qilmoqda. Raqslarni esa “Toshkent zebolari” ansambli jamoasi ijro etadi.
Nega ikki yilda bir konsert beradi?

Asqar Xolmo‘minov, konsert bosh rejissyori:
— Bu Imronning yakkaxon xonanda sifatida taqdim etayotgan uchinchi konserti hisoblanadi. Avvalgi ikkita konsertida ham birga hamkorlik qilganmiz. Meni quvontirgani shuki, har safar konsert reja qilinayotganda Imron g‘oya ustida ko‘p gaplashadi. “Bu safar nima deymiz, zaldagi tomoshabinlarga qanday g‘oyani beramiz?”, degan masalani birinchi o‘ringa qo‘yadi. Biz qo‘shiqlar ketma-ketligini o‘zimizdan o‘zimiz tayyorlayotganimiz yo‘q. Qo‘shiqdan qo‘shiqqa qanday o‘tilishi, biz o‘ylagan g‘oyagacha qay tariqa borlishi har doim muhimdir.

Shuningdek, Imron har bitta konsertida bir qancha qo‘shiqlarini aktyorlar ishtirokida teatrlashtirishga katta ahamiyat qaratadi. Bu esa muxlislarga ham juda ma’qul keladi va ijobiy fikrlar eshitamiz. Bugungi kunda aksariyat konsert va to‘ylar shou ko‘rinishida bo‘lib, quloqni qomatga keltiradigan darajada shovqin-suronli o‘tadi. Shunday bir davrda Imron o‘zining sokin, inson qalb-qo‘rigacha yetib boradigan taronalar yaratayotgani va konsertlari orqali muxlislariga ma’naviy ozuqa berishga harakat qilayotgani quvonarli holat, deb o‘ylayman.

Imron:
— Vaqt masalasi borligi uchun ham ikki yilda bir konsert berish men uchun odat bo‘lib qolgan. Konsert berish oson emas, yugur-yuguri ko‘p. Undan ko‘ra to‘ylar va tadbirlarga chiqib, xalq xizmatida bo‘lish bizga foydaliroq. Buni ko‘pchilik yaxshi biladi. Ammo qaysi viloyatga ijodiy safar bilan bormay, muxlislar konsert berishimni so‘raydi, ularning talabi bilan konsert qo‘yaman.
Bu yilgi konsertda umuman erkak xonandalar tomonidan ijro etilmagan real voqelik asosida katta mavzuni olib chiqyapmiz. O‘ylaymanki, bu sensatsion mavzu bo‘ladi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zimiz ham shu holatga tushib qoldik va undan ta’sirlanib asar qildik. Bu asarimizdan ham umidimiz katta.

Faoliyatim davomida to‘rtta duet aytganman: turk san’ati afsonasi Ibrohim Tatlisasning qizi bilan, ustozimiz Yulduz Usmonova, o‘rtog‘im Milena Madmusayeva va singlimiz Durdona Qurbonova bilan duet ijro qilganman. Konsertda ulardan biri bilan duet aytishni reja qilganmiz.
— So‘nggi yillarda jonli ijroda konsert beradigan xonandalar ko‘paydi. Bu odamni xursand qiladi, albatta. Konsertingiz afishasida yozilganki, dastur fonogrammada o‘tadi. Sizning ovoz imkoniyatlaringiz jonli ijroga ham bemalol yetadi, deb aytish mumkin. Lekin qo‘shiqlar nega fonogramma orqali ijro etiladi?
— Jonli ijroning ham mas’uliyati bor. Shu sababli birinchi konsertimda cho‘chiganman va taronalarning 30 foizini jonli ijroda kuylaganman. Ikkinchi konsertimda bu 45 foizga oshdi. Bu yilgi dasturning ham 40 foiz qismi jonli ijroda o‘tadi. Barcha jonli ijrolarda zaldagi muxlislarim ham qatnashadi, buni inkor etib bo‘lmaydi. Muxlislar bilan birga kuylash ham boshqacha zavq beradi.
Asqar aka 100 foiz jonli ijroda qilaylik, muammo yo‘q-ku, deb aytdi. Ammo men rozi bo‘lmadim, bunga hech qanaqa bahonalar yo‘q. Shunchaki o‘zimning ham, boshqalarning ham jonli ijrosidan haligacha ko‘nglim to‘lmaydi. Jonli ijro endi jonli ijroda, u boshqacha narsa. Uch soatlab to‘y va tadbirlarda, xalq xizmatlarida jonli ijro aytganman, shunday holatlar ham bo‘lgan. Lekin to‘y va uning sifati boshqa, konsert boshqa. Balki to‘liq jonli ijroda konsert berish vaqti ham kelib qolar…
“Maqsad — kimo‘zarlik uchun konsert qo‘yish emas”
— Bugun o‘zbek xonandalari orasida eski hit qo‘shiqlari bilan konsert taqdim etish urfga kirdi. Ushbu ijodiy kechangizda nechta taronani premyera qilmoqchisiz?
Imron:
— Biz va siz bilgan dunyodagi butun qo‘shiqchilar, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar, har birining umri davomida kuylagan qo‘shiqlari 200 ta ham chiqmaydi. Bitta albom bilan 15−20 yil konsert berishadi. Men uch oyda yuzlab qo‘shiq yozib berishim mumkin. Bu “Men oldindaman, men zo‘r ijodkorman”, degani emas. Bizning maqsad — kimo‘zarlik uchun konsert namoyish etish emas. Ammo muxlislar Imronni tanitgan qo‘shiqlarni eshitib, birga kuylash uchun konsertga keladi. Premyera qilinadigan qo‘shig‘imni tinglash uchun keladiganlar deyarli yo‘q.
Har bitta konsertimda o‘ndan ziyod xalqimiz sevgan qo‘shiqlarimni ijro etaman. Uchinchi blokda jonli ijro bo‘ladi, zaldagilar bilan birga kuylanadi. Konsert o‘z nomi bilan shunaqa bo‘lishi kerak, nazarimda. Qo‘shiqni odamlar birga kuylashi kerak. Albatta, eksklyuziv kelgan muxlislar hurmati uchun yangi mavzulardagi taronalar ham bo‘ladi. Ammo 100 foiz yangi qo‘shiqlar bilan konsert qo‘ymayman, buni oldindan aytaman.
Asqar Xolmo‘minov:
— Har gal konsert repertuarini shakllantirish jarayonida qaysi qo‘shiqni tanlashga ikkilanib, ko‘p baxslashamiz. Men imkon qadar hit darajasiga chiqqan eng sara ashulalarni ro‘yxatga kiritaylik, deyman. Chunki muxlislar o‘ziga yod bo‘lib ketgan taronalarni eshitish uchun chipta harid qiladi. Yoshi keksa muxlislarning ayrimlari konsert paytida o‘ziga yoqqan qo‘shiqni yana kuylab berishini ham so‘raydi. Shu bois ommaga yod bo‘lgan qo‘shiqlarni repertuarga kiritamiz. Imron ikki yil ichida konsert qo‘ymagan bo‘lsa-da, ammo o‘nlab taronalarini kliplari bilan xalqqa taqdim etdi. Shu davr ichidagi qo‘shiqlarni ham konsert orqali muxlislar qalbiga singdirish kerak. Lekin yangi taronalar ham albatta, bo‘ladi. Biroq asosan, hit qo‘shiqlar ijro etiladi.

Imron:
— Hamma san’atkorning o‘z yo‘li bor, buni to‘g‘ri tushunish kerak. Shou-biznes uchun ijod qilish bor, trend uchun ijod qilish bor va san’at uchun ijod qilish bor. Trend qo‘shiqlarning umri uch oyga ham bormayapti. Men bunday ijod qilishni xohlamayman. Bu soha bo‘yicha 15 yil tahsil olganman. Agar iste’dodim bo‘lmaganida, bir kun ham qolmasdim shou-biznesda, boshqa ish qilardim. O‘zimning pozitsiyam bor. 10 yildan keyin ham “Seni bugun…”, deganda xalqimiz “…ko‘rmasam bo‘lmas…”, deyishini istayman. O‘z strategiyam bo‘yicha ketyapman. Uch oydan keyin unutiladigan qo‘shiq yaratishni xohlamayman.
“Dekoratsiya hech narsani hal qilmaydi”
— O‘zbek shou-biznesidagi konsertlarda kimo‘zarlik avj olyapti, ya’ni qimmatbaho dekoratsiyalar, chiroqlar, xorijlik mutaxassislarni olib kelish, xatto ayrim xonandalar qancha pul sarflanganini aytib ham chiqyapti. Siz bu dasturingizda ko‘proq nimaga e’tibor bermoqchisiz?
— Ayol hamkasblarimning to‘rt-besh xil libosda sahnaga chiqishini qo‘llab-quvvatlayman. Haqiqatdan ular uchun har xil obrazda ko‘rinish berishi muhim va buni to‘g‘ri, deb o‘ylayman. Erkak xonandalar esa muxlislar hurmati ikki xil obrazda sahnaga chiqamiz, bizga qolsa, bitta kostyum-shimda ham konsert beraveramiz (kuladi).
Dekoratsiya ham kerak, uni inkor qilmayman, ammo me’yor bo‘lishi lozim. Bir tarafdan o‘ylasangiz, dekoratsiya hech narsani hal qilmaydi, hamma biladi buni. Oddiy parda bilan ham 10 kunlab konsert bersangiz bo‘ladi, muammo yo‘q. Gap har bir xonandaning orzu-havasida. Hamma o‘z xohishi va imkoniyatidan kelib chiqadi, bu ham normal holat. Ammo kimo‘zarlik bo‘lishi noto‘g‘ri. Barchamiz alohida-alohida ijodkormiz. Aslida raqobat degan tushuncha ham yo‘q, men shunaqa o‘ylayman. Yo‘q, raqobat. Imron — bu alohida olam va ijodkor, boshqa xonanda ham alohida dunyo. Hech kim bir-biriga o‘xshamaydi. Lekin orzu-havas bor: zo‘r dekoratsiya va zo‘r ijod bo‘lsa, hamma narsani zo‘rini qilsa… Bularning barchasi kimo‘zarlik yoki maqtanish uchun emas, faqat muxlislarga tuhfa taqdim etish niyatida qilinsa, buni qo‘llab-quvvatlayman.

— Ko‘p qo‘shiqchilar konsert berib, moddiy foyda topmayman, aksincha, qarzga kiraman, deydi. Imron yakkaxon konsert dasturlaridan foyda oladimi yoki zararda chiqadimi?
— Konsertdan daromad qilsa bo‘ladi. Lekin men ham buni tajriba orttirgach, endi-endi sezyapman va tushunyapman. Bu safargi konsert chiptalarining 80−90 foizi ikki oy ichida sotilib bo‘lingan. Odamlar pulga ham bilet topa olmasa-da, ammo men qarzga kirib tursam, bu juda alam qiladi. Kechirasiz, mehnat qilyapman, izlanyapman. Men bilan birga yuzlab odam ishlayapti. Ularning ham tirikchiligi bor. Xudo xohlasa, konsertdan olinadigan daromaddan umidimiz katta.

Shuni alohida aytishim kerakki, konsert xarajlari ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Sozandalar, raqqosalar, aktyorlar, chiroq va ovoz ustalari, dekoratsiya, piar uchun video va bannerlar tayyorlash hamda ularni shahar ko‘chalaridagi monitorlarda aylantirish kabi pulli masalalar ham bor.