28 yillik dastur: “Aziz va muqaddassan, ayol” gala-konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 1 274
28 yillik dastur: “Aziz va muqaddassan, ayol” gala-konsertidan reportaj

“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida 1−5-mart kunlari an’anaviy “Aziz va muqaddassan, ayol” gala-konserti bo‘lib o‘tdi. 28 yildan beri 8-mart bayrami arafasida o‘tkazib kelinayotgan ushbu dastur joriy yil ham taniqli san’atkorlar ishtirokida qiziqarli kechdi. Afisha.uz muxbiri konsertdan reportaj tayyorladi.

“Aziz va muqaddassan, ayol” konserti muallifi va rejissyori Sa’dulla Abdullayevning ta’kidlashicha, 1999-yilda tashkil etilgan loyiha xotin-qizlar tufayli shuncha yildan buyon to‘xtamay davom etib kelmoqda.

“Bu tadbirni 28 yildan beri o‘tkazib kelyapmiz. Menimcha, ayollarimizga, umuman, xalqimizga juda yoqayapti. Pandemiya davrida yurtimizdagi ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmadi. Lekin o‘sha paytda ham bizning konsert to‘xtagani yo‘q. Ushbu loyihani yo‘lgan qo‘yganimizdan buyon ko‘plab iste’dodlarni kashf qildik, bu dastur orqali ilk bor katta sahnaga qadam qo‘ygan xonandalar ham ko‘p. Bugungi kunda ularning deyarli hammasi taniqli san’atkorga aylangan”, — deydi u.

“Mazkur an’anaviy konsertga san’atkorlarni ko‘ndirishda qiyinchiliklar bo‘lmaydi. Ularning ko‘pi bilan qadrdonmiz. Hech qachon san’atkorlarni majburlab chaqirmaymiz. Aksincha, ko‘pchiligi yangi qo‘shig‘i bilan keladi, ayrimlariga aranjirovka masalasida yordam beramiz. O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva she’ri asosida yaratilgan „Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol“ qo‘shig‘ining aranjirovkasini Sultonali Rahmatov qilgan. Shundan keyin u bilan birgalikda judayam ko‘p taronalarga sayqal berib, yana qayta shu konsertda taqdim etganmiz. Bu yilgi konsertda albatta, Sultonalini o‘rni bilinyapti, oxirati obod bo‘lsin ilohim”, — deya qo‘shimcha qildi Sa’dulla Abdullayev.

O‘tkir Muhammadxo‘jayev, aktyor va boshlovchi:

“Bu loyiha boshlanganida yosh bola edik. Bunda Mirzabek Xolmedov, Obid Asomov, Botir Muhammadxo‘jayev, Sobit Asomov kabi ustozlar ham qatnashgan. Bu konsertda tirikchilik qilib bo‘lmaydi, pul uchun xizmatga kelinmaydi. Bu faqat obro‘-e'tibor uchun, ayollarga bo‘lgan hurmat uchun kelinadigan loyiha, hamma shunaqa qabul qilgan. 22 yildan buyon shu qoida bilan boshlovchilik qilib kelyapman. Rejissyor Sa’dulla Abdullayev telefon qilib, „Muqaddas ayol konsertiga seni lozim ko‘rdim“, desa, demak, o‘sha san’atkor baxtli inson hisoblanadi, uning qo‘shig‘i ommabop, fikri odamlar uchun qiziq bo‘ladi. Shu sababli bu konsertga kelmagan san’atkorning o‘zi yo‘q. Bu yil ham anchagina hamkasblarimiz ayollarga xizmat qilyapti”.

“Bu konsertda qatnashayotganimga salkam 20 yil bo‘ldi. Ba’zi yillarda turli sabablar bilan qatnasha olmay qolishim mumkin, ammo deyarli har yili ishtirok etaman. „Bu mening onam“ taronasi chiqqanidan boshlab, har gal muxlislar talabi bilan uni ijro etaman”, — deydi xonanda Malika Ravshanova.

Yahyobek Mo‘minov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

“Salkam 30 yildan buyon har mart oyining boshida „Zamin“ studiyasi tomonidan tayyorlanib, xalqimizga namoyish etiladigan ushbu konsertda ko‘plab ustozlarimiz ishtirok etib keladi. Men ham ularga havas qilib, 15 yildan beri qatnashaman. Bu dastur ijodimda yuqori o‘rinda turadi. Bahor yangilanish, yasharish fasli bo‘lgani uchun mening ham ijodimda yangilanish bo‘ladi. Har yili onajonlarimiz, opa-singillarimiz uchun yangi qo‘shiqlar yaratib, shu sahnada premyera qilishni odatga aylantirganman. Bu yil „Maysalar nish urib kelganda bahor“ deb nomlangan yangi qo‘shig‘imni kuylayapman”.

Konsertda O‘zbekiston xalq artistlari G‘ulomjon Yoqubov, Jenisbek Piyazov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Yahyobek Mo‘minov, Dilnoza Ismiyaminova, To‘lqin Jabborov, Sayyora Qoziyeva, xonadalar Faruh Fazel, Mirodil Hakimov, Mustafo, Malika Ravshanova, Doniyor G‘oipov, Mirjalol Ne’matov, Gulasal Abdullayeva va boshqalar ishtirok etdi.

Dasturga Shukurullo Isroilov, Muzaffar Mirzabekov, Zokir Ochildiyev, O‘tkir Muhammadxo‘jayev va Olimjon O‘razovlar boshlovchilik qildi.

Tomosha konsert madhiyasiga aylangan “Aziz va muqaddassan, ayol” qo‘shig‘i bilan yakunlandi. Konsertdan tayyorlangan videoreportajni YouTube’da tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling