Fil ustida kuylagan Ozoda Nursaidovaning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi? Reportaj

E’lon qilingan sana· 185
Fil ustida kuylagan Ozoda Nursaidovaning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi? Reportaj
Foto: Afisha.uz / Mirolim Isajonov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidova 13−22-may kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. 10 kun davomida to‘liq jonli ijroda o‘tgan dastur o‘ziga xos shou ko‘rinishida tashkil etildi. Afisha.uz muxbiri Markaziy Osiyo pop-divasi, deya e’tirof etiluvchi Ozoda Nursaidova konsertidan reportaj tayyorladi.

O‘zbek pop-musiqasining yorqin namoyondalaridan biri — xonanda Ozoda Nursaidova bu galgi konsertiga har tomonlama jiddiy tayyorgarlik ko‘rganini sezish qiyin emas. Dasturni taniqli boshlovchi Jamshid Umrzoqov olib bordi. Raqslarni Parizoda Safarova rahbarligidagi “Parizod” raqs ansambli vakillari ijro etdi. Parizodaning o‘zi ham “To‘ylar muborak”, “Ketma”, “Xorazm lazgisi” qo‘shiqlariga yakka raqsga tushdi.

Olti blokdan iborat konsertda Ozoda Nursaidova o‘ziga xos obrazlar bilan sahnaga chiqdi. U joriy yil liboslari bo‘yicha dizayner Dildora Qosimova bilan hamkorlik qilganini ta’kidladi. Shuningdek, dunyo brendlaridan ham foydalanganini qo‘shimcha qildi.

Dastur davomida jami 25 ga yaqin tarona kuylandi. Ularning deyarli barcha yigirma yillar avval xitga aylangan qo‘shiqlardir. Bundan tashqari, bir qancha yangi ijod mahsullarini premyera qildi. Xususan, “Ota” va “Singlim” taronalari zaldagilar tomonidan iliq qarshi olindi.

Avaz Oxun bilan “Andijonlik bezori” dueti

Konsertda qiziqchi Avaz Oxun qaynona-kelin mavzusidagi ayrim masalalarni yumor orqali nishonga urib, zaldagilarga kulgu ulashdi. U Ozoda Nursaidova bilan birga “Andijonlik bezori” qo‘shig‘ining davomini hazilomuz talqinda kuyladi. Tarona Ozoda Nursaidovadan yoshi kichik bo‘lishiga qaramay, unga ko‘nglini ochayotgan andijonlik yigit — Avaz Oxun haqida.

“Duet aytish g‘oyasi mendan chiqdi. Konsertda o‘ziga xos yangilik bo‘lsin dedim va shoir Mirzo Karimga she’r buyurta qildim. Ozoda opaga taklif va she’r ma’qul kelib, buni qo‘llab-quvvatladi hamda o‘zi musiqa bastaladi. Nazarimda, bu hazilomuz duetimiz xalqimizga manzur keldi, deb o‘ylayman. Chunki 10 kun damomida hamma raqsga tushdi. Jonli tarzda kuyladim. Qiyinchilik bo‘lmadi, sababi o‘zimning konsertlarimda ham ora-sira jonli kuylab, hazillar qilaman. Ammo katta san’atkor bilan duet kuylashning o‘ziga yarasha mas’uliyati va yuki bor. Mirzabek Xolmedov ustoz ham Ozoda opa bilan duet aytgan, Obid Asomov ustoz Yulduz Usmonova bilan kuylagan. Men ham shu an’anani davom ettirib qo‘yay dedim”, — deydi Avaz Oxun.

Orkestr ishtirokidagi konsert

Ozoda Nursaidova O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri bilan bu galgi konsertida ham hamkorlik qildi.

“O‘zim va orkestr jamoasi bu formatdagi konsertlarda juda kam ishtirok etamiz. Ammo uch yildirki, Ozoda opaning konsertlarida birga hamkorlik qilyapmiz. Ular bilan ishlash juda maroqli. Uni o‘z kasbining o‘ta professionali, har bir detalga mehr, sinchkovlik va talabchanlik bilan yondashadigan kam sonli san’atkorlardan biri deyish mumkin. Ozoda opani musiqaga va jonli ijroga nisbatan munosabatini juda hurmat qilaman, shu sababli ham birga ishlashga har safar rozilik bildaraman”, — deydi taniqli dirijyor.

“Bu yilgi konsertga bir oy tayyorgarlik ko‘rdik. Ozoda opa avvalo o‘ziga, qolversa, atrofidagilarga ham juda talabchan. Repetitsiya jarayonlarida ko‘rdimki, har bitta masala: raqs, ovoz, chiroq, dekoratsiya, liboslar hammasini birma-bir surishtirib, nazorat qilib bordi. Ozoda opaning ijodi va mehnat mahsulini xalqqa ko‘rsatishga qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. Mendan tashqari, yuzdan ortiq sozanda va xor artistlari bir vaqtning o‘zida mazkur konsertda birga ishladi”, — deya qo‘shimcha qildi Kamoliddin O‘rinboyev.

Bollivud atmosferasi

Ijodiy kechada Ozoda Nursaidova nafaqat o‘z repertuaridagi o‘zbekcha qo‘shiqlarni kuyladi, balki fransuz va italyan xalq qo‘shiqlariga ham murojaat qildi. U konsertning so‘nggi blokida fil ustida o‘tirgan holda “Ketma” taronasini aytib, sahnada ko‘rinish berdi. “Havas” guruhi a’zolari Ozoda Nursaidova bilan birgalikda “Ko‘k jiguli"ni yarim hindcha, yarim o‘zbekcha talqinda ijro etdi. Bollivud atmosferasi muxlislarda unutilmas taassurotlar qoldirgani shubhasiz.

“Hind musiqalari, filmlar saundtrekini orkestr jamoasi jonli chaldi. Juda qiyin, murakkab kuylar edi. O‘zimni Bollivudda turgandek his qildim. O‘zbek raqqosalari ham juda iqtidorli. Ayniqsa, Parizodaning ijrolari nafaqat menga, zaldagi mehmonlarga ham yoqyapti”, — deydi Ozoda Nursaidova.

Ko‘proq suratlarni quyida tomosha qilish mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Fil ustida kuylagan Ozoda Nursaidovaning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi? Reportaj — Toshkent Afishasi