“Qo‘qonlik”. Jaloliddin Ahmadaliyevning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi? Reportaj

Taniqli estrada xonandasi Jaloliddin Ahmadaliyev 28−31-may kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etdi. Afisha.uz muxbiri to‘liq jonli ijroda o‘tgan “Qo‘qonlik” nomli dasturdan reportaj tayyorladi.
37 ta tarona ijro etildi

Har bir konsertini oddiy o‘tkazishga odatlangan xonanda bu safargi ijodiy kechasida ham asosiy urg‘uni jonli ijroga qaratdi. U 2 ta blokdan iborat konsertda jami 37 ta tarona kuyladi. Ularning aksariyati xit darajasiga yetgan qo‘shiqlar bo‘lib, ba’zilari premyera qilindi. Dasturda duet qo‘shiqlar ham, boshlovchi ham bo‘lmadi. Salkam uch soat davomida Jaloliddin Ahmadaliyevning o‘zi qo‘shiq aytdi. Bir blokdan ikkinchi blogga o‘tishda, ya’ni xonanda libosini almashtirayotgan vaqtda uning shogirdlari sahnada chiqish qildi.
“Bu yil konsertda boshlovchi yo‘q. Boshidan oxirigacha faqat o‘zim qo‘shiq aytyapman. Charchab qolmasligim uchun dasturni to‘rt kun qildik. Repertuar shakllantirish jarayonida juda qiynaldik. Qo‘shiqlarimning ko‘pini xalqimiz sevib tinglagani sababli jami 37 ta tarona ijro etishimga to‘g‘ri keldi”, — deydi Jaloliddin Ahmadaliyev.

Xonanda konsertdagi imiji haqidagi savolga izoh berarkan, sahnada oddiy libosda o‘zini qulay his qilishini ta’kidladi.
“To‘ylarga borganda albatta, kostyum-shim kiyamiz. Lekin u yerda ko‘pi bilan o‘nta qo‘shiq bo‘ladi. Ammo konsertda 30 tadan ortiq tarona aytyapman. Jonli ijroda bo‘lgani uchun ham tez terlayapman, kiyimlar ho‘l bo‘lib ketadi. Bunday paytda kostyum-shim kiyish noqulay, deb o‘ylayman. Shuning uchun konsertga qulay va oddiy liboslar tanlayman. Kiyimning narxi yoki mashhur brendlar mahsuloti men uchun muhim emas, bunga uncha qiziqmayman. Arzon kiyimda yursam ham uyalmayman. Muxlislar bizni tomosha qilish uchun emas, balki qo‘shig‘imizni eshitib, dam olgani keladi-ku”, — deydi u.
Jaloliddin Ahmadaliyevning so‘zlariga ko‘ra, dasturda muxlislar “Qo‘qonlik” va “Yetmasmidi?” taronalarini eng ko‘p so‘ragan.
“Humo Arena’da ham konsert qo‘yishni maslahatlashib, reja qilib yuribman. Ammo bir narsa o‘ylantiryapti: muxlislarimning ko‘pi katta avlod vakillaridan iborat. Ular majmuada sovuqda va tik holatda ko‘p tura olmaydi baribir. Shu yilning hisobidan kuzda yana konsert taqdim etish niyatim bor. Balki Humo Arena’da bo‘lar, ammo hali aniq bir qarorga kelganimiz yo‘q. Shuningdek, yaqin kunlarda Amerikada, yil oxirigacha Turkiyada ham konsert qo‘yishni reja qilganmiz”, — deydi u.
Xonanda bu yil “Mo‘jiza” raqs ansambli bilan hamkorlik qildi. Konsertda 30 dan ziyod sozandalarning ham yaxshigina mehnat qilayotgani yaqqol bilinib turibdi.

Jaloliddin Ahmadaliyevni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab shou-biznes vakillari ham konsertda mehmon bo‘ldi. Ularning ayrimlari bilan suhbatlashib, xonanda va uning ijodi haqidagi fikrlarini so‘radik.
“Biz raqobatchi emasmiz”
Xamdam Sobirov, xonanda:
Ko‘pchilik Jaloliddin Ahmadaliyev ikkimizni raqobatchi, deb o‘ylaydi. Ammo biz hech qachon bir-birimizga raqobatchi bo‘lmaganmiz. Jaloliddin ijodini har doim oilaviy kuzatamiz va yaxshi ko‘ramiz. U bu darajaga o‘z kuchi bilan erishgan, xalq mehri va olqishini olayotgan, shuningdek, bugungi davrning ko‘zga ko‘ringan iste’dodli san’atkorlardan biri hisoblanadi.
U har bir qo‘shig‘ini o‘zi yozadi, tinmay mehnat qiladi. O‘zim ham bastakor bo‘lganim uchun qanday qiyinchiliklari borligini juda yaxshi bilaman. Chetdan qaraganda barchasi oson tuyulishi mumkin, ammo uyqusiz tunlar, sabr va qilingan xatti-harakatni hamma ham bilmaydi. Bir sirni ochmoqchiman: birga duet aytishni rejalashtiryapmiz. Uning ijodiga muvaffaqiyatlar tilayman.
“Qo‘qonlikmisiz?”, deb ko‘p so‘rashadi"
Saida Saidbekova, aktrisa: Jaloliddin Ahmadaliyevni haqiqiy ijodkor, deb hisoblayman. Chunki u nafaqat jonli ijro kuychisi, balki ketma-ket xit qo‘shiqlar va yangi kliplari orqali ham o‘z tinglovchilariga ega. Eng asosiysi, ijod mahsullarining barchasi xalq yuragi va dardiga yaqin. Aslida konsertlarga juda kam tushaman. Jaloliddinni hurmat qilganim va qo‘shiqlarini tinglaganim uchun har safar konsertiga albatta, kelaman.
Bizning ijodiy hamkorligimiz bir serial uchun duet sifatida saundtrek ijro etishdan boshlangan. Keyin “Qo‘qonlik qiz” qo‘shig‘ining klipida suratga tushdim. Taronani birinchi eshitganimda juda ta’sirlanganman. Klip ommaga havola etilganidan so‘ng menga “Qo‘qonlikmisiz?”, degan savol ko‘p beriladigan bo‘ldi (kuladi). Aslida Sirdaryo viloyatida tug‘ilib, ulg‘ayganman. Yaqinda “Qo‘qonlik qiz"ning ikkinchi qismi ham ijro etilar ekan. Nasib qilsa yana birga hamkorlikda ishlaymiz.
Ko‘proq suratlarni quyida tomosha qilish mumkin.