10 yillik tanaffusdan soʻng: Hosila Rahimovaning 2026-yilgi konserti qanday o‘tdi?

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova 5−7-iyun kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Qorabayir” nomli ijodiy kechasini taqdim etdi. 10 yillik konsert tanaffusidan so‘ng yana katta sahnada yakkaxon dastur qo‘ygan xonanda nafaqat qo‘shiqlari, balki liboslari bilan ham muxlislar diqqatini tortdi. Afisha.uz muxbiri ushbu konsertdan reportaj tayyorladi.

Xonanda Hosila Rahimova oxirgi konsertini 2016-yilda namoyish qilgan bo‘lsa-da, ammo yillar davomida xit qo‘shiqlar yozish va xalq xizmatida qatnashish borasida tanaffus qilgani yo‘q.

10 yil kutilgan “Qorabayir” nomli uch kunlik konsert uch blokdan iborat bo‘lib, jami 25 ta qo‘shiq jarang sochdi. “Alpomish” qo‘shig‘i bilan boshlangan ijodiy kechada “Qamchi bos”, “Biyigul”, “Opa” kabi retro taronalardan tashqari oxirgi yillarda yaratilib, xitga aylangan, shuningdek, hali hech qayerda premyera qilinmagan ijod mahsullari ham kuylandi.

Xususan, pedofiliya qurboni bo‘layotgan yosh qizaloqlar hamda ularning onalariga atalgan “Ona nolasi” nomli dardli qo‘shiqni zaldagilar ko‘z yoshlari bilan tingladi. Jahon chempionati arafasida yangi “Futbol” taronasini ham ijro etdi. Shuningdek, “Opa” qo‘shig‘ining mantiqiy davomi sifatida “Uka"ni aytdi.

“10 yil davomida konsert qo‘ymaganim tufayli haqiqatan ham sahnani sog‘inganimni his qildim, sahnaga yotib olgim keldi. Boshida kuchli hayajonlandim, ikkinchi qo‘shiqdan so‘ng sahna meniki bo‘lib qoldi (kuladi). Milliy folklor san’atini, etno-folklor janrini rivojlantirishga hissa qo‘shishga qaratilgan dasturimiz muxlislarimizga yoqqan bo‘lsa, mehnatlarimiz zoe ketmadi, deb o‘ylayman. Uch kun mobaynida yayradim”, — deydi xonanda.

Hosila Rahimova mazkur konsertida qo‘shiqlardan tashqari, liboslar rang-barangligiga ham alohida ahamiyat qaratgan. Har bir kiyim uni yana-da viqorli ayol sifatida namoyon etgan.
“Bu yilgi konsertimda liboslar bo‘yicha Lidiya Andre, Sherzod Fayziyev va Dona opam bilan hamkorlik qildim. Har biri o‘z yo‘nalishiga ega kuchli dizayner bo‘lgani uchun birga ishladim. Sahnaga birinchi kiyib chiqqan libosimni Lidiya tikib berdi, uning og‘irligi 30 kiloni tashkil qiladi. Bitta qo‘shiqni aytguncha zo‘rg‘a kiyib yurdim (kuladi). Konsertimda kiygan barcha ko‘ylaklarimda milliylikka urg‘u berishga harakat qildik. Nazarimda liboslar muxlislarga ham ma’qul keldi”, — deydi u.

Konsertni taniqli boshlovchi Akmal Mirzo olib bordi. So‘z ustasi Avaz Oxun esa o‘z hazillari bilan zaldagilarga tabassum ulashdi.
Avaz Oxun, so‘z ustasi:
— Hosila opamning yurish va turishidan unda g‘ayrat-shijoat katta ekanini sezish osonmas. U juda ham beg‘ubor inson, bu yuz-ko‘zlaridan bilinadi. Hosila opam Toshkentga kelib, toshkentlik bo‘lmagan, surxon shevasini, urf-odatlarini saqlab qolgan ayol. Hatto uyiga o‘tov ham qurdirgan. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zligini yo‘qotmagan san’atkor, deb hisoblayman.

Biz birgalikda ko‘plab davlat tadbirlari va xalq xizmatida ishtirok etamiz. Ayniqsa, voha viloyatlarida Navro‘z bayramlari Hosila opamsiz o‘tmaydi. Avvalgi konsertida qatnashganman, 10 yildan keyin ham mehmon sifatida sahnada chiqyapman.

Bir-birimizni opa-ukadek hurmat qilib, gaplashganimiz bois ularning ijodini hazillarimda bemalol gapira olaman, bunga haddim sig‘adi. Hech qachon shaxsiyatga tegmay, ijodidan kelib chiqib, samimiy hazil qilganim uchun Hosila opamning o‘zi ham buni yaxshi qabul qiladi, tushunmovchilik bo‘lmaydi.

Aziza Begmatova (checha), O‘zbekiston xalq artisti:
— Hosilajonim to‘g‘risida gapirsam, juda ko‘p vaqt ketadi. Hozir sahnaga chiqishim kerak, shu bois lo‘ndasini aytmoqchiman. Aslida u juda muloyim ona va mehribon buvijon. Lekin sahnada jo‘shqin, erkakcha harakat qilib, hatto ot ustida xalqona qo‘shiqlar ijro etadigan xonanda.

Hosilaxon tirishqoq, ichida qaynab turgan san’ati va iste’dodini yuzaga chiqarishga qattiq mehnat qiladigan ijodkor. Bugungi konsertiga 10 yil tayyorgarlik ko‘rdi. Uch kundan beri zal to‘la tomoshabin, muxlislar maza qilyapti. Hosilaxonga uzoq umr, oilaviy baxt tilayman va ijodi gullab-yashnasin, deyman.

Og‘abek Sobirov, O‘zbekiston xalq artisti:
— Hosilaxon nafaqat ajoyib va kamsuqum inson, kezi kelganda, sahnani yondiradigan jaydari san’atkor ham. Buni hamisha uning o‘ziga va turli davralarda ham aytaman.
Do‘stimning bugungi konsertini oxirigacha tomosha qildik. Shiddatli va jozibador qo‘shiqlarni kuyladi. O‘zi ham energiyaga boy, har bir taronasiga miriqib raqsga tushganini muxlislari zo‘r kutib oldi. Hosilaxonga o‘xshagan san’atkorlar ko‘payaversin. Uni faxrlansa arziydigan ajoyib bir san’atkor, deb bilaman. Bundan keyingi ijodiy faoliyatiga ham rivoj tilayman. Faxrli unvonlarga sazovor bo‘lishini hamda xalqimizning eng buyuk san’atkorlari qatorida tilga olinishini chin dildan tilab qolaman.
Ko‘proq suratlarni quyida tomosha qilish mumkin.