O‘zbekiston bo‘ylab rep shou: Ultimate Tour’da muxlislarni nimalar kutmoqda?

E’lon qilingan sana· 395
O‘zbekiston bo‘ylab rep shou: Ultimate Tour’da muxlislarni nimalar kutmoqda?

O‘zbekistonning sakkiz shahrida Massa, Asl Wayne, Doxxim, Minor, Abrobey va Mubinlolo ishtirokida Ultimate Tour konserti bo‘lib o‘tadi. Loyiha doirasida tomoshabinlarni jonli ijrolar, maxsus kinematografik intro-film va har bir shaharda maxsus taklif etilgan yulduz muxlislarni kutadi. 17-iyul kuni Buxoro shahrida start oladigan konsert 15-noyabr sanasida Toshkentda yakuniga yetadi.

Tur oldidan konsert prodyuseri Aziz Tulkun, reper Massa va Mubinlolo jurnalistlar bilan uchrashib, loyihaning maqsadi, konsert industriyasini rivojlantirish rejalari va rep atrofidagi tanqidlar haqida gapirdi.

Afisha.uz muxbiri ham matbuot anjumanida qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.


Ultimate Tour’ning asosiy maqsadi nima?

Aziz Tulkun:

— O‘zbek qo‘shiqchilari orasida A kategoriyadagi xonandalarni ko‘pchilik yaxshi biladi. Yulduz Usmonova, Jahongir Otajonov, Munisa Rizayeva va boshqalar mazkur kategoriyaga kiradi. Adashmasam, O‘zbekiston bo‘ylab haqiqiy konsert turini faqat Yulduz Usmonova o‘tkazgan. Qolganlar bunday tur qilmagan.

Asosiy maqsadimiz — viloyatlarda konsert industriyasini rivojlantirish. Biz ikkinchi marta shunday tur tashkil qilyapmiz. Bu safar loyihani katta masshtabda o‘tkazyapmiz. Yosh auditoriyaga shaharlar va viloyatlarda haqiqiy konsert muhitini olib borishni istaymiz. Shu bilan birga, musiqa industriyasini rivojlantirishni maqsad qilganmiz.

Bugun qo‘shiqlarimiz 120 dan ortiq davlatda tinglanyapti. Biz striming platformalari orqali monetizatsiyani rivojlantirishni xohlaymiz. Butun dunyoda musiqa — biznes. O‘zbekistonda esa haligacha asosiy daromad manbai to‘y bo‘lib qolmoqda. Biz shu tizimni o‘zgartirishni istaymiz.


Nima uchun bunday turlarni o‘tkazish muhim?

Massa:

— Reperlar uchun monetizatsiya juda muhim masala. Hozir bizda musiqadan barqaror daromad topish tizimi shakllanmagan. Agar to‘ylarda qatnashmasak, deyarli daromad manbai qolmaydi.

Menimcha, konsertlar va jonli chiqishlar soni ko‘paysa, bu nafaqat bizga, balki boshqa yosh artistlarga ham katta yordam beradi. Chunki hozir musiqa industriyasidagi biznesning katta qismi to‘ylarga bog‘lanib qolgan. Agar konsert madaniyatini rivojlantira olsak, bu butun industriya uchun juda katta qadam bo‘ladi.


Tur dasturi va ishtirokchilar haqida nimalarni ayta olasiz?

— Tur sakkizta shaharda bo‘lib o‘tadi. Asosiy tarkibdan Massa, Doxxim, Minor, Abrobey va Mubinlolo o‘rin olgan. Ular Harmoney Music leybli artistlari va barcha shaharlarda ishtirok etadi. Bundan tashqari, har bir shaharda mahalliy ijodkorlar ham sahnaga chiqadi.

Bu safar o‘tgan yilgi turdan farqli ravishda dasturga Toshkent ham qo‘shildi. Humo Arena’da konsert berish biz uchun katta orzu edi. O‘tgan yili viloyatlarda konsertlar berganimizda tomoshabinlar “Nega Toshkent yo‘q?”, deb ko‘p yozishgandi. Bu yil ularning iltimosini ham inobatga oldik. Menimcha, Toshkentdagi konsert ham katta voqeaga aylanadi.


Tur marshrutlari qanday tanlanadi?

— Biz doim muxlislarimizdan qaysi shaharlarda konsert kutishlarini so‘raymiz. Marshrut ham shu takliflar asosida shakllanadi. Har bir shahar uchun tayyorgarlikni uch-to‘rt oy oldin boshlaymiz. Barcha ruxsatnomalarni olib, keyin homiylar bilan ishlaymiz va shundan so‘ng turni e’lon qilamiz.

Bu yil eng ko‘p kutilayotgan shaharlardan biri Andijon bo‘ldi. Rostini aytsam, Andijonda konsert o‘tkazishni uch yildan beri orzu qilardim. Bu men uchun eng qiyin shaharlardan biri edi. Nihoyat, bu yil ruxsat oldik. Shu munosabat bilan barchaga katta rahmat aytmoqchiman. Men uchun bu alohida ahamiyatga ega konsert bo‘ladi.


Ultimate Tour boshqa konsertlardan nimasi bilan farq qiladi?

— Viloyatlarga ikkita katta furgonda texnik jihozlar olib boramiz. Bundan tashqari, maxsus hujjatli film tayyorlayapmiz. Odamlar artistlarning hayotini faqat tashqi tomondan ko‘radi. Biz esa Asl Wayne va Massa’ning boshqa qirralarini ko‘rsatmoqchimiz. Ular mutlaqo boshqa-boshqa insonlar va biz aynan shu fenomen qanday shakllanganini ochib bermoqchimiz.

Chipta narxlarini ham imkoni boricha past saqladik. Asosiy maqsadimiz foyda emas, konsert industriyasini rivojlantirish. Butun dunyoda musiqa — biznes. O‘zbekistonda esa haligacha asosiy daromad manbai to‘y bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun ham ko‘plab A kategoriyadagi artistlar tur qilmaydi — ular uchun to‘y iqtisodiy jihatdan manfaatliroq.

Biz esa hamma imkoniyatni faqat bitta yo‘nalishga bog‘lab qo‘ymaslik kerak, deb hisoblaymiz. Yoshlarni konsertlarga borishga, madaniy dam olishga o‘rgatishni istaymiz.

Shuningdek, bu loyiha uchun davlatdan, Madaniyat vazirligidan yoki soliq mablag‘laridan bir tiyin ham olganimiz yo‘q. Loyihani amalga oshirishda Gorilla va Yandex Music hamda Yandex Uzbekistan bizga katta yordam beryapti.


Konsert dasturini tayyorlashda cheklovlar bo‘ldimi?

Massa:

— Eng mashhur qo‘shiqlarimdan birini ijro etmaslikni iltimos qilishdi. Qaysi qo‘shiq ekanini hamma biladi (kuladi).

Lekin shundan boshqa hech qanday bosim bo‘lmadi. Aksincha, “ijodingizni erkin qilinglar”, degan munosabatni ko‘rdik. Shu jihatdan xursandmiz. Bu ham ma’lum ma’noda rivojlanayotganimizdan dalolat beradi. Xavotirga o‘rin yo‘q — ijod qilishimizga hech qanday to‘siq qo‘yilgani yo‘q.

Bu tur moddiy jihatdan o‘zini oqlaydimi?

Massa:

— Birinchi “Yaratadi yo‘l” turini umuman pul uchun qilmaganmiz. O‘zbekistondagi ilk yirik rep turlaridan biri bo‘lishi uchun kerak bo‘lsa tekinga ham ishlashga tayyor edik.

Bu safar ham asosiy maqsadimiz daromad emas, ijod. Hisob-kitoblarga qaraganda ham katta foyda qilish qiyin. Men tur davomida shunday holatlarni ko‘rganmanki, chipta narxi 70−100 ming so‘m atrofida bo‘lsa ham, ba’zi muxlislar “Nega pul to‘lashimiz kerak?” deb so‘rashgan.

Menimcha, bu pulni qizg‘anish emas. Odamlar uzoq yillar davomida bepul konsertlarga o‘rganib qolgan. Shuning uchun ular uchun birinchi savol — nega chipta sotib olish kerakligi bo‘ladi.

Shu holatlarni hisobga olsak ham, biz bu ishni qilishda davom etyapmiz. Aziz aka ham doim shu borada motivatsiya beradi. Xayriyatki, har birimizning boshqa faoliyatimiz ham bor. Shuning uchun bu yerda asosiy maqsad pul ishlash emas, ijod qilish.

Aziz Tulkun:

— Katta va taniqli artistlarning gonorarlarini eshitsangiz, hayron qolasiz. Biz esa haqiqatdan ham ijod uchun ishlayapmiz. Bu sohada hali tizim yo‘q. Biz konsert industriyasi uchun shu tizimni yaratishni xohlaymiz. Balki katta artistlar boshlashi kerak edi, lekin biz ulardan bunday namuna ko‘rmadik. Ba’zan o‘zimizni yangi yo‘l ochayotgandek his qilamiz.

Massa:

— Menimcha, O‘zbekistonda repning tez rivojlanayotganiga ham shu sabab. Yosh reperlar boshidanoq biladiki, bu yo‘nalishda katta pul yo‘q. Lekin ular ijodni yaxshi ko‘radi va shuning uchun ishlashda davom etadi. Biz ham konsertlarga xuddi shunday qaraymiz. Balki katta daromad keltirmas, lekin bu ishni qilish kerak, deb hisoblaymiz.


Kelajakda xorijda ham tur o‘tkazish rejasi bormi?

Massa:

— Hozircha bunday reja qilmaganmiz. Restoran va resto-bar'lardan takliflar kelib turadi, ular barcha tashkiliy ishlarni o‘zlari qiladi, biz esa chiqish qilish uchun boramiz.

O‘zimiz tashabbus ko‘rsatib, xorijda tur tashkil qilish haqida hozircha o‘ylamaganmiz. Lekin munosib taklif bo‘lsa, konsert berishimiz mumkin. Masalan, Sankt-Peterburgda chiqish qilganmiz. Moskvada ham konsert rejalashtirilgan edi, ammo hozirgi vaziyat sabab uni vaqtincha qoldirdik.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling