Bastakor Maks Rixter Toshkentda konsert beradi

E’lon qilingan sana· 156
Bastakor Maks Rixter Toshkentda konsert beradi

2026-yil oktabr oyida Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi sahnasida bastakor Maks Rixter konsert beradi. Bu haqda prezident tanishgan madaniyat va san’at sohasidagi ustuvor loyihalar taqdimotida ma’lum qilindi.

Maks Rixter — germaniyalik-britaniyalik bastakor va pianinochi bo‘lib, zamonaviy klassik musiqa, minimalizm hamda elektron musiqani uyg‘unlashtirgan asarlari bilan tanilgan.

U sahna, opera va balet uchun musiqa yaratish bilan birga, ko‘plab film va seriallarga ham saundtreklar bastalagan. Uning “Sleep”, “The Blue Notebooks” va “Memoryhouse” albomlari zamonaviy akademik musiqaning eng mashhur loyihalari qatoriga kiradi.

Rixterning musiqasi “Arrival”, “Shutter Island”, “The Leftovers”, “Black Mirror” va boshqa kino hamda teleloyihalarda yangragan. Ayniqsa, “On the Nature of Daylight” kompozitsiyasi uning eng mashhur asarlaridan biri hisoblanadi.

Toshkentdagi konsert O‘zbekistonda rejalashtirilgan xalqaro madaniy tadbirlar dasturidan o‘rin olgan. Taqdimotda, shuningdek, sentabr oyida Samarqanddagi Registon maydonida pianinochi Lang Langning konserti ham o‘tkazilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling