Toshkentda 9 Грамм konserti bekor qilindi

E’lon qilingan sana· 107
Toshkentda 9 Грамм konserti bekor qilindi

Rep ijrochisi 9 Грамм (yoki MC Avetis)ning Toshkentdagi konserti bekor qilindi. Konsert 29-avgust kuni “Zarafshon” konsert zalida bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Ijodkor Instagram’dagi sahifasida konsert ijrochiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor qilinganini ma’lum qildi. “Rejalashtirilgan sanada siz bilan uchrasha olmasligimizdan juda afsusdamiz, ammo albatta boshqa tashkilotchilar bilan yana oldingizga kelamiz. Chiptalarni qaytarish bo‘yicha ularni xarid qilgan joyingizga murojaat qilishingiz mumkin”, — deyiladi postda.

Avetis Mirzayants 9 Грамм va MC Avetis taxalluslari bilan tanilgan rep ijrochisi, prodyuser va musiqiy leybl asoschisi. U 1986-yil 26-iyunda Toshkentda tug‘ilgan. Hip-hopga bolaligidan qiziqib, 2001-yildan boshlab musiqa bilan faol shug‘ullana boshlagan. Keyinchalik Yekaterinburgga ko‘chib o‘tib, ijodiy faoliyatini davom ettirgan va Ural rep sahnasining taniqli vakillaridan biriga aylangan.

Avetis Mad Bustazz rep guruhiga hamda Bustazz Records ovoz yozish leybliga asos solgan. U yosh ijodkorlarni rivojlantirish va musiqiy loyihalarni prodyuserlik qilish bilan shug‘ullangan. “Плановая” va “То, что тебя вставляет” qo‘shiqlari orqali keng tanilgan. Shuningdek, Rossiya rep sahnasining boshqa vakillari bilan, jumladan, “АК-47” guruhi bilan ham hamkorlik qilgan.

Ijodkor ijtimoiy tarmoqlarda avetis9gramm nikneymini ishlatadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling