Shakira Bishkekda konsert beradi

Kolumbiyalik superyulduz Shakira 18-oktyabr kuni Bishkekda konsert beradi. “Bishkek Arena” stadionidagi chiqish xonandaning Markaziy Osiyodagi ilk konserti bo‘ladi.
Bishkek Shakiraning Las Mujeres Ya No Lloran World Tour jahon gastroliga kiritilgan. Konsert dasturidan xonandaning turli yillardagi asosiy xitlari, shuningdek, shu nomdagi so‘nggi albomidan qo‘shiqlar o‘rin oladi. Tashkilotchilar xoreografiya va vizual effektlarga boy yirik shou va’da qilmoqda.
Chiptalar sotuvi 1-oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 08:00 da GovTicket platformasida boshlanadi. Narxlar 137 dollardan 458 dollargacha bo‘ladi: eng arzon chiptalar ko‘rinishi cheklangan joylarni, fan-zona esa 458 dollarlik chiptalarni nazarda tutadi. VIP chiptalar narxi keyinroq e’lon qilinadi.
Konsert yangi “Bishkek Arena” stadionida bo‘lib o‘tadi. Sahna sharqiy tribuna qarshisiga o‘rnatiladi, shu sababli uning ortidagi joylar tomoshabinlar uchun yopiq bo‘ladi.