Noyabrda Toshkentda boʻlib oʻtadigan va borishga arziydigan konsertlar

Afisha.uz noyabr oyida poytaxtda bo‘lib o‘tadigan ba'zi konsertlarni bir joyga jamladi.
Noyabr oyida Toshkentda turli musiqiy tadbirlar, yakkaxon konsertlar va xalqaro ijrochilarning chiqishlari bo‘lib o‘tadi. Dasturdan o‘zbek estradasi vakillari, xorijiy xonandalar, rok musiqasi, mashhur filmlar saundtreklari va orkestr ijrosidagi musiqiy kechalar o‘rin olgan.
Afisha.uz noyabr oyida poytaxtda bo‘lib o‘tadigan konsertlarni jamladi.
Cheb Mami konserti
7-noyabr.

Humo Arena’da jazoirlik xonanda Cheb Mamining konserti bo‘lib o‘tadi.
Cheb Mami — an’anaviy Jazoir ohanglarini fank, blyuz, reggi va lotin ritmlari bilan uyg‘unlashtirgan “Jannat shahzodasi” unvoniga ega jazoirlik qo‘shiqchi.
Uning xalqaro miqyosdagi mashhurligiga Sting bilan birgalikda ijro etilgan Desert Rose qo‘shig‘i ham katta hissa qo‘shgan.
Chipta narxi: 150 000 so‘mdan 2 000 000 so‘mgacha.
Ulug‘bek Rahmatullayev konserti
8−14-noyabr.

“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida Ulug‘bek Rahmatullayev ijodiy faoliyatining 25 yilligiga bag‘ishlangan “25 yil birga!” nomli konsert dasturini taqdim etadi.
Dasturdan xonandaning turli yillarda ijro etgan mashhur qo‘shiqlari o‘rin olgan. Tomoshabinlarni jonli ijro va sahna shousi kutmoqda.
Chipta narxi: 80 000 so‘mdan 500 000 so‘mgacha.
“Motsart va Shopen” konserti
13-noyabr.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “Yosh iste’dodlar” kamer orkestri “Motsart va Shopen” nomli konsert dasturini taqdim etadi. Unda klassik musiqa tarixida alohida o‘rin tutgan ikki bastakor — Volfgang Amadey Motsart va Frederik Shopen asarlari yangraydi.
Chipta narxi: 60 000 so‘mdan 150 000 so‘mgacha.
The Music of Hans Zimmer konserti
14-noyabr.

O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Tynda Music simfonik orkestri Hans Zimmer musiqalariga bag‘ishlangan konsert dasturini taqdim etadi.
Dasturdan “Interstellar”, “Inception”, “Gladiator”, “Dune”, “The Lion King”, “Pirates of the Caribbean”, “The Dark Knight”, “Kung-fu Panda” va boshqa mashhur filmlar uchun yaratilgan saundtreklar o‘rin olgan.
Chipta narxi: 230 000 so‘mdan 700 000 so‘mgacha.
“Jahon klassikasi durdonalari: Shopen va Dvorjak” konserti
14-noyabr.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston davlat simfonik orkestri ijrosida klassik musiqa konserti bo‘lib o‘tadi. Dasturdan Frederik Shopenning birinchi fortepiano konserti va Antonin Dvorjakning “Yangi dunyodan” deb nomlangan 9-simfoniyasi o‘rin olgan.
Chipta narxi: 55 000 so‘mdan 150 000 so‘mgacha.
“Kuzgi hikoya” musiqa festivali
15-noyabr.

Humo Arena’da Bravo Orkestri jo‘rligida katta masshtabli “Kuzgi hikoya” musiqa festivali bo‘lib o‘tadi.
Sahnada Zivert, Rayhon va opera xonandasi Milena Madmusayeva chiqish qiladi. Tadbir hududida soat 15:00 dan boshlab fudkort, mavzuli fotohududlar va interaktiv ko‘ngilochar zonalar ham ishlaydi.
Chipta narxi: 250 000 so‘mdan boshlanadi.
Avaz Oxun konserti
15−26-noyabr.

Avaz Oxun “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Chin hazil” nomli konsert dasturini taqdim etadi. Dasturdan hayotiy hangomalar, samimiy hazil-mutoyiba va quvnoq yumoristik chiqishlar o‘rin olgan.
Chipta narxi: 55 000 so‘mdan 440 000 so‘mgacha.
Burak Oʻzchivit va Bravo orkestri shousi
19-noyabr.

Humo Arena’da turkiyalik aktyor Burak O‘zchivit ishtirokidagi “Burak in Bravo Orchestra” musiqiy-teatrlashtirilgan shousi namoyish etiladi.
“Sevgi iztirobi”, “Choliqushi” va “Hukmdor Usmon” seriallari orqali tanilgan aktyor o‘zining mashhur obrazlaridan ilhomlangan sahna ko‘rinishlarida qatnashadi. Bravo orkestri esa “Kara Sevda”, “Çalıkuşu”, “Muhteşem Yüzyıl”, “Kuruluş Osman” va boshqa seriallarning saundtreklarini ijro etadi.
Chipta narxi: 297 000 so‘mdan boshlanadi.
G‘aybulla Tursunov konserti
20-noyabr.

G‘aybulla Tursunov Humo Arena sahnasida ilk bor “Quralay” nomli yirik konsert dasturini taqdim etadi. Xonanda konsert davomida “Janona”, “Yor”, “Shunchaki”, “Quralay” va boshqa mashhur qo‘shiqlarini jonli ijroda kuylaydi. Tomoshabinlarni sahna shousi ham kutmoqda.
Chipta narxi: 60 000 so‘mdan 550 000 so‘mgacha.
Sahar guruhi konserti
21-noyabr.

Humo Arena’da Sahar guruhining “Ayol” nomli yakkaxon konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.
Jamoa muxlislarga o‘zining mashhur qo‘shiqlarini jonli ijroda taqdim etadi.
Chipta narxi: 150 000 so‘mdan 450 000 so‘mgacha.
Benom guruhi konserti
27−30-noyabr.

“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida Benom guruhining “The Best-Yangi” nomli jonli ijrodagi yakkaxon konserti bo‘lib o‘tadi.
Chipta narxi: 70 000 so‘mdan 500 000 so‘mgacha.
Workers konserti
28-noyabr.

“Sahna” stendap klubida “Workers” rep birlashmasining konserti bo‘lib o‘tadi. Unda yetti nafar ijrochi yangi albom taqdimotini jonli ijroda o‘tkazadi, shuningdek, o‘zining yakkaxon treklarini kuylaydi.
Konsert oldidan mehmonlar uchun Workers brend mahsulotlari yarmarkasi va fotohudud ham tashkil etiladi.
Chipta narxi: 150 000 so‘m.