Led Zeppelin guruhi vokalisti Robert Plant Toshkentda konsert beradi

E’lon qilingan sana: · 45
Led Zeppelin guruhi vokalisti Robert Plant Toshkentda konsert beradi

Afsonaviy Led Zeppelin rok-guruhining britaniyalik vokalisti Robert Plant Root & Branch jahon turnesi doirasida o‘zining Saving Grace loyihasi bilan O‘zbekistonda konsert beradi. Konsert 31-avgust kuni Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyida bo‘lib o‘tadi.

Bu Robert Plant va Saving Grace jamoasining Markaziy Osiyodagi ilk chiqishi bo‘ladi. Chiptalar savdosi 13-noyabr, juma kuni boshlanadi.

Robert Plantning musiqa tanqidchilari tomonidan yuqori baholangan Saving Grace: All That Glitters… nomli yangi mini-albomi allaqachon raqamli musiqa platformalarida mavjud. Avvalroq albom Musiqa do‘konlari kuni (Record Store Day) munosabati bilan vinil plastinkada chiqarilgan edi. Yangi reliz 2025-yilda taqdim etilgan va tanqidchilar e’tirofiga sazovor bo‘lgan Saving Grace albomining davomi hisoblanadi. Har ikkala albomni yozishda vokalchi Syuzi Dian hamda Robert Plant o‘z uyi deb biladigan Angliya qishloqlaridan bo‘lgan mahalliy musiqachilar ishtirok etgan.

Mini-albomdagi to‘rtta kompozitsiya Plant va uning hamkasblariga yaqin bo‘lgan folk hamda Amerika an’anaviy musiqasi (Americana) yo‘nalishlarini o‘rganishni davom ettiradi. Relizdan The Blackest Crow va Two Coats an’anaviy qo‘shiqlari, Jillian Uelchning Orphan Girl hamda Bert Yanshning Poison kompozitsiyalari o‘rin olgan.

Jamoa tarkibida vokalchi Syuzi Dian, barabanchi Oli Jefferson, gitarachi Toni Kelsi, banjo va boshqa torli cholg‘ular ijrochisi Mett Uorli hamda violonchelchi Barni Mors-Braun bor. Ular birgalikda an’anaviy musiqaning dastlabki shakllaridan tortib zamonaviy talqinlarigacha bo‘lgan rivojlanishini o‘rganmoqda. Musiqachilarni blyuz, folk, gospel, kantri va shu yo‘nalishlar tutashgan boshqa janrlarga bo‘lgan umumiy qiziqish birlashtirgan.

Saving Grace tarixi 2019-yilda Robert Plantning uyida boshlangan. Hamfikrlardan tashkil topgan yangi jamoa bir yil davomida birgalikda musiqiy tajribalar o‘tkazishga, shuningdek, Fairport Convention guruhining bir nechta konsertida asosiy chiqishdan oldin sahnaga chiqishga ulgurgan edi. Biroq pandemiya boshlanishi bilan barcha rasmiy rejalarni vaqtincha ortga surishga to‘g‘ri kelgan.

Cheklovlar yumshatilgach, Plant va Saving Grace norasmiy sharoitda — ovoz yozish uchun jihozlangan omborxonada yoki ochiq havoda yangi materiallarni yozishni boshlagan. Keyinchalik musiqachilar katta e’lonlar va keng ko‘lamli reklama kampaniyalarisiz kichik sahnalarda mustaqil ravishda konsertlar tashkil eta boshlagan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling