Ranglar va drama: «Van Gog bo‘lish» multimedia ko‘rgazmasidan fotoreportaj

E’lon qilingan sana· 302
Ranglar va drama: «Van Gog bo‘lish» multimedia ko‘rgazmasidan fotoreportaj

Tashkent City Mall savdo markazida butun dunyo tan olgan rassom — Vinsent van Gog hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Van Gog bo‘lish” multimedia ko‘rgazmasi ochildi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan mazkur yangilangan loyiha san’at ixlosmandlarini buyuk post-impressionistning yorqin va murakkab dunyosiga sho‘ng‘ishga taklif etadi.

Ushbu ekspozitsiya 2022-yilda “O‘zekspomarkaz"da o‘tkazilgandi. Yangi talqin nafaqat joyini o‘zgartirdi, balki ancha kengaytirildi — uning maydoni 1400 kvadrat metrni tashkil qildi. Unda rassomning 400 dan ortiq raqamlashtirilgan asarlari, jumladan “Yulduzli tun”, “Kungaboqarlar” kabilar ulkan ekranlar va pollargacha proyeksiya qilingan. Bu orqali siz xuddi rassomning kartinasi ichida yurgandek bo‘lasiz.

Ko‘rgazma rassomning shaxsiy hayoti, ijodiy izlanishlari va san’atdagi inqilobiy o‘zgarishlarini aks ettiruvchi beshta asosiy bo‘limdan iborat va ularning barchasida sizga ma’ruzachi va rassom rolidagi aktyor hamrohlik qiladi.

Xususan, birinchisi Van Gogning sevimli akasi Teoga — do‘sti va rassomning asl tabiatini tushungan va qabul qilgan yagona odamga yozgan maktublariga bag‘ishlangan. Qolganlarida ma’ruzachi Van Gogning asosiy davrlari bilan tanishtiradi, tashrif buyuruvchilar yosh ijodkor o‘zi uchun olamlarni qanday kashf etgani haqida ma’lumot oladi yoki avtoportretlari orqali rassomning kayfiyatini, chekkan dardlarini his qilib ko‘radi.

Buni, shunchaki, rasmlar namoyishi emas, balki ranglar va his-tuyg‘ular bilan boyitilgan sayohat, deyish mumkin. Ko‘rgazmaga yo‘lingiz tushganida emas, vaqt topib, albatta, borishingizni tavsiya qilamiz.

Ko‘rgazma o‘zbek tilida va har bir seans 25 daqiqa davom etadi. Rus va ingliz tillarida so‘zlashuvchi tashrif buyuruvchilar uchun audiogid mavjud.

Koʻrgazma dushanba-payshnab kunlari soat 10:00 dan 23:00 gacha, juma-yakshanba kunlari 10:00 dan 00:00 gacha faoliyat olib boradi.

Manzil: Tashkent City Mall, 2-qavat.

Chipta narxlari:

  • dushanba-chorshanba kunlari — 40 000 so‘m;
  • juma-yakshanba kunlari — 60 000 so‘m;
  • payshanba kuni — kirish bepul, jonli navbat asosida;
  • o‘quvchi, student va pensionerlar uchun kassadan chipta xarid qilinganda 50 foiz chegirma beriladi;
  • 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun — bepul.

Chiptalarni ushbu havola orqali xarid qilish mumkin.

Loyiha Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan.

Shohruh Haydarov
Muallif va fotosuratchi
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling