Foto: "Haqiqiy grafika. O‘tmishdan kelajakka nazar" koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi galereyasida grafik san’at ustasi, 74 yoshli rassom Viktor Apuxtinning “Haqiqiy grafika. O‘tmishdan kelajakka nazar” nomli retrospektiv ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi muzeylaridan to‘plangan turli yillarga mansub 50 ga yaqin asar namoyish etilgan. Apuxtin ijodining asosiy tayanchlari — ichki erkinlik, kinoya, inson tabiatiga e’tibor va adabiyotga muhabbat ushbu ekspozitsiyada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Viktor Apuxtin 1952-yilda Toshkentda tug‘ilgan, Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan. Talabalik davridayoq G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot bilan hamkorlikni boshlagan. U illyustratsiya qilgan 20 dan ortiq kitob — bolalar adabiyotidan tortib jahon klassikasigacha — o‘quvchilar xotirasida muhrlangan. 1981-yildan SSSR Rassomlar uyushmasi a’zosi, bugungi kunda esa O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi hisoblanadi.

Ekspozitsiyadagi suratlar mashhur asarlar nomi bilan nomlanmagan. Ko‘rgazmaning markazida vertikal joylashtirilgan uch asar: yuqorida Dantening “Ilohiy komediya"sidagi Qiyomat manzarasi, pastda esa o‘z ongidagi jahannamga boqayotgan Dante siymosi. Ularning orasida — Fann tog‘lari fonida non solingan savatni boshida ko‘tarib, jarlik ustidagi yog‘ochdan o‘tayotgan qiz. Bu obrazlar inson tanlovining ramziy ifodasi sifatida talqin etiladi.

O‘tgan yili esa rassom Gyote instituti ko‘magida “Faust” asariga bag‘ishlangan maxsus illyustratsiyalar kitobini chop ettirdi.
Ko‘rgazma doirasida rassom ishtirokida ma’ruzalar va mahorat darslari ham rejalashtirilgan. Tadbirlar 10-fevralga qadar davom etadi.
"Haqiqiy grafika. O‘tmishdan kelajakka nazar" koʻrgazmasi
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining "Akademiya" galereyasida o‘zbek grafik san’atining yirik namoyandasi, akademik Viktor Apuxtinning ko‘rgazmasi boʻlib oʻtmoqda.