61-Venetsiya Biennalesida O‘zbekiston milliy paviloni "The Aural Sea" loyihasini taqdim etadi

E’tibor markazida Qoraqalpog‘istondagi Orol dengizi mintaqasi bo‘lib, u yerda 1960-yillardan beri daryolarning qishloq xo‘jaligini sug‘orish uchun keng ko‘lamli yo‘naltirilishi tufayli suv hajmining 90 foizdan ortig‘i yo‘qotilgan.
2026-yil 10-fevralda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) O‘zbekiston Milliy pavilonining 61-Venetsiya zamonaviy san’at Biennalesida ishtirok etishini e’lon qildi. “The Aural Sea” deb nomlangan ekspozitsiya mif ijodkorligi va hikoyalar orqali Orol dengizi mavzusiga murojaat qilib, ekologik o‘zgarishlar hamda kelajakdagi ehtimoliy ssenariylarni anglashni taklif etadi.

Loyiha Jamg‘arma raisi Gayane Umerovaning buyurtmasiga binoan amalga oshirilgan va O‘zbekistonning Biyennaleda uchinchi ishtiroki bo‘ladi. E’tibor markazida Qoraqalpog‘istondagi Orol dengizi mintaqasi bo‘lib, u yerda 1960-yillardan beri daryolarning qishloq xo‘jaligini sug‘orish uchun keng ko‘lamli yo‘naltirilishi tufayli suv hajmining 90 foizdan ortig‘i yo‘qotilgan. Bir paytlar dunyodagi eng yirik ichki ko‘llardan biri bo‘lgan Orol cho‘l landshaftiga aylanib, global ekologik falokat ramziga aylangan.
Kuratorlar jamoasi
Pavilonning kuratorlik jamoasi Buxoro Biennalesining kuratorlik maktabining ilk bitiruvchilari — Delfina Foundation ko‘magida va badiiy direktor Diana Kempbell rahbarligida amalga oshirilgan ACDF tashabbusi bilan shakllantirilgan. Uning tarkibiga O‘zbekiston va Osiyo mamlakatlaridan kuratorlik ovozlarining yangi avlodi vakillari Sofi Mayuko Arni, Aziza Izamova, Kamila Muhitdinova, Niko Sun va Txay Xa kiradi.

Ekspozitsiyada O‘zbekiston, Xitoy, Vyetnam va Buyuk Britaniya rassomlari: Jahongir Boboqulov, Zi Qahramonova, Aygul Sarsen, Zulfiya Spovart, Sin Lyu, A.A. Murakami va Nguyen Fyong Lin ishtirok etmoqda. Installyatsiya, to‘qimachilik, rangtasvir, interaktiv va ilmiy-tadqiqot amaliyotlari bilan ishlashda ular Orolga nafaqat ekologik muammo, balki bilim, xotira va tasavvur makoni sifatida qarashni taklif qilmoqda.
Pavilon nomi Biennale mavzusiga ishora qiladi — “In Minor Keys” (“Minor ohanglarida”). Ekspozitsiya usuli esa tinglashdir. “The Aural Sea” dramatik o‘zgarishlarni boshdan kechirgan landshaftni tinglash nimani anglatishini va avlodlar davomida ushbu o‘zgarishlar sharoitida yashovchi jamoalarning ovoziga quloq tutish orqali nimani o‘rganish mumkinligini so‘rash taklif etiladi.

Pavilonning me’moriy konsepsiyasini GRACE byurosi rahbarligida O‘zbekistonning yetakchi ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari talabalari va yosh arxitektorlar guruhi ishlab chiqmoqda.
Loyiha Jamgʻarmaning Orol dengizi mintaqasidagi uzoq muddatli strategiyasini, jumladan, Aral Culture Summit va Nukusdagi Aral School ta’lim dasturini davom ettiradi. Gayane Umerovaning so‘zlariga ko‘ra, pavilon Jamg‘armaning bilim, fanlararo almashinuv va barqaror hamkorlik orqali madaniyatni rivojlantirishga sodiqligini aks ettiradi.
“The Aural Sea” paviloni 2026-yil 9-maydan 22-noyabrgacha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq boʻladi.
Jamg‘arma O‘zbekiston milliy pavilioni bilan bir qatorda Vyacheslav Oxunovning “Tafakkur vositalari” nomli mashhur zalvarli ko‘rgazmasini ham taqdim etadi.