Orol dengiziga oʻzgacha nazar: Venetsiya biennalesida Oʻzbekiston pavilyoni ochildi

E’lon qilingan sana· 153
Orol dengiziga oʻzgacha nazar: Venetsiya biennalesida Oʻzbekiston pavilyoni ochildi

9-maydan 22-noyabrgacha jahon san’at olamining eng nufuzli voqealaridan biri 61-Xalqaro san’at ko‘rgazmasi (Venetsiya biennalesi) bo‘lib oʻtmoqda. O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan milliy pavilyon unda uchinchi bor ishtirok etmoqda. Loyiha “Navo dengiz” deya nomlanib, ekologik fojia markazi bo‘lgan Orol dengiziga butunlay yangicha — san’at va afsonalar prizmasi orqali nazar solishni taklif etadi.

Sofi Mayuko Arni (Shveysariya), Aziza Izamova (O‘zbekiston), Kamila Muhitdinova (O‘zbekiston), Niko San (Xitoy) va Thai Ha (Vyetnam) oʻrin olgan pavilyonning kuratorlik jamoasi, Oʻzbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan birinchi Buxoro biennalesining badiiy rahbari Diana Kempbell boshchiligidagi Kuratorlik maktabi vakillari hisoblanadi. Ular Orol dengiziga afsonalar va rivoyatchilik ijodkorligi orqali yondashadi, atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni idrok etish vositasi sifatida tasavvur qiladi.

Venetsiya biennalesidagi O‘zbekiston pavilyoni uchun tanlangan rassomlar Orol dengizi mavzusiga har doimgidek “ekologik fojia” yoki “yechilishi kerak bo‘lgan muammo” deb emas, balki falsafiy mushohada va san’at obyekti sifatida qarashni taklif etadi. Bu jamoa Orolning qurigan tubida shunchaki ayanchli manzarani emas, balki yangi hikoyalar va afsonalarni koʻradi.

Pavilyon rassomlari Jahongir Boboqulov (1996, O‘zbekiston), Zi Qahramonova (2001, O‘zbekiston), Aygul Sarsen (2005, Qoraqalpog‘iston, O‘zbekiston), Zulfiya Spovart (1991, O‘zbekiston), Sin Lyu (1991, Xitoy), A.A. Murakami (1983, Buyuk Britaniya; 1984, Yaponiya) va Nguyen Fuong Lin (1985, Vyetnam) hisoblanadi. Ular turli janrlarda, jumladan, ilmiy modellashtirishdan tortib folklor tasavvurigacha, mahobatli to‘qimachilikdan tortib mualliflik hunarmandchiligigacha ijod qilgan.

Pavilyonni yaratishda 2015-yilda 18 yoshida Orol dengizini “jonlantirishni” boshlagan “Qoraqalpoq” asari muallifi Olloyor Darmenov ijodidan ilhomlanilgan. Uning asarlarida sahroda yashagan qilich baliqlarning qayta jonlangan suvlar bo‘ylab suzishi tasvirlanadi.

Darmenov singari pavilyon ham tasavvurdan o‘zini ifoda etish shakli sifatida foydalanadi. Afsonalar yaratish va hikoya qilish chin voqelikdan qochish usuli emas, balki yo‘qotishlarni yengib o‘tish va yana mumkin bo‘lgan narsalar uchun makon yaratish vositasi sifatida ko‘riladi.

Loyiha nomi biennalening umumiy “Minor ovozlarda” mavzusiga hamohang tanlangan. “Navo dengiz” — bu shunchaki ko‘rgazma emas, balki keskin o‘zgarishlarga uchragan landshaftga va shu muhitda yashayotgan insonlar taqdiriga quloq tutishga chorlov.

“Navo dengiz” loyihasi Jamg‘armaning Orolbo‘yi mintaqasi va madaniyatini bilim va doimiy hamkorlik orqali rivojlantirishga bo‘lgan uzoq muddatli sodiqligini aks ettiradi. Buxoro biyennalesining Kuratorlik maktabidan Qoraqalpog‘istondagi fanlararo Orol maktabigacha biz madaniy va ekologik kelajakka ta’sir ko‘rsatadigan kishilar va g‘oyalarga sarmoya kiritamiz. Turli ovozlarni birlashtirgan holda ushbu pavilion fanlar o‘rtasida, avlodlar o‘rtasida hamda ekologik o‘zgarishlar sharoitida yashash nimalarni anglatishini tushunishning turli usullari o‘rtasida tajriba almashish uchun maydon yaratadi", — dedi O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.

Bundan tashqari pavilyon kuratorlari “Navo dengiz” ko‘rgazmasida afsona va rivoyatlar ijodkorligi atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni boshqarish va kelajakni bevosita ko‘rinadigan narsalardan tashqarida tasavvur qilish usullariga aylanishini ta’kidladi.

Jamg‘arma O‘zbekiston milliy pavilyoni bilan bir qatorda Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi tomonidan tashkil etilgan 61-Xalqaro san’at ko‘rgazmasi — Franketti saroyidagi Venetsiya biennalesining rasmiy hamroh tadbiri sifatida Vyacheslav Oxunovning “Tafakkur vositalari” nomli mashhur ko‘rgazmani ham taqdim etdi.

“Navo dengiz” 61-Xalqaro san’at ko‘rgazmasi — Venetsiya biennalesidagi O‘zbekiston paviloni, O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasi asosida tashkil etilgan boʻlib, uning faoliyati 2026-yilning 9-mayidan 22-noyabrgacha davom etadi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling