O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Mohamed Benshalalning haykalsimon liboslari ko‘rgazmasi ochiladi

5-sentabr kuni O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida niderland-marokashlik dizayner va rassom Mohamed Benshalalning BENCHELLAL, MONUMENTAL | Sculpting Past Tomorrow (“O‘tmishni haykaltaroshlik orqali qayta yaratib, kelajakni barpo etish”) ko‘rgazmasi ochiladi. Loyiha uning 2025-yilda CCA Tashkent’dagi art-rezidensiyasi davomida yaratilgan bo‘lib, moda, haykaltaroshlik, me’morchilik va zamonaviy san’at o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi.
Yangi turkumda Benshalal O‘zbekistonning madaniy va me’moriy merosini qayta talqin qiladi. U tarixiy obidalar va geometrik shakllardan tortib, keng ko‘lamli landshaftlar hamda modernistik me’morchilikni o‘rganadi. Biroq rassom an’anaviy motivlarni takrorlamaydi, balki ularni zamonaviy haykaltaroshlik tiliga o‘giradi.

Benshalal ijodining markaziy elementi — kiyimni haykal sifatida talqin qilish. Liboslarning hajmi, silueti va konstruksiyasi inson tanasini o‘ziga xos me’moriy makonga aylantiradi. Natijada asarlar kutyur va haykaltaroshlik, obyekt va tana, monument va harakat o‘rtasida joylashadi.

Ko‘rgazma nomi uning asosiy g‘oyasiga ishora qiladi: o‘tmishga shunchaki o‘zgarmas meros sifatida emas, balki kelajakning yangi obrazlarini yaratish uchun material sifatida qarash. Benshalal asarlarida qadimiy geometrik shakllar abstraksiyaga aylanadi, me’moriy inshootlar siluet sifatida talqin qilinadi, monumentlar miqyosi esa inson tanasi orqali qayta o‘ylanadi.
Sculpting Past Tomorrow konsepsiyasi ilk bor Dohada paydo bo‘lgan. U yerda rassom dastlabki turkumni ishlab chiqib, Qatar milliy muzeyida shaxsiy ko‘rgazmasini taqdim etgan. O‘zbekistonda esa loyiha mahalliy me’moriy va madaniy kontekst asosida yangi rivojlanishga ega bo‘ldi.

Benshalalning ishlari avval xalqaro ko‘rgazma loyihalarida namoyish etilgan va dunyoning turli muzey kolleksiyalaridan joy olgan. Rassom o‘z ijodida moda va zamonaviy san’at o‘rtasidagi chegarani o‘rganib, haykalsimon liboslar orqali me’morchilik, o‘zlik, xotira va kelajak haqida fikr yuritadi.
Ko‘rgazma CCA Tashkent’ning ommaviy dasturi doirasida o‘tkaziladi. Zamonaviy san’at markazi 6-sentabr kuni Toshkentdagi 1912-yilda qurilgan sobiq dizel elektr stansiyasi binosida ochiladi. BENCHELLAL, MONUMENTAL loyihasi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida yaratilgan.

Fotosessiya ishtirokchilari: fotograf Tim Vergallen, soch va grim bo‘yicha rassom Ilhom Mestur, modellar Fotima, Madina, Darina va Shaxiniya. Ekspozitsiya dizayni — Anastasiya Rusopulu.