CCA Tashkent zamonaviy san’at markazi 6-sentabrda ochiladi. Dastur

6-sentabr kuni Toshkentda CCA Tashkent zamonaviy san’at markazining ommaviy ochilishi bo‘lib o‘tadi. 1912-yilda qurilgan sobiq dizel elektr stansiyasi binosida kun davomida ekskursiyalar, rassomlar bilan uchrashuvlar, kino namoyishlari, bolalar uchun mashg‘ulotlar, performanslar, she’riyat kechalari va musiqiy chiqishlar o‘tkaziladi.
CCA Tashkent O‘zbekistondagi birinchi doimiy zamonaviy san’at markazi va Markaziy Osiyodagi ushbu formatdagi ilk muassasa bo‘ladi. Markaz 1912-yilda qurilgan sobiq dizel elektr stansiyasining tarixiy binosida joylashgan bo‘lib, uning me’moriy transformatsiyasini Studio KO byurosi amalga oshirgan.

Markazda ko‘rgazma zallari, kutubxona, konsept-stor, restoran, ta’lim maydonlari va jamoat uchun ochiq hududlar birlashtiriladi. CCA Tashkent ko‘rgazmalar, tadqiqotlar, ta’lim va xalqaro madaniy almashinuv uchun maydon sifatida tashkil etilmoqda.
6-sentabr dasturi
Ommaviy dastur ertalabdan boshlanadi va turli yoshdagi tashrif buyuruvchilarga mo‘ljallangan.
- 11:00 — “Hikmah” ko‘rgazmasi asarlaridan ilhomlangan bolalar uchun ijodiy mashg‘ulotlar.
- 12:00 — rassomlar Nari Uord va Tarik Kisvansonning CCA Tashkent bosh kuratori doktor Sara Raza bilan uchrashuvi.
- 13:00 — bolalar uchun she’riyat o‘qishlari va Nadiya Kaabi-Linkening “Flying Carpets” installyatsiyasidan ilhomlangan haykaltaroshlik bo‘yicha mahorat darsi.
- 14:00−16:00 — M+ Museum kolleksiyasidan Kimsooja: Thread Routes — Chapters I-VI va Ali Cherri — The Digger filmlarining namoyishi.
- 16:00 — “AVAAZ” performansi.
- 18:00 — Laylo performansi.
- 20:00 — “Shashmaqom. The Method” performansi.
Bundan tashqari, kun davomida tashrif buyuruvchilar ekskursiyalar va maxsus ta’lim dasturlari orqali “Hikmah” ko‘rgazmasi bilan tanishishlari mumkin.
CCA Tashkent’ga kirish bepul va barcha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq. Oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

Birinchi ko‘rgazma “Hikmah” bo‘ladi
Doktor Sara Raza kuratorligidagi “Hikmah” ekspozitsiyasi mahalliy an’analar, ma’naviy meros va zamonaviy badiiy amaliyotlar o‘rtasidagi bog‘liqlikka bag‘ishlangan. Ko‘rgazma nomi arabcha “hikmah” — “donolik” so‘zidan olingan.
Ko‘rgazmada Muhanad Shono, Nari Uord, Shohrux Rahimov, Tarik Kisvanson, Kimsooja, Ali Cherri, Nadiya Kaabi-Linke, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi I. V. Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi kolleksiyasidan o‘zbekistonlik rassomlar Vladimir Pan, Daribay Saipov va Baxtiyor Saipovning ishlari namoyish etiladi.
Loyiha uchun alohida ovozli installyatsiyani CCA Tashkent musiqiy kuratori Sabina Inoyatova tayyorlagan.

CCA Tashkent yana nimalarni rejalashtirgan?
6-sentabrdagi ochilish markazning muntazam dasturiga start beradi. Bu yerda ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, panel muhokamalari, konsertlar, performanslar, kino namoyishlari va ta’lim tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, CCA Tashkent dasturi poytaxtdan tashqariga ham chiqadi. Sentabrdan Samarqandda tadqiqotlar, fanlararo almashinuv va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan ishlashga bag‘ishlangan yangi art-rezidensiya faoliyat boshlaydi.

4−14-sentabr kunlari Samarqanddagi rezidensiyada AA Visiting School: Climate Cartographies in Samarkand loyihasi o‘tkaziladi. Ishtirokchilar me’morlar, rassomlar, tarixchilar va olimlar ishtirokidagi ma’ruzalar, tadqiqot yo‘nalishlari va amaliy mahorat darslari orqali iqlim, madaniy meros va makon o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi.
Shuningdek, 5-sentabr kuni O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida niderland-marokashlik dizayner Mohamed Benshalalning ko‘rgazmasi ochiladi. Kolleksiya uning 2025-yilda Toshkentdagi art-rezidensiyasidan so‘ng yaratilgan bo‘lib, o‘zbek madaniyati, hunarmandchiligi va me’morchiligidan ilhomlangan.

Markazning yana bir xalqaro loyihasi Venetsiyada allaqachon namoyish etilmoqda. “Aql vositalari” (Instruments of the Mind) ko‘rgazmasi 61-Venetsiya biennalesining parallel dasturi doirasida Palazzo Frankettida o‘tkazilmoqda va rassom Vyacheslav Axunov ijodiga bag‘ishlangan. Ekspozitsiya 2026-yil 22-noyabrgacha davom etadi.
2027-yilda esa CCA Tashkent Ilya va Emiliya Kabakovlarning katta sayt-spesifik loyihasini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Taklif etilgan kurator Zelifira Tregulova bo‘ladi.