O‘zbekiston Venetsiyada Homo Faber 2026 ko‘rgazmasida zamonaviy hunarmandchilikni namoyish etadi

E’lon qilingan sana· 58
O‘zbekiston Venetsiyada Homo Faber 2026 ko‘rgazmasida zamonaviy hunarmandchilikni namoyish etadi

Bu yil an’anaviy amaliy san’at yo‘nalishlarida ijod qilayotgan to‘rt nafar ustaning ishlari namoyish etiladi.

1−30-sentabr kunlari Venetsiyadagi San-Jorjo Madjore orolida zamonaviy badiiy hunarmandchilikka bag‘ishlangan eng yirik xalqaro ko‘rgazmalardan biri — Homo Faber 2026 bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston unda ketma-ket ikkinchi yil ishtirok etadi. Bu yil an’anaviy amaliy san’at yo‘nalishlarida ijod qilayotgan to‘rt nafar usta o‘z ishlarini taqdim etadi.

Madina Kasimbayeva so‘zana san’ati bo‘yicha ochiq namoyishlar o‘tkazib, tashrif buyuruvchilarga an’anaviy kashta tikish usullarini ko‘rsatadi va ular bilan bog‘liq madaniy amaliyotlar haqida so‘zlab beradi.

Shuningdek, ekspozitsiyada Sanjar Kubayev va Alisher Nozirov yaratgan ikkita yirik hajmdagi Moonjars keramik kompozitsiyasi namoyish etiladi. Ustalar o‘zbek kulolchiligiga xos an’anaviy shakllarni zamonaviy kontekstda qayta talqin qilgan.

Yana bir eksponat — buxorolik temirchilar sulolasi Kamolovlar tomonidan yaratilgan beshta badiiy qaychi. Barcha buyumlar an’anaviy bolg‘alash usullarida qo‘lda tayyorlangan bo‘lib, ularning dizaynida ko‘p asrlik Buxoro temirchilik an’anasiga xos qush obrazlaridan foydalanilgan.

Homo Faber’dagi ishtirok O‘zbekistonning Michelangelo Foundation bilan 2022-yilda boshlangan hamkorligini davom ettiradi. O‘sha yili O‘zbekiston Homo Faber Guide xalqaro platformasiga qo‘shilgan Markaziy Osiyodagi ilk davlat bo‘lgan. 2023-yilda Buxoroda Uzbek Chapter tashkil etilgan, gidda taqdim etilgan o‘zbekistonlik ustalar soni esa 11 nafardan 15 nafarga oshgan.

Dasturning alohida qismi yosh avlodga bag‘ishlanadi. Diyorbеk Abdullayev va Sabina Jo‘rayeva 23 mamlakatdagi 62 ta amaliy san’at va dizayn maktabidan saralangan 90 nafar Young Ambassadors qatoridan joy olgan.

Abdullayev — Toshkent arxitektura-qurilish instituti bitiruvchisi, me’mor va rassom. Jo‘rayeva Toshkentdagi Puchon universitetining arxitektura fakultetini tamomlagan va Chronos.Arc studiyasiga asos solgan. Ular bir yarim oy davomida Homo Faber dasturida ishtirok etib, tashrif buyuruvchilarni ko‘rgazma bilan tanishtiradi.

Bu yil ko‘rgazma An Island of Light (“Yorug‘lik oroli”) nomi ostida o‘tkazilib, 70 dan ortiq mamlakatdan 500 nafardan ziyod ustaning 700 dan ortiq ishini birlashtiradi. Loyiha kuratori — Michelangelo Foundation for Creativity and Craftsmanship, badiiy rahbari esa britaniyalik rassom va dizayner Es Devlin.

Homo Faber San-Jorjo Madjore orolidagi tarixiy Fondazione Giorgio Cini majmuasida o‘tkaziladi. Bu yil ko‘rgazmada zamonaviy hunarmandchilik, materiallar va mahoratga bag‘ishlangan 15 ta immersiv installyatsiya namoyish etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling