“Ayol nasli”: Zanmakon’da Robiya Qodirovaning ko‘rgazmasi ochildi

E’lon qilingan sana: · 217
“Ayol nasli”: Zanmakon’da Robiya Qodirovaning ko‘rgazmasi ochildi

Ko‘rgazma tomoshabinlarga ayol tajribasining nozik va shaxsiy olamiga nazar tashlash imkonini beradi. Unda kundalik hayot ortida yashiringan chuqur ildizlar, avlodlar xotirasi va beg‘araz muhabbat haqida so‘z boradi.

Zanmakon galereyasining Ayollar muzeyi makonida toshkentlik yosh rassom Robiya Qodirovaning “Ayol nasli” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi. Loyiha ayolning turli qirralardagi tajribasi, uning o‘z nasli bilan aloqasi, ichki muvozanatni izlash va kundalik hayot prizmasi orqali ma’naviy ulg‘ayishini tadqiq etadi.

Ekspozitsiya zamonaviy san’at, ijodiy ustaxonalar va konseptual loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan Zanmakon art-galereyasi makonida joylashgan.

Ko‘rgazma “Ildizlar”, “O‘tish” va “Yorug‘lik” nomli uchta asosiy bo‘limdan iborat. Ayollar muzeyi asoschisi Elnora Rizayeva ta’kidlashicha, Qodirovaning asarlari chuqur avtobiografik xususiyatga ega bo‘lib, kundalik tashvishlar ortidan ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan eng muhim qadriyatlarga murojaat qiladi.

“Robiyaning asarlarini makonimizda qabul qilish biz uchun katta sharaf, chunki ular oila haqida, hayotimizdagi eng muhim narsa haqida. Ammo Instagram’dagi qayerdadir baxt izlab, ko‘pincha buni payqamaymiz. Aslida esa u shu yerda, uyimiz yonida”, — deya ta’kidlagan u.

Rassom Robiya Qodirovaning aytishicha, asarlar bir necha yil davomida yaratilgan va ularga yaqin insonlarning so‘zlari, oilaviy tarbiya hamda hayotiy tajriba singib borgan.

“Shaxsan men uchun bu ko‘rgazma muhabbat, g‘amxo‘rlik va avloddan avlodga — onadan qizga, buvidan nabiraga o‘tib keladigan tajriba haqida. Tomoshabin nafaqat mening xotiralarim va tuyg‘ularimni ko‘rsin, balki o‘ziga yaqin bo‘lgan nimanidir topishini istadim”, — deydi rassom.

Ko‘rgazma kuratori Svetlana Chistyakova ekspozitsiyaning ko‘p qatlamli ekanini va mavzular bir-biriga silliq o‘tishini ta’kidlaydi.

“Bu ko‘rgazma har tomonlama o‘zini to‘liq anglab yetish haqida. Unda Robiyaning o‘zi, uning turmush o‘rtog‘i va muvozanat izlash haqidagi obrazlar bor. Rassom o‘z tajribasini tahlil qilish orqali har bir insonda aks-sado beradigan asarlarni yaratgan”, — deydi u.

Rangtasvir asarlaridan tashqari, ekspozitsiyadan asarlar tasviri tushirilgan maxsus otkritkalar va kitob uchun xatcho‘plar ham o‘rin olgan. Ularni esdalik sifatida xarid qilish mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling