Markaziy Osiyoning madaniy xaritasida yangi nuqta: poytaxtda CCA Tashkent ochildi

Ko‘rgazmalar, kutubxona, restoran, konsept-stor, ma’ruzalar, vorkshop va munozaralar — 6-sentyabr kuni Toshkentda CCA Tashkent rasman ochildi. Bu O‘zbekistondagi xalqaro darajadagi birinchi doimiy zamonaviy san’at markazi hisoblanadi. Markaz qanday tuzilganligi va unga tashrif buyurish kimlar uchun qiziqarli bo‘lishi haqida hikoya qilamiz.
6-sentyabr kuni Toshkentning tarixiy markazida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo madaniy hayotida yangi bosqichni belgilovchi voqea — Zamonaviy san’at markazi (CCA Tashkent)ning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatning xalqaro miqyosdagi birinchi doimiy zamonaviy san’at markazi 1912-yilda qurilgan sobiq dizel elektr stansiyasi va tramvay deposi binosida joylashgan. Bir kun avval esa markazning pre-opening marosimi bo‘lib, unda ochiq suhbat tashkil etildi.

Markazning tashkil etilish tarixi
Sanoat merosiga dunyoga mashhur fransuz arxitektura firmasi Studio KO (Marrakeshdagi Yves Saint Laurent muzeyi dizaynerlari) yangi hayot bagʻishladi. Arxitektorlar oldida zamonaviy funksiyalarni tarixiy binoga ehtiyotkorlik bilan integratsiya qilish va uning noyob g‘isht terimlari fakturasini saqlab qolishdek murakkab vazifa turardi.

“Binoni topganimda, uning aynan g‘ishtdan ishlanganligi uni o‘ziga xos qilib turganini darhol angladim, — deya eslaydi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayanе Umerova. — Arxitektor izlayotganimda, anchadan beri hayrat bilan havas qilib yurgan loyihalarim va Marrakeshda ko‘rgan binomni esladim. Ma’lum bo‘ldiki, mavjud arxitekturaga chuqur hurmat bilan yondashish kerak ekan.

O‘z navbatida, Studio KO arxitektori Olivye Marti makonning asl kuchini saqlab qolishga intilishganini ta’kidlaydi:
“Biz bu go‘zal binoni: yoqilg‘i hidiga to‘yingan, moy bilan qoplangan, ammo ajoyib kuchni o‘zida mujassam etgan holda eslaymiz. U bazilika yoki ibodatxonani eslatardi… Bizning birinchi qarorimiz unga zarar yetkazmaslik bo‘ldi. Tarixiy inshootni kesib o‘tishni va o‘zgartirishni xohlamadik, shu sababdan asosiy zalni butunlay saqlab qolish uchun pastdan kirishni tanladik. Hatto rejalashtirish va funksiyalarni taqsimlash ham binoning o‘zini tinglash — u bizga nima deyayotganini tushunish istagidan kelib chiqqan…”

Nima uchun odamlarga bu markaz kerak?
CCA Tashkent arxiv eksponatlari saqlanadigan yopiq muzey sifatida emas, balki jonli va ochiq ekotizim, muloqot uchun yangi maydon sifatida yaratilgan. O‘zbekiston aholisining qariyb 65 foizini yoshlar tashkil etishi hisobga olinib, markazni tashkil etishda yosh avlod manfaatlari asosiy o‘ringa qo‘yilgan. Shu orqali madaniy xotiraning avloddan avlodga o‘tishini ta’minlash maqsad qilingan.

“Ayniqsa, madaniy muassasa mamlakatning o‘zida mavjud bo‘lishi juda muhim. U O‘zbekistonlik rassomlar, ijodiy kasb vakillari va turli jamoalar uchrashadigan maskanga aylanishi, shu bilan birga xalqaro auditoriya uchun ham ochiq bo‘lishi kerak. San’at o‘z uyida, shu yerning o‘zida ko‘zga tashlanishi va munosib e’tirof etilishi zarur”, — deya ta’kidladi Gayanе Umerova ochiq suhbat davomida.

Markaz tarkibidan ko‘rgazma zallari, kutubxona, konsept-stor, restoran, ta’lim maydonlari va ochiq tadqiqotlar uchun hududlar o‘rin olgan. Tashrif buyuruvchilar bu yerda nafaqat san’at asarlarini tomosha qilishi, balki jarayonning faol ishtirokchisiga aylanishi mumkin: kitoblar bilan ishlash, munozara va vorkshoplarda qatnashish, oilaviy dasturlar yoki kichik ijodiy uchrashuvlarga tashrif buyurish mumkin. Markaz dasturi bilan @cca_tashkent Telegram-kanali orqali tanishish, tashrif uchun esa saytda ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

“Markaz tashkil etilgan ilk kunlardanoq asosiy e’tibor auditoriyaga qaratildi: makon ularning intellektual va badiiy tajribasi uchun yaratilgan. Shu bilan birgalikda, u rassomlarga ham yo‘naltirilgan. Aynan shu ikki vazifaning uyg‘unligi dasturimizni belgilab berdi, — deydi markaz bosh kuratori Sara Raza. — Bu munozara, muloqot va birgalikda fikrlash uchun maydon bo‘lib, auditoriya bilan o‘zaro almashinuvga asoslanadi. Tashrif buyuruvchi bu yerda passiv tomoshabin bo‘lib qolmaydi: kofe ichishi, kutubxonaga kirishi, ijaraga kitob olishi, kitob klubiga yoki chuqurlashtirilgan mutolaaga qo‘shilishi mumkin. Biz umumiy stol atrofida kichik uchrashuvlar, shuningdek, turli jamoalarni birlashtiradigan kinonamoyishlar, simpoziumlar va tadqiqot kunlari kabi yirik tadbirlarni ham o‘tkazamiz”.
“Biz o‘z kolleksiyasini shakllantiradigan muzey emasmiz. Biz g‘oyalarni saqlaymiz va jamlab toʻplaymiz, rassomlarning ijodiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlaymiz hamda ta’limga sarmoya kiritamiz”, — deya ta’kidlaydi u.

Global ahamiyat va mintaqa ovozi
CCA Tashkentning ilk yirik ko‘rgazmasi Hikmah deb nomlangan. Arab tilidagi “hikmat — (donolik)” so‘zidan olingan bu nom ma’naviy meros va zamonaviy amaliyotlarning kesishish nuqtalarini tadqiq etadi. Ekspozitsiyada dunyoning yetakchi rassomlari asarlari, shuningdek, I. V. Savitskiy nomidagi muzey kolleksiyasidan olingan ishlar namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazmada Nadiya Kaabi-Linkening 2011-yilda yaratilgan mashhur “Uchayotgan gilamlar” installyatsiyasi ham bor. Nyu-Yorkdagi Guggenxaym muzeyidan Toshkentga olib kelingan ushbu asar migrantlarning kundalik hayoti va ko‘chishga majbur bo‘lgan inson obrazini aks ettiradi. Shuningdek, janubiy koreyalik rassom Kimsooja yaratgan interaktiv “Aql arxivi” loyihasi mavjud bo‘lib, unda tomoshabinlar yangi tayyorlangan loydan yasalgan figuralarni qoldirishi mumkin.
Shuningdek, ekspozitsiyaga an’anaviy o‘zbek chekichini madaniyat va mehnat ramzi sifatida olib kirgan amerikalik rassom Nari Uord asarlari koʻrgazmada namoyish etilgan. Bundan tashqari, loyihaning muhim qismini mahalliy rassomlar — Vladimir Pan, Shohrux Rahimov, Baxtiyor Saipov va Daribay Saipovning ishlari tashkil etadi. Ularning asarlari mahalliy san’at maktabini keng xalqaro kontekstga tabiiy ravishda olib kiradi.

Rassom Nadiya Kaabi-Linke o‘z asarining yaratilish tarixi bilan o‘rtoqlashdi:
“Biz bu ishni birinchi marta Toshkentda, umuman O‘zbekistonda va postsovet hududida namoyish etmoqdamiz. Men bu asar haqida 2009-yilda, Venetsiyaga ilk safarim chogʻida o‘ylab qolganman. O‘shanda migrantlarni va politsiyaning ularning ortidan quvayotganini ko‘rdim. Ular tovarlarini yerga, choyshablar ustiga yoyib sotishardi.
Ular gilamlarga o‘xshardi, lekin juda yengil va yupqa edi. Politsiya yaqinlashsa, ular hammasini tezda yig‘ishtirib, “uchib ketishlari” mumkin edi. Menda “Uchuvchi gilamlar” nomli asar g‘oyasi aynan shundan paydo bo‘lgan. Buni ularning qamoqxonasi, deyish mumkin, chunki ularga u yerda yashash yoki ishlashga ruxsat berilmagan, ammo ular bu gilamlar bilan qochib qutulishlari mumkin. Men aynan shu umidsiz vaziyatni san’at orqali ifoda etmoqchi bo‘ldim".
Muassasaning kelajagi haqidagi muhokamasini yakunlarkan, markaz asoschilari uning mutlaq ijodiy erkinlik va mustaqillikka sodiqligini va bunga doim intilishini ta’kidladilar:
“Men bu yerda jonli va oldindan aytib bo‘lmaydigan jarayonlar uchun joy qoldirmoqchiman. Noodatiy ko‘rgazmalarni ko‘rishni istayman: o‘zimga yoqadiganlarini ham, balki umuman tushunmaydiganlarimni ham. Men nazoratni qo‘yib yuborishni judayam xohlayman”, — deya xulosa qiladi arxitektor Olivye Marti.

Gayanе Umerova esa shunday qo‘shimcha qildi: “Bola dunyoga kelgach, uning mustaqil bo‘lish vaqti keladi. Men loyihaning Jamg‘armadan ajralib, o‘z jamoasi, kelajagi va qalbiga ega bo‘lishini, markaz odamlar bilan, kuch, energiya va yangi loyihalar bilan to‘lishini istayman”.

Tashrif buyurish shartlari:
Markazga kirish bepul, faqat roʻyxatdan oʻtish shart.
Ish vaqti:
- Seshanba — Payshanba kunlari soat 10:00 dan 20:00 gacha,
- Juma — Shanba kunlari soat 10:00 dan 22:00 gacha,
- Yakshanba kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha,
- Dushanba dam olish kuni.
Hikmah ko‘rgazmasi 2027-yil 31-yanvargacha davom etadi.
