MOTORFEST 2026: avtomobil ishqibozlari uchun 3 kunlik festival qanday o‘tdi? Foto

21−23-oktyabr kunlari CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar majmuasida avtomobillar, tyuning va tezlik ishqibozlarini birlashtirgan MOTORFEST 2026 PART II festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival maydonida o‘nlab o‘ziga xos avtomobillar namoyish etildi. Ular noodatiy modifikatsiyalari, ko‘zga tashlanadigan dizayni va kuchli audio tizimlari bilan ajralib turardi. Biroq tadbirning eng hayajonli qismi BMW M FEST doirasidagi drift-shou bo‘ldi. Motorlar gumburlashi, shinalar chiyillashi va tutun bulutlari tomoshabinlarga haqiqiy adrenalin taqdim etdi.
Eng jasur mehmonlar esa drift-taksida uchib, bu hayajonni o‘zlari ham his qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Festival avtomobil ishqibozlari uchun o‘ziga xos uchrashuv maydoniga aylandi. Ishtirokchilar o‘z loyihalari haqida so‘zlab, avtomobillarga bo‘lgan qiziqishlarini boshqalar bilan bo‘lishdi. Mehmonlar uchun tanlovlar, musiqa va ko‘ngilochar dasturlar ham tashkil etildi. Festivalning so‘nggi kunida esa g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.

MOTORFEST yig‘ilganlarga aynan ular izlab kelgan narsani taqdim etdi: motorlarning baland hayqirig‘i, ko‘zni quvontiradigan avtomobillar hamda avtomobil madaniyati to‘liq his etiladigan va namoyon bo‘ladigan muhit.