Galereyadan kattaroq: Toshkentdagi "Art Vernissage" eshiklari ortida nimalar yashiringan?

E’lon qilingan sana: · 59
Galereyadan kattaroq: Toshkentdagi "Art Vernissage" eshiklari ortida nimalar yashiringan?

Bu yerda oʻzbek rassomlari bilan uchrashish, surat yoki amaliy sanʼat asarini sotib olish, narxini bilish va jonli auksionda ishtirok etish mumkin. "Art Vernissage" ortida Oʻzbekistonda sanʼatga boʻlgan munosabatni oʻzgartirishi mumkin boʻlgan butun bir tizim turadi.

Toshkentdagi Muqimiy ko‘chasi berk ko‘chalarining birida “Art Vernissage” joylashgan. Bir qarashda bu turli avlodlarga mansub o‘zbek rassomlari va hunarmandlarining asarlari namoyish etiladigan oddiy badiiy galereyaga o‘xshaydi. Bu yerga ularning ijodi bilan tanishish, xonadon uchun madaniy boylik tanlash yoki shaxsiy kolleksiyani to‘plashni boshlash maqsadida kelish mumkin.

Ko‘rgazma maydoni ortida butun boshli infratuzilma faoliyat yuritadi: madaniy boyliklarni texnologik ekspertizadan o‘tkazish laboratoriyasi, san’at asarlarini raqamlashtirish fotolaboratoriyasi, madaniy boyliklarni baholash kompaniyasi hamda nashriyot va auksion uyi shular jumlasidandir.

  • yolgʻon
  • yolgʻon
  • yolgʻon

“Bu shunchaki auksion uyi emas, balki savdo bilan bir qatorda xalqaro standartlar asosida ekspertiza o‘tkazish, baholash va sotish jarayonlarini o‘zida mujassam etgan O‘zbekistondagi ilk art-klasterdir”, — deydi “Art Vernissage” bosh direktori Shavkat Sultonov.

Auksion uyi 2021-yilda ochilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi O‘zbekistonda san’at asarlariga nafaqat dizayn yoki bezak unsuri, balki chinakam investitsiya obyekti sifatida qaraladigan to‘laqonli san’at bozorini shakllantirishdan iborat.

“Agar O‘zbekistonda san’at bozorini yaratmoqchi bo‘lsak, birinchi navbatda san’at asarlarini xarid qilish madaniyatini shakllantirishimiz zarur”, — deya tushuntiradi Sultonov.

Asl nusxalarni qalbakilardan ajratishga yordam beradigan laboratoriya

“Art Vernissage” faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri san’at asarlarini texnologik ekspertiza qilish laboratoriyasidir. Bu yerda suratlar, qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari va boshqa madaniy boyliklar maxsus uskunalar majmuasi yordamida, ashyolarning o‘ziga zarar yetkazmagan holda tadqiq etiladi.

Masalan, asarda taniqli rassomning imzosi va yaratilgan yili ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Biroq uni chizishda ishlatilgan bo‘yoq qayd etilgan davrga mos keladimi?

  • yolgʻon
  • yolgʻon
  • yolgʻon

Tekshiruvlarda obyektni shikastlamaydigan tahlil texnologiyalari qo‘llaniladi. Uskunalar nafaqat materiallar tarkibidagi kimyoviy elementlarni, balki bo‘yoq pigmentlarining kimyoviy formulalarini ham aniqlaydi, mutaxassislar esa olingan natijalarni pigmentlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi bilan solishtiradi.

“Biz pigmentlar orqali uning taxminan qaysi yili yaratilganini aniqlay olamiz. Agar asar bir davrga mansub deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-yu, undagi pigmentlar, deylik, zamonaviy bo‘lib chiqsa — tamom, bu qalbaki degani”, — deya hikoya qiladi Shavkat Sultonov.

Intervyu davomida direktor uskunaning ishlash jarayonini namoyish etdi. Konstruksiyasi va boshqaruv dasturini uning o‘zi ishlab chiqib, patentlagan maxsus stol tadqiqot nuqtalarini aniq tanlash imkonini beradi. Tahlil natijalari tekshirilayotgan obyektning kimyoviy tarkibini aks ettiruvchi jadvallar va grafiklar ko‘rinishida bayonnomada shakllantiriladi.

  • yolgʻon
  • yolgʻon
  • yolgʻon

Biroq, laboratoriya xulosasi haqiqiylikni toʻliq aniqlash uchun yetarli emas. Materiallarni oʻrganib chiqqandan soʻng, san’atshunoslar asarning muallifligi, badiiy uslubi, tarixi va boshqa xususiyatlarini oʻrganish uchun chaqiriladi.

Boshqa hech qayerda yoʻq san’at asarining qiymatini qanday aniqlash mumkin?

Asarning taxminiy yoshini aniqlashda texnologiyalar yordam beradi. Lekin uning qiymatini qanday belgilash mumkin?

Oddiy tovarlardan farqli o‘laroq, san’at asarining narxi faqat xomashyo qiymati va sarflangan vaqtdan kelib chiqmaydi. Bunda asarning muallifligi, noyobligi, badiiy qiymati, holati, kelib chiqishi hamda unga bo‘lgan talab muhim ahamiyatga ega.

Ayniqsa, milliy amaliy san’at namunalarini baholash ancha murakkab. Masalan, qadimiy so‘zana, o‘zbek miniatyurasi, kashtachilik, kulolchilik yoki zargarlik buyumlarining xalqaro bozorda bevosita muqobili topilmasligi mumkin.

2022-yilda “Art Vernissage” jamoasi O‘zbekistonning yetakchi san’atshunos olimlari hamda intellektual mulk obyektlarini baholash sohasidagi xalqaro ekspertlarni jalb qildi. Ular mamlakat san’at asarlarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda madaniy boyliklarni baholash metodikasini ishlab chiqdi.

“Bizda dunyoda boshqa hech qayerda uchramaydigan san’at asarlari bor. Bular — so‘zana, yog‘och o‘ymakorligi, miniatyura, gilamdo‘zlik, kashtachilik va zargarlik san’ati. Biz tasviriy san’at uchun qariyb 100 ta, amaliy san’at uchun esa 500 ta mezon ishlab chiqdik”, — deya tushuntiradi Shavkat Sultonov.

Har bir parametrga muayyan ball beriladi va baholovchi shu ballar asosida tegishli koeffitsiyentlarni qo‘llaydi. Bunda asarning xususiyatlari, muallifning professional e’tirofi, san’atshunoslarning xulosalari va bozor tahlili hisobga olinadi.

“Ilgari san’atshunoslar bir yarim sahifalik xulosa yozib, falonchi rassom yoki hunarmand, uning ishi taxminan shuncha turadi, deb qo‘ya qolishardi. Lekin narx qaysi mezonlar asosida shakllantirilgan? U qanday aniqlangan? Biz san’atshunoslarning o‘zlari belgilagan mezonlarni ishlab chiqdik. Keyin esa xalqaro baholash ekspertlari ularni iqtisodiy tilga o‘girishdi”, — deydi direktor.

Natijada mulk egasi shunchaki mutaxassis fikrini emas, balki qiymatning asoslantirilgan izohi keltirilgan 40−50 sahifalik batafsil hisobotni oladi. Sultonovning so‘zlariga ko‘ra, bunday hujjatni tayyorlash odatda bir haftaga yaqin vaqt oladi. Bugungi kunga qadar madaniy boyliklarni baholashga ixtisoslashgan “Art Appraisal Center” MChJ baholash kompaniyasi qariyb 300 ta san’at asarini baholagan.

Metodologiyadan milliy standartgacha

2026-yilda O‘zbekistonda MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib Yagona milliy baholash standartining Madaniy boyliklarni baholash milliy standarti (16-sonli MBS) tasdiqlandi. Uning asosini avvalroq “Art Vernissage” tomonidan ishlab chiqilgan Madaniy boyliklarni baholash metodikasi tashkil etdi.

Ixtisoslashtirilgan baholash standartining joriy etilishi mamlakatda madaniy boyliklarni monetizatsiya qilish mexanizmini yaratish va uning natijalaridan iqtisodiy munosabatlarda foydalanish imkonini beradi.

  • yolgʻon
  • yolgʻon

Bu nafaqat xususiy xaridorlar, balki mol-mulk qiymatini hujjatlar bilan tasdiqlashga ehtiyoj sezadigan sug‘urta kompaniyalari, biznes vakillari va boshqa tashkilotlar uchun ham muhimdir.

Shu bilan birga, baholash kelajakda narx oshishini kafolatlamaydi va kartinaning avtomatik ravishda garov aktivi sifatida tan olinishini anglatmaydi. U san’at asarlarining investitsion aktiv sifatida muomalaga kirishi va iqtisodiy aylanmada to‘laqonli tovarga aylanishi uchun asos yaratadi.

Nima uchun rassomga shunchaki rasm chizishning oʻzi yetarli emas?

O‘zbekistonda san’at ta’limining rivojlangan tizimi mavjud: ixtisoslashtirilgan san’at maktablari, sohaga oid oliy ta’lim muassasalari, ustaxonalar va ijodiy birlashmalar. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda har yili san’at sohasida, jumladan, rassomlik yo‘nalishida 1500 nafarga yaqin diplomli mutaxassis yetishib chiqadi.

Biroq o‘qishni tamomlagach, ularning ko‘pchiligi bir savolga duch keladi: asarlarni qanday sotish mumkin? Muammoni tushuntirish uchun “Art Vernissage” direktori avtomobil bozorini misol qilib keltiradi.

“Mashina sotib olmoqchi bo‘lganingizda avtomobil ishlab chiqaradigan zavodga borasizmi yoki baribir avtosalonga murojaat qilasizmi? Hech kim zavodga bormaydi, hamma avtosalonga boradi”.

Uning fikricha, san’at sohasida ham shunga o‘xshash tizim bo‘lishi kerak. Rassom asar yaratadi, galereya uni targ‘ib qilish va sotish bilan shug‘ullanadi, san’atshunoslar ekspertiza o‘tkazadi, baholovchilar qiymatini aniqlaydi, auksion uylari esa savdolarning ochiq tarixini shakllantiradi. O‘zbekistonda esa muallif ko‘pincha bu vazifalarning barchasini mustaqil bajarishiga to‘g‘ri keladi.

“Rassom ham mahsulot ishlab chiqaruvchi, ham uni reklama qiluvchi, ham logistika bilan shug‘ullanuvchi shaxsga aylansa, ijod qilishga vaqti qolmaydi. Rassom ijod qilishi kerak. U reklama, piar, logistika va ko‘rgazma tashkil etish bilan shug‘ullanmasligi lozim. Bu ishlarni professionallar bajarishi kerak”.

“Art Vernissage” aynan shunday infratuzilmani rivojlantirishga, rassomlar, mutaxassislar va xaridorlarni birlashtirishga harakat qilmoqda.

  • yolgʻon
  • yolgʻon
  • yolgʻon

San’at asarlarini kimlar sotib oladi va bunda biznes nima uchun muhim?

Kartinalar turli sabablarga ko‘ra sotib olinadi: interyer uchun, muayyan rassom ijodiga bo‘lgan muhabbat sababli, kolleksiya to‘plash maqsadida yoki kelajakda qiymati oshishidan umid qilib.

Xalqaro bozorda xaridorlar orasida yirik kompaniyalar ham bor. Masalan, “Deutsche Bank” o‘zining korporativ san’at kolleksiyasi bilan tanilgan. Sultonov biznesning ishtiroki O‘zbekiston san’at bozori rivojida muhim omil bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

“Har qanday bozor unda biznes ishtirok etgan taqdirdagina ishlaydi. Biznes bo‘lmasa, bozor ham bo‘lmaydi”.

Misol tariqasida u tijorat ko‘chmas mulki interyerlarini bezatishni keltiradi. Biznes-markaz egasi oddiy dekorativ kartinalarni sotib olishi yoki professional rassomlarning asarlaridan kolleksiya to‘plab, ularning haqiqiyligi va qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarni olishi mumkin.

“Masalan, kompaniya egasi qaysi rassomlarning asarlari unga yoqishini tanlaydi. Biz esa badiiy qiymati va investitsion jozibadorligi nuqtayi nazaridan eng yaxshi asarlarni saralab beramiz, ularni baholaymiz va sug‘urtalaymiz. Natijada asarlar shunchaki dekor elementlari bo‘lib qolmay, kompaniyaning korporativ kolleksiyasini shakllantiradi hamda kompaniyaning yuqori maqomini ko‘rsatuvchi investitsion aktivga aylanadi”, — deya tushuntiradi direktor.

San’at auktsionida nimalar boʻladi?

“Art Vernissage” faoliyatining yana bir yo‘nalishi — auksionlar o‘tkazish. Intervyu o‘tkazilgan paytga qadar bu yerda uchta savdo tadbiri tashkil etilgan. Ko‘pchilik uchun auksion deganda zal, stavkalarni oshirib borayotgan ishtirokchilar va qo‘lida bolg‘acha tutgan boshlovchi ko‘z oldiga keladi. Biroq savdolar murakkab jarayonning faqat yakuniy bosqichi hisoblanadi.

“Bu shunchaki stolni bolg‘acha bilan taqillatishdan iborat auksion emas. Stolga urishdan oldin bajarilishi kerak bo‘lgan juda katta hajmdagi ishlar bor”, — deydi Sultonov.

Dastlab tashkilotchilar bo‘lajak savdolar mavzusini belgilaydi va kurator tayinlaydi. Shundan so‘ng asarlar saralanadi, ekspertizadan o‘tkaziladi, baholash hujjatlari, sug‘urta va katalog tayyorlanadi. Auksiondan taxminan bir oy oldin ko‘rgazma ochiladi. Unda potensial xaridorlar asarlarni ko‘rishi, ularning holatini o‘rganishi va hujjatlari bilan tanishishi mumkin.

  • yolgʻon
  • yolgʻon
  • yolgʻon

“Kimdir auksionda ishtirok etishdan oldin, predmet bilan tanishib chiqishi kerak. Uni oʻz koʻzi bilan koʻrishi kerak.”

Dastlabki tanishuvdan so‘ng xaridorlar auksionda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishi va tashkilotchilar belgilagan qoidalarga muvofiq narx taklif qilishi mumkin. Lot eng yuqori narx taklif qilgan ishtirokchiga nasib etadi.

Auksionoldi ko‘rgazmaga kartina sotib olish niyatisiz ham tashrif buyurish mumkin. Auksionda ishtirok etish uchun esa ro‘yxatdan o‘tish, to‘lov va komissiya shartlarini oldindan aniqlashtirish zarur.

“Art Vernissage” to‘rtinchi auksionini tasviriy va amaliy san’at sohasidagi yosh iste’dodlarga bag‘ishlashni rejalashtirmoqda. Respublika tanlovi doirasida tashkilotchilar ixtisoslashtirilgan san’at maktablarining 10−11 sinf o‘quvchilari, talabalar va 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasidan eng yaxshi 30 ta asarni saralab olishni mo‘ljallagan.

Asarlarni “Art Vernissage” sayti orqali xalqaro onlayn-auksionga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu yosh rassomlar uchun ilk ochiq savdo tarixiga ega bo‘lish, kolleksionerlar bilan tanishish va mamlakat tashqarisida ham o‘zini namoyon etish imkoniyatidir.

Qanday qilib kolleksioner boʻlish mumkin va birinchi surat qancha turadi?

Kolleksionerlik haqidagi keng tarqalgan tasavvur katta mablag‘ va mashhur rassomlarning asarlari bilan bog‘liq. Biroq o‘z kolleksiyangizni shakllantirishni qimmat xaridlardan boshlash shart emas. Shavkat Sultonov grafika asarlari va yosh ijodkorlarga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi.

“Grafikadan boshlang. Qimmat turmaydigan yosh rassomlarning asarlaridan boshlang. 100, 200, 300, 500 dollarga yosh rassomning noyob durdonasini sotib olish mumkin”.

Birinchi asarni tanlashda o‘z didingizga tayanish, muallif ijodini o‘rganish, asar tarixini bilish va xarid bilan birga qanday hujjatlar taqdim etilishini aniqlashtirish muhim.

Vaqt o‘tishi bilan kolleksiya muayyan mavzu atrofida shakllanishi mumkin. Masalan, zamonaviy o‘zbek san’ati, grafika, miniatyura, milliy hunarmandchilik yoki bir avlodga mansub rassomlarning asarlari shular jumlasidan.

Biroq kolleksionerlik faqat pul masalasi emas.

“Inson san’at asarini sotib olganida, rassomni, uning san’atini qo‘llab-quvvatlaydi va o‘zi ham madaniyatga daxldor bo‘lib boradi”, — deydi Sultonov.

Kartina sotib olish muallifni qo‘llab-quvvatlash va san’atni faqat muzey ko‘rgazmalarining emas, balki kundalik hayotning ham bir qismiga aylantirish imkonini beradi.

Oʻzbek san’atining kelajagi

“Art Vernissage"ning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, san’atni rivojlantirish uchun faqat iste’dodli rassomlarni tayyorlash va ko‘rgazmalar tashkil etishning o‘zi yetarli emas.

Asarlarni professional darajada o‘rganish, baholash, sotib olish, sug‘urtalash va kolleksiya qilish mumkin bo‘lgan tizim zarur. Shunda rassomlar targ‘ibot va savdo ishlarini mutaxassislarga ishonib topshirib, ijodga e’tibor qaratishi mumkin bo‘ladi.

Sultonov istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida korporativ kolleksionerlikni ko‘radi. U kompaniyalarni mamlakat ustalarining tasviriy va amaliy san’at asarlarini sotib olishga rag‘batlantiradigan mexanizmlarni rivojlantirishni taklif qilmoqda.

Uning fikricha, bu barqaror talabni shakllantirish, mualliflarni qo‘llab-quvvatlash va galereyalar, baholovchilar, san’atshunoslar hamda art-menejerlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.

Biroq to‘laqonli bozor bir kunda shakllanmaydi. Uni rivojlantirish uchun xaridorlarning ishonchi, shaffof savdolar, professional standartlar va kolleksionerlik madaniyati zarur.

“Art Vernissage” bugunoq ushbu infratuzilmaning bir qismini shakllantirishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, auksion uyi va uning galereyasi O‘zbekiston san’ati bilan tanishish uchun shunchaki tashrif buyurish mumkin bo‘lgan maskan bo‘lib qolmoqda. Buning uchun investitsiya kiritish yoki professional kolleksionerga aylanish niyati bo‘lishi shart emas.

“Bizning vazifamiz — inson ertaga shunchaki chiroyli dizayn elementi bo‘lib qolmaydigan madaniy qadriyatga ega bo‘lishini ta’minlash. Bu uning tarixga kiritgan investitsiyasi, kelajakka kiritgan sarmoyasi bo‘ladi”, — deya xulosa qiladi Shavkat Sultonov.

Muallif
Gala Sapayeva
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling