Buxoro biyennalesining 2027-yilgi ikkinchi mavsumi mavzusi va ilk ishtirokchilari e’lon qilindi

E’lon qilingan sana: · 9
Buxoro biyennalesining 2027-yilgi ikkinchi mavsumi mavzusi va ilk ishtirokchilari e’lon qilindi

Yangi mavsum “Asrlar osha ehtirom” (The Long Welcome) deb nomlandi. Kuratorlik g‘oyasi zamirida Buxoroning o‘zi haqidagi kuzatuv yotadi. Shaharning qiyofasi ko‘p jihatdan bir vaqtlar bu yerga uzoqdan kelgan insonlar tufayli shakllangan. Ular orasida savdogarlar, olimlar va hunarmandlar bo‘lgan. Ayrimlari shaharda yashab qolgan va ilgari kelganlar madaniyatining bir qismi bo‘lgan jihatlar asta-sekin Buxoroning o‘ziga aylangan. Bu tarix bugungi kunda ham shahar me’morchiligi, hunarmandchiligi va mahalliy an’analarida aks etib turadi.

WHY Architecture arxitektura byurosi asoschisi Kulapat Yantrasast ikkinchi mavsumning badiiy direktori bo‘ldi.

Mehmondo‘stlik asarlarning qanday yaratilishini ham belgilaydi. O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar rassomlari buxorolik hunarmandlar hamda mahalliy hamjamiyatlar bilan birgalikda yangi loyihalarni ishlab chiqadi. Shu tariqa shahar aholisi hammualliflar sifatida ishtirok etadi. Ayrim asarlar ko‘rgazmadan keyin ham o‘z hayotini davom ettiradi. Tashkilotchilar rejasiga ko‘ra, ular Buxoroda qolib, shahar muhitining bir qismiga aylanadi.

Ishtirokchilarning dastlabki ro‘yxatidan 11 nafar ijodkor o‘rin olgan. Ular orasida Anish Kapur, Ku Chon A, Sevara Haydarova Donazzan, Syuzan Filips, Nigina Mirzajonova va Preshes Okoyomon bor. Shuningdek, biyennalega Jozef Arzumanov, Oskar Tuazon, Maksim Vardanyan, Daima Rahmonbekova va Betan Lora Vud ham qo‘shiladi. Tashkilotchilar navbatdagi ishtirokchilarni 2027-yilda e’lon qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling