Oakley futuristik Infiniloop ko‘zoynaklarining cheklangan seriyasini taqdim etdi

Model konstruksiyasida bir-biridan farq qiluvchi ikki material uyg‘unlashtirilgan: yarim ochiq romning yuqori qismi yengil va mustahkam titandan, pastki qismi esa kompaniyaning O-Matter nomli egiluvchan polimeridan tayyorlangan.
Sport optikasi bo‘yicha mashhur Oakley brendi texnologiya va konseptual dizayn uyg‘unligidagi navbatdagi mahsuloti — cheklangan seriyada chiqarilgan Infiniloop quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklarini taqdim etdi.

Yangi model kompaniyaning eksperimental Future Genesis ijodiy platformasi doirasida ishlab chiqilgan. Dizaynerlar oldiga kompaniya tarixidagi eng murakkab vazifalardan biri qo‘yilgan: ko‘zoynakni yuzda ushlab turish uchun imkon qadar kam chiziqlardan foydalangan holda yagona uzluksiz shakl yaratish. Dizayn uchun ilhom manbai sifatida mashhur Myobius tasmasining bir tomonlama halqasi tanlangan. Infiniloop’ning murakkab muhandislik yechimlari zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bo‘lsa-da, uning estetikasi futuristik uslubda yaratilgan.
Model konstruksiyasi ikki xil materialni uyg‘unlashtiradi: yarim ochiq romning yuqori qismi yengil va mustahkam titandan, pastki qismi esa Oakley’ning moslashuvchan O-Matter polimeridan tayyorlangan. Ular faqat bir necha deyarli sezilmaydigan nuqtalarda tutashadi. Shu sababli tashqi qirralari to‘liq ochiq bo‘lgan yuqori texnologiyali Prizm Black linzalari havoda muallaq turgandek taassurot uyg‘otadi.

Model narxi 997 AQSh dollari etib belgilangan.
Ko‘zoynaklar 14-iyuldan boshlab Oakley’ning rasmiy sayti va tanlangan flagman do‘konlarida “Polished Chrome” va “Matte Black” ranglarida sotuvga chiqarildi. Yangi model taqdimoti Future Genesis olamining ikkinchi bobiga bag‘ishlangan bo‘lib, eksklyuziv komikslar to‘plami chiqishi bilan bir vaqtda o‘tkazildi.