Nike va Hyperice Air Zoom Hyperslide vibratsiya va isitish funksiyasiga ega shippaklarni taqdim etdi

Ular sportchilarning mashg‘ulotlar, musobaqalar va uzoq safarlardan keyin tiklanishi uchun ishlab chiqilgan.
Nike va Hyperice sportchilarning mashg‘ulotlar, musobaqalar va uzoq safarlardan keyingi tiklanishi uchun mo‘ljallangan Nike Air Zoom Hyperslide shippaklarini taqdim etdi. Yangi model tiklanish jarayonini istalgan sharoitda qulay va samarali tashkil etishga yordam beradi.

Nike’ning sportchilar uchun innovatsiyalar bo‘yicha katta direktori Tobi Hetfildning so‘zlariga ko‘ra, sportchilar maydonda bor kuchini sarflaydi, shu sababli tiklanish jarayoni ham shunga mos darajada bo‘lishi kerak. Uning ta’kidlashicha, Air Zoom Hyperslide aynan yoqilgan zahoti tiklanish jarayonini boshlash, sportchilarning o‘zini bo‘shashgan, dam olgan va yangi natijalarga tayyor his qilishiga yordam berish maqsadida yaratilgan.

Modelning asosiy texnologik elementi — sozlanadigan tasmasiga magnit orqali mahkamlanadigan yechiladigan Hyperslide Pod moduli. U 15 daqiqalik tiklanish seanslarini taklif etadi va uchta vibratsiya rejimi hamda 47° C gacha bo‘lgan uchta isitish darajasini qo‘llab-quvvatlaydi. Rejimlarni Hyperice App ilovasi yoki moduldagi tugmalar orqali boshqarish mumkin. Yurishdagi qulaylikni esa to‘liq o‘lchamli past profilli Air Zoom tagligi ta’minlaydi.

Ishlab chiquvchilar va brend elchilari, jumladan futbolchi Virjil van Deykning fikricha, yangi modelning asosiy afzalligi samarali bo‘shashtiruvchi massajni Nike’ning o‘ziga xos amortizatsiyasi bilan uyg‘unlashtirganidadir. Air Zoom Hyperslide o‘tgan yili taqdim etilgan Hyperboot etiklaridan keyingi texnologik mahsulotlar qatorining davomi bo‘ladi. Nike Air Zoom Hyperslide 29-sentabrdan brendlarning rasmiy saytlari va dunyoning tanlangan do‘konlarida sotuvga chiqariladi.
Modelning rasmiy narxi hali e’lon qilinmagan. Biroq insayderlar uning narxi 250 dollar atrofida bo‘lishini aytmoqda. Shippaklar kulrang va qora ranglarda taqdim etiladi.