Selfie va LALI kollaboratsiyasi: an’anaviy kashtalar kundalik kiyim-kechaklarning ajralmas qismiga aylandi

13-oktyabr kuni Park in Mall savdo markazidagi Selfie do‘konida dizayner LALI bilan hamkorlikda yaratilgan kapsula kolleksiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yangi to‘plamda kundalik kiyimlarga yorqin detallar qo‘shilib, an’anaviy o‘zbek naqshlari xudi, jinsi shim, mayka va aksessuarlarda aks etdi. Afisha.uz taqdimotda qatnashib, ushbu hamkorlik qanday boshlanganini o‘rgandi.
Selfie x LALI qo‘shma kolleksiyasi ustida ish mart oyidayoq boshlangan. Jamoa oldida modaga bir qarashda turlicha bo‘lgan ikki yondashuvni uyg‘unlashtirish vazifasi turgan: bular Selfie’ning kundalik kiyishga qulay bazaviy kiyimlari hamda milliy unsurlar, naqshlar va to‘yingan ranglar alohida o‘rin tutadigan LALI’ning o‘ziga xos estetik uslubidir.

Kapsula kolleksiyasi Nurota kashtachiligidan ilhomlanib yaratilgan. An’anaviy naqshlar o‘ziga xosligini saqlagan holda yangicha talqin qilinib, zamonaviy bichimdagi kiyimlarga ko‘chirilgan. Natijada milliy unsurlar kundalik liboslar bilan tabiiy uyg‘unlashgan kolleksiya yaratilgan. Undan 12 xil kiyim o‘rin olgan bo‘lib, har biridan 2 000 donadan ishlab chiqarilgan.
Lali nafaqat naqshlarni ishlab chiqishda, balki mato va bichimlarni tanlashda ham ishtirok etgan. Selfie jamoasining ayrim qarorlari esa hatto dizaynerning o‘zi uchun ham yoqimli kutilmagan yangilik bo‘lgan.

Taqdimotda Lalining aytishicha, dastlab u kiyimlar kashta bilan emas, asosan bosma naqshlar bilan bezatiladi, deb o‘ylagan. Chunki keng xaridorlar ommasiga mo‘ljallangan brend uchun mahsulot narxini hamyonbop saqlash muhim. Biroq Selfie jamoasi bu bilan cheklanmagan: shaklini yaxshi saqlaydigan qalinroq matolarni tanlab, kolleksiyadagi bir nechta buyumni haqiqiy kashta bilan bezatgan.
Aynan shu detallar kolleksiyaning asosiy o‘ziga xos jihatlaridan biriga aylangan. Xudilarning yenglari va etaklariga, jinsi shimlarning esa orqa cho‘ntaklariga kashta tushirilgan. Maykalar mayda munchoqlardan ishlangan naqshlar bilan, sport uslubidagi trikotaj shimlar va ro‘mol esa yorqin bosma naqshlar bilan bezatilgan.

Kolleksiyadan jami 12 xil kiyim va aksessuarlar o‘rin olgan. Ularni o‘zaro uyg‘unlashtirib, yaxlit obraz yaratish yoki odatiy bazaviy kiyimlar bilan birga kiyish mumkin. Taqdimot davomida Lali bu g‘oyani amalda ko‘rsatib berdi. Dizayner kolleksiyadagi buyumlarni bir-biri hamda Selfie’ning boshqa kiyimlari bilan uyg‘unlashtirib, model qizlarda bir nechta obrazni namoyish etdi.
Lali, shuningdek, zumerlar avlodi bilan ishlash, yoshlar uchun liboslar yaratish va ularning o‘z uslubi bilan qanday tajribalar qilishini kuzatish unga ayniqsa yoqishini aytib, dizayner yangi kolleksiya aynan shu auditoriyaga manzur bo‘lishiga umid bildirdi.

Taqdimot uchun brendlar alohida reklama kampaniyasini, jumladan, videorolik ham tayyorlagan. Biroq savdoning dastlabki natijalari rasmiy taqdimotdan oldinoq ma’lum bo‘lgan. Selfie vakillarining aytishicha, besh kun ichida kolleksiyadagi ko‘plab modellar sotilib ulgurgan. Kolleksiya faqat Toshkentda, brendning 12 ta do‘konidan 7 tasida sotuvga qo‘yilgan.