Bella Hadid uchun purkaladigan ko‘ylak yaratgan Coperni fransuz brendi yopilishini e’lon qildi

E’lon qilingan sana: · 129
Bella Hadid uchun purkaladigan ko‘ylak yaratgan Coperni fransuz brendi yopilishini e’lon qildi

Shisha va havodan yasalgan sumkalari, robotlar ishtirokidagi namoyishlari hamda Disneyland Paris’dagi defilesi bilan tanilgan brend asosiy aksiyadori bilan yuzaga kelgan moliyaviy mojaro ortidan faoliyatini to‘xtatmoqda.

Fransiyaning Coperni moda brendi o‘z faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi. Bu haqda 4-noyabr kuni uning asoschilari Arno Vayan va Sebastyen Meyer ma’lum qildi. Bunga brendning asosiy aksiyadori va eksklyuziv distribyutori bo‘lgan Tomorrow Ltd. kompaniyasi bilan uzoq davom etgan mojaro sabab bo‘lgan.

“Bu sakkiz yil ajoyib bo‘ldi. Coperni har doim jamoaviy sarguzasht bo‘lgan va biz yaratgan narsalarimizdan cheksiz faxrlanamiz”, — dedi Vayan va Meyer qo‘shma bayonotida.

Coperni nimalari bilan yodda qoldi?

Brendga 2013-yilda Parijda Arno Vayan va Sebastyen Meyer asos solgan. Uning nomi insoniyatning koinot tuzilishi haqidagi tasavvurlarini o‘zgartirgan astronom Nikolay Kopernik sharafiga qo‘yilgan.

2015-yilda dizaynerlar Courrèges brendining ijodiy yo‘nalishiga rahbarlik qilish uchun o‘z loyihalari ustidagi ishlarni vaqtincha to‘xtatgan, 2018-yilda esa Coperni faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ygan. Brend estetikasining asosini minimalizm, futuristik siluetlar va texnologiyalar bilan tajribalar tashkil etgan.

Brendning eng taniqli aksessuarlaridan biri Swipe Bag — smartfon ekranini qulfdan chiqarish harakatidan ilhomlangan, o‘ziga xos tutqichli oval sumka bo‘lgan. Bir necha yil davomida dizaynerlar uning turli materiallardan, jumladan, shisha, meteorit va kremniy aerogelidan tayyorlangan variantlarini taqdim etgan.

  • yolgʻon
  • yolgʻon
  • yolgʻon
  • yolgʻon

Air Swipe Bag nomini olgan so‘nggi variant 2024-yilda namoyish etilgan. Sumkaning 99 foizi havodan iborat bo‘lib, og‘irligi atigi 33 grammni tashkil etgan. Uni yaratishda NASA kosmik texnologiyalari bilan bog‘liq materialdan foydalanilgan.

Biroq Coperni’ga haqiqiy jahon miqyosidagi mashhurlikni 2022-yil sentabrida o‘tkazilgan 2023-yil bahor-yoz kolleksiyasi namoyishi olib kelgan. O‘shanda podiumda mutaxassislar Bella Hadidning tanasiga Fabrican nomli maxsus suyuq materialni purkagan va u bir necha daqiqa ichida oq ko‘ylakka aylangan.

2023-yilda brend Boston Dynamics kompaniyasining robot-itlari ishtirokidagi noodatiy namoyishi bilan yana e’tiborni tortgan. Robotlar modellar bilan o‘zaro harakat qilgan, jumladan, ularning kiyimlarini yechib olgan.

2024-yil oktabrida Coperni Disneyland Paris’da defile tashkil qilgan. Namoyish Uyqudagi go‘zal qasri fonida o‘tkazilgan, yakuniy chiqishda esa Kayli Jenner qora kechki libosda podiumga chiqqan.

2025-yil martida brend Parijdagi Adidas Arena’ni keng ko‘lamli LAN-kechaga aylantirgan. Modellar Fortnite va Rocket League o‘ynayotgan geymerlar orasida kolleksiyani namoyish etgan.

Xalqaro mashhurlik, internetda keng tarqalgan moda namoyishlari va taniqli shaxslarning qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, Coperni moliyaviy inqirozni yengib o‘ta olmadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling