Met Gala 2027 mavzusi e’lon qilindi: jinsi shimlar, futbolkalar va xudilar yuqori modaga aylanadi

Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyi Met Gala 2027 mavzusini e’lon qildi. U extraORDINARY: Fashion and the Poetics of the Everyday (“G‘ayrioddiylik: moda va kundalik hayot poetikasi”) deb nomlangan. Mavzu dizaynerlik yechimlari tufayli san’at asariga aylanadigan odatiy kiyimlar va buyumlarga yangicha nazar tashlashga bag‘ishlangan.
Bal 2027-yil 3-may kuni bo‘lib o‘tadi va an’anaga ko‘ra, Kostyum instituti bahorgi ko‘rgazmasiga start beradi. Ekspozitsiya 2027-yil 9-maydan 2028-yil 9-yanvargacha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.
Loyiha kuratori Endryu Bolton bo‘ladi. Ko‘rgazma ikkita asosiy yo‘nalishga bo‘linadi. Birinchisi — Familiar Forms (“Tanish shakllar”) — dizaynerlar garderobning asosiy elementlari: jinsi shimlar, futbolkalar, xudilar, charm kurtkalar, trenchlar va pufak kurtkalarga qanday yangicha yondashishini namoyish etadi. Ikkinchisi — Common Matter (“Oddiy materiallar”) — kiyim yaratishda qog‘oz, plastmassa, metall va topilgan buyumlardan foydalanishni o‘rganadi.
Eksperimental liboslarga alohida o‘rin ajratiladi. Ular orasida Comme des Garçons brendining 1992-yilda yaratilgan qog‘oz ko‘ylagi, Martin Marjela, Issey Miyake va Glenn Martensning Maison Margiela uchun ishlari mavjud. Tashrif buyuruvchilarga oshxona anjomlari, singan chinni buyumlar va tugmalar kabi odatiy materiallar qanday qilib kiyim elementlariga aylanishi ko‘rsatiladi.
Ekspozitsiya yaponiyalik dizayner Jun Takaxashining Undercover brendi uchun yaratgan 2024/25-yil kuz-qish kolleksiyasidagi ishlari bilan boshlanadi. Ushbu kolleksiya Vim Vendersning “Mukammal kunlar” filmidan ilhomlangan. Ko‘rgazma Anrealage brendining eksperimental modellari bilan yakunlanadi. Ularda odatiy kiyimlar kub, shar va piramida kabi geometrik shakllarga ega bo‘ladi.
Endryu Boltonning so‘zlariga ko‘ra, loyihadan maqsad hatto eng oddiy buyumlar ham shaxsiy xotiralar, odatlar va hissiyotlarni o‘zida saqlashi, dizaynerlar esa ularda yangi ma’nolarni ochib bera olishini ko‘rsatishdir.
Met Gala 2027 mavzusi dizayner Jon Galyanoga bag‘ishlangan avval rejalashtirilgan ko‘rgazma bekor qilinganidan keyin taqdim etildi. Vogue ma’lumotlariga ko‘ra, kurator dastlabki ekspozitsiyaning o‘rnini bosuvchi loyiha sifatida qabul qilinmaydigan, mustaqil ko‘rgazma yaratishga qaror qilgan.