Golden Goose va Shohrux Xonning D’YAVOL X brendi hamkorlikda kolleksiya chiqaradi

Italiyaning Golden Goose markasi va Hindistonning D’YAVOL X ko‘cha kiyimlari brendi ilk qo‘shma kolleksiyasini taqdim etdi. Kolleksiyadagi ayrim kiyimlar Shohrux Xon ishtirokidagi “Qirol” (King) filmida paydo bo‘ladi. Kartinaga Siddhart Anand rejissyorlik qilgan, premyerasi esa 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Hamkorlik doirasida Golden Goose o‘zining Super-Star krossovkalarini yangicha talqinda taqdim etdi. Kapsula kolleksiyasidan qora zamsh elementlari bilan bezatilgan kumushrang, qizil zamsh yulduzli oq hamda qora charmdan tayyorlangan krossovkalar o‘rin olgan. Kumushrang va oq modellarda qizil X harfi, shuningdek, Forever King va No crown needed yozuvlari paydo bo‘lgan. Kiyimlar qatoriga kumushrang metall bezaklar va qora baxmal yoqa bilan ishlangan to‘q kulrang kurtka, futbolkalar, xudilar hamda to‘q qizil beysbolka kiritilgan.
Shohrux Xon va Golden Goose o‘rtasidagi aloqalar uzoq tarixga ega. Hali 2017-yilda GQ India aktyor Italiya brendining o‘ziga xos eskirgan ko‘rinishga ega krossovkalarini muntazam kiyishini yozgan edi. 2023-yilda esa u o‘g‘li Aryan bilan birgalikda D’YAVOL X brendining ilk reklama roligida suratga tushgan. Rolikka Aryanning o‘zi rejissyorlik qilgan.
Kolleksiyaning birinchi qismi 24-noyabrda sotuvga chiqadi, ikkinchi qismi esa 2027-yil boshida taqdim etiladi.




