Namanganda 62-xalqaro gullar festivali bo‘lib o‘tadi

E’lon qilingan sana· 141
Namanganda 62-xalqaro gullar festivali bo‘lib o‘tadi

Namanganda 21-maydan 4-iyunga qadar xalqaro gullar festivali bo‘lib o‘tadi. Oltmish ikkinchi bor oʻtkaziladigan festivalga 2,5 mln dan ortiq mehmonlar tashrifi kutilmoqda. Tadbir Madaniyat va turizm vazirligi, Namangan viloyati hokimligining Madaniyat va turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etiladi.

Ta’kidlash kerakki, festival oʻz tarixida ikkinchi bor ikki hafta (2023-yil may oyining soʻnggi haftasi va iyun oyining birinchi oʻn kunligida) davom etadi.

2022-yilda festivalga 30 dan ortiq xorijiy davlatlardan mehmonlar tashrif buyurgan boʻlsa, bu yil 40 dan ortiq mamlakatdan mehmonlar tashrifi kutilmoqda. Ular orasida diplomatik korpus vakillari, Namangan bilan birodarlashgan viloyat va shaharlar mutasaddilari, hamkor qoʻshma korxonalarning chet ellik rahbarlari ham qatnashishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, bayramda ishtirok etadigan gulchilar geografiyasi ham kengaydi: oʻtgan yili Janubiy Koreya, Hindistondan gulchilar koʻrgazmada ishtirok etgan boʻlsa, bu yil Germaniya, Hindiston, Polsha, Janubiy Koreya, Qirgʻiziston va Italiya gulchilari qatnashadi.

Bundan tashqari, festival boʻlib oʻtadigan Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli istirohat bogʻida 15 mln, shahar koʻchalarida 10 mln, jami 25 mln gul va koʻchatlar ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, shahar koʻchalari turfa xil shaklda bezatiladi.

Qayd etish joizki, hozirgi kunda Namangan viloyatidagi 25 ta mehmonxona, 9 ta xostel, 526 ta oilaviy mehmon uylari, 6 ta yotoqxona, 18 ta sanatoriy va 4 ta dam olish maskani 8,5 mingdan ortiq mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Festival arafasida esa yana 5 ta mehmonxona ishga tushiriladi.

Shu bilan birga, festival mehmonlariga xizmat koʻrsatish uchun jami 80 kishidan iborat volontyorlar guruhi shakllantirilmoqda. Xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirgan yoshlar shaharning moʻjaz xaritalari va bukletlar bilan taʼminlanadi.

Festivalning madaniy dasturi ham boy va qiziqarli boʻlishi kutilmoqda. Xususan, “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomli istirohat bogʻi, “Afsonalar vodiysi” tematik parkida oʻrnatiladigan sahnalarda shoir va yozuvchilar, sirk ustalari, oʻzbek estradasi yulduzlari va folklor ansambllari chiqishlari namoyish etiladi.

Festival yakunida tadbirda munosib ishtirok etgan gulchilar va korxona-tashkilotlar bir necha nominatsiyalar boʻyicha taqdirlanadi.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ