Dam olish kunlari havo harorati biroz pasayadi

E’lon qilingan sana· 113
Dam olish kunlari havo harorati biroz pasayadi

O‘zgidromet`ning xabar berishicha, juma va shanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha issiq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati +35…+38 daraja atrofida, ba’zi joylarda +40 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +42 darajagacha bo‘ladi.

Hududning katta qismida havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 5-avgust kuni shimoli-g‘arbiy hududlarga Janubiy Ural hududlaridan nisbatan nam va salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, havo harorati +32…+37 darajagacha pasayadi.

6-avgust yakshanba kuni nisbatan nam va salqin havo massalari kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Kunduzgi harorat barcha joylarda +30…+35 darajagacha, janubda +35…+38 darajagacha pasayadi. Bulutlilik ko‘payishi kutilmoqda.

Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

Toshkent shahrida 4−6-avgust kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 3−6 m/s tezlikda esadi, 6-avgustda 12−17 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat +38…+40 darajadan +33…+35 darajagacha asta-sekin pasayadi.