Sahrodagi sharqona ertak: Bukhara Desert Oasis & SPA majmuasiga tashrif buyurish uchun 7 ta sabab

E’lon qilingan sana· 458
Sahrodagi sharqona ertak: Bukhara Desert Oasis & SPA majmuasiga tashrif buyurish uchun 7 ta sabab

Choʻlda, "sivilizatsiyadan yiroq" maskanda, sokin va ortiqcha shovqin-suronsiz noodatiy hordiq – Bukhara Desert Oasis & SPA turistik klasterining oʻziga xos jihatini namoyon etadi.

23-sentyabr kuni Buxoro viloyati, Romitan tumani, Marziya MFYda joylashgan Bukhara Desert Oasis & SPA innovatsion turistik klasteriga Ekologiya vazirligi va Turizm qoʻmitasining tomonidan katta press-tur tashkil etildi. Afisha.uz muxbiri ham ushbu majmuaga tashrif buyurib, mazkur noodatiy turistik obyekt haqida soʻz yuritadi.

Bukhara Desert Oasis & SPA 2020 yil mart oyida ishga tushirilgan boʻlib, hududi 8 gektarga teng. Mahalliy va xorijiy sayyohlarga turistik xizmatlar koʻrsatishga moʻljallangan. Ta’kidlanishicha, klaster yiliga 24 000 nafar xorijiy sayyoh va 270 000 nafar mahalliy sayyohlarni qabul qilish imkoniyatiga ega. Hozirda klasterda 50 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan.

Majmuada 30 xildan ortiq turistik xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan, tarixni oʻzida zamonaviy namoyon qilgan 700 oʻrinli “Шатер Эмира” (“Amir chodiri”) restorani, ochiq havoda dam olish maqsadida 3000 oʻrinlik “Karvon Saroy” maydoni, 35 000 oʻringa moʻljallangan “Varaxsho” restorani, 30,0 gektar maydonda agro-eko bogʻlar va innovatsion issiqxonalar barpo etilgan.

Bukhara Desert Oasis & SPA klasterida ekstremal va ekoturizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Djiplar va kvadrotsikllar yordamida sayr qilish, parashyutdan sakrash, ot va tuya poygalari kabi sayyohlarni qiziqtiruvchi bir qator xizmatlar mavjud. Safari uslubidagi ekstremal sayrlar — xotirangizda bir umr qolishi aniq. Ushbu maskan shu turdagi hordiq uchun ayni muddao.

“Шатер Эмира” (“Amir chodiri”) restorani Buxoro va umuman Buyuk Ipak Yoʻli tarixini vizual tarzda mujassam etgan katta joy.

Dizaynerlik jihatidan etnik buyumlar, sharqona dekoratsiya, gilamlar va idishlarga e’tibor qaratilgan. Menyuda oʻzbek milliy va yevropa taomlari taqdim etiladi.

Restoran sizni haqiqiy “Sharqona ertak” tomon chorlaydi. Uning fonidagi yorqin fotosuratlar sizni befarq qoldirmaydi.

Klasterda Milliy sport oʻyinlari, turli tadbirlar va xalqaro miqyosdagi turli xil konferensiyalar oʻtkazish imkoni mavjud. Shuningdek, xalqaro sport oʻyinlari (boks, aralash jang MMA) oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hozirga qadar viloyat miqyosidagi tadbirlar, Respublika miqyosidagi sport oʻyinlari, MDH davlatlari sportchi vakillari orasida ikki marotaba oʻtkazilgan MMA (aralash jang) va hozirgi kunda yoshlar uchun munosib oʻrin tutgan “Zakovat” intellektual oʻyining Respublika bosqichi oʻtkazilgan.

“Hozirda Bukhara Desert Oasis & SPA majmuasida maxsus samolyot va vertolyotlarda ham sayyohlarni sayr ettirish, keyinchalik parashutlarni ham yoʻlga qoʻyish rejada bor. Ayni damda bir Shvetsiya kompaniyasidan marketing borasida takliflar keldi, shuni ustida ishlayapmiz, muhokama qilyapmiz. „Davlat — Ilm — Biznes“ uchburchagi asosida har bir yoʻnalishni rivojlantirish konsepsiyasi ilgari surilmoqda. Tan olish kerak, Google`da „Buxoro“ deb soʻrov bersangiz, ma’lumotlar juda kam chiqadi. Buxoroda turistik xizmat koʻrsatadigan joylar haqida ayniqsa ma’lumotlar oz. Bu hozirda bizda marketing yoʻnalishining oqsayotganidan dalolat. Shu sababli ushbu kompaniya viloyatlarning salohiyatini butun dunyoga targʻib qilish uchun koʻmaklashadi”, — deydi Romitan tumani hokimi Umedjon Barnoyev.

Turistik klaster bir necha yoʻnalishlarda oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Ekologik toza hudud

Buxoro vohasining Qizilqum mintaqasida joylashgan ushbu hududda — qum barxanlari va saksovulzorlarning ajoyib manzarasi bagʻrida ot va tuyalarda sayohat qilish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, yoʻltanlamas avtotransport vositalarida (djip, kvadratsikl) maxsus trassalar boʻylab sayohat xizmatlari tashkil etilgan. Choʻl hududida 30 gektar maydonda mevali daraxtlardan iborat bogʻ yaratilgan va kelgusida tejamkor tomchilab sugʻorish tizimining joriy etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari yer ostida qurilgan issiqxonada turistik markaz uchun barcha kerakli poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Sogʻliqni mustahkamlash uchun xizmatlar

Zamonaviy oʻtovlar, suv havzasida plyaj yaratish, kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilgan tarixiy-zamonaviy mehmonxona hamda “Spa” — sogʻlomlashtirish markazida issiq suv, yod va loy bilan davolash hamda quyosh nurlaridan samarali foydalanish xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan.

Katta gastronomik dunyo

“Amir” restorani, “Karvon Saroy” maydoni, “Varaxsho” ochiq osmon ostida restoranlari va “Sari degi” deb nomlangan turli tematikaga moʻljallangan ovqatlanish nuqtalarida turli millatlarga mansub mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun restoran xizmatlari tashkil etilgan. Ta’kidlanishicha, mehmonlar uchun tayyorlanadigan barcha turdagi ovqatlarga kerakli poliz va goʻsht mahsulotlari turistik klasterning oʻzida yetishtiriladi va barchasi ekologik toza hisoblanadi.

Arxeologik sayohat

Moziyga sayr qilishni istagan mehmonlar uchun XVI asr yodgorligi “Boʻrontepa” tepaligidagi arxeologik izlanishlar natijasida shakllangan shahar qoldiqlari mavjud. Ushbu yodgorlik oʻzbek davlatchiligining asoslari yaratilgan qadim Baqtriya davridan toki XVI-XVII asrgacha Ipak yoʻlida joylashgan muhim markazlardan biri hisoblangan. Turistik markazda alohida muzeyi burchagi tashkil etilgan boʻlib, tarixiy yodgorliklar qoldiqlarini oʻrganuvchi sayyohlar uchun sharoitlar yaratilgan.

Sport tadbirlarini toʻgʻridan toʻgʻri tomosha qilish imkoniyati

Mahalliy va xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarini, milliy xalq oʻyinlari (boks, kurash, koʻpkari, qoʻchqor urishtirish, sakrab tep, arqon tortish) oʻtkazish imkoniyatiga ega maxsus sahna, maydon, tomosha uchun sharoitlar yaratilgan. Hozirgi kunga qadar bir necha marotaba turli milliy xalq sport oʻyinlari tashkil etib kelinmoqda.

Baliq ovlash uchun sharoitlar

Ov qilish uchun shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, 4.5 gektar maydonda baliq havzasida yil boʻyi sayyohlar baliq ovlab oʻzlari oʻsha joyning oʻzida pishirib tanovul qilish mumkin.

Turli darajadagi tadbirlarni oʻtkazish uchun barcha shart-sharoitlar

Mahalliy va xorijiy miqyosdagi turli konferensiya va festivallar hamda tadbirlar oʻtkazish imkoniyati yaratilgan. Ma’lumotlarga koʻra, 2023-yilda 220 nafar xorijiy sayyoh va 14 200 dan ortiq mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan.

Kelgusida turistik markaz faoliyatini kengaytirib xorijiy sayyohlarni jalb qilish boʻyicha muntazam ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Malayziya va Indoneziya davlatlaridagi turistik korxonalar orqali targʻibotlar tashkil etilib, ziyorat turizmi yoʻnalishida Buxoroga tashrif buyuruvchi sayyohlarga qoʻshimcha koʻngilochar xizmat turlariga jalb etish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda, deydi majmua ma’muriyati.

Bukhara Desert Oasis & SPA narxlari (mahalliy turistlar uchun):

Majmuaga kirish:

  • kattalarga — 40 000 soʻm;
  • bolalar va nogironlar — bepul;
  • talabalar — 20 000 soʻm.

Oʻtovlar (1 sutka, nonushta bilan):

  • Standart (5 kishilik) — 150 000 soʻm (kishi boshiga);
  • Yarim lyuks (5 kishilik) — 200 000 soʻm (kishi boshiga);
  • Lyuks (2 kishilik) — 250 000 soʻm;
  • Prezident lyuksi — 400 000 soʻm.

Ijara:

  • soʻri — 100 000 soʻm;
  • shiyponcha — 100 000 soʻm;
  • shisha-bar restorani — 100 000 soʻm;
  • “Varahsha” restorani — 100 000 soʻm;
  • “Amir chodiri” restorani — 300 000 soʻm.

Safari xizmatlari:

  • jipda (1 marotaba aylanish, 5 km) — 250 000 soʻm;
  • kvadrosiklda (1 marotaba aylanish, 3 km) — 75 000 soʻm;
  • ot yoki tuyada (1 marotaba aylanish 10 daqiqa) — 25 000 soʻm.

Press-tur soʻnggida tashrif buyuruvchilarni tojikistonlik afsonaviy xonanda Daler Nazarovning katta konsert dasturi kutardi.

Mashhur xit-qoʻshiqlardan tortib, yangi taronalar ham yangradi.

Nozima Xoshimova
Muallif
Nozima Xoshimova
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ