"Oʻzbek Kappadokiyasi": Boysunda havo sharlari festivali oʻtkazildi

E’lon qilingan sana· 737
"Oʻzbek Kappadokiyasi": Boysunda havo sharlari festivali oʻtkazildi

18-yanvar kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Qizil kanyon uzra havo sharlari uchirilib, Birinchi respublika festivali oʻtkazildi. Afisha.uz muxbiri ham mazkur yorqin tadbirda ishtirok etib, maxsus reportaj tayyorladi.

Boysun azal-azaldan oʻzining keng va ulkan togʻlari, AQShning Kolorado shtati yoki Iordaniyaning qadimiy Petra shahrini eslatuvchi kanyonlari bilan mashhur. Biroq yetarli darajada mazkur joylari yoritilmagani sababli, turistik jihatdan salohiyati endi-endi rivojlantirilmoqda. Havo shartlari festivali esa ushbu vazifani amalga oshirish uchun ayni muddao.

Turkiyaning Kappadokiya shahrini eshitgandirsiz. U nafaqat gʻayrioddiy manzaralari va qadimiy obidalari, balki havo sharlaridagi sayohatlari bilan butun dunyo turistlarini oʻziga jalb qiladi. Uning “tashrif qogʻozi” ham desak boʻladi. Shuningdek, quyosh botganda kuzatuv maydonchalaridan ajoyib landshaftlarga ham guvoh boʻlasiz. Mazkur joy ochiq osmon ostidagi mazkur noyob muzey ham ataladi.

Yuqoridagi suratda Kappadokiyaning goʻzal manzarasi aks etgan. Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida ham aynan shunday atmosferani namoyon etish uchun ilk marotaba havo sharlari festivali oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi va Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir Boysun tumani turizm salohiyatini rivojlantirish va hududga kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishga qaratilgan. Hozirdan qiziqish ortayotganiga ham guvoh boʻldik, Instagram sahifamizga togʻlar fonidagi suratni joylagan zahotimiz: “Turkiyadamisan?” degan savollar keldi.

Boysun tumani markazidan 3 km uzoqlikda joylashgan Qizil kanyon — yillar davomida tuproq hamda qoyalarning suv va shamol tufayli yemirilishidan hosil bo‘lgan tabiat mo‘jizasi.

Havo sharlari Aeronavtika federatsiyasi mutaxassislari festival doirasida Qizil kanyon uzra ikki marta parvozga olib chiqildi. Yorqin reportajlarni tayyorlash va taassurotlari bilan boʻlishish maqsadida OAV xodimlari va blogerlar ham sharlarda aylantirildi.

Afisha.uz muxbirining akrofobiyasi (balandlikdan qoʻrqish) tufayli, pastdan turib ham sharlardan zavqlanish lozim deb topildi.

Rang-barang va turli koʻrinishdagi havo sharlarining namoyish parvozlari tashrif buyuruvchilarga bu betakror, ertaknamo hududning fazoviy manzarasini tomosha qilish, yoqimli kadrlarni fotokamera xotirasiga joylash imkoniyatini beradi. Hozirda bu kabi sharlarda uchish narxi, muntazamligi haqida batafsil ma’lumotlar yoʻq, keyinroq e’lon qilinishi ta’kidlab oʻtildi.

Tadbir doirasida mehmonlar uchun musiqiy dasturlar namoyish etildi. Surxoncha kuy qoʻshiqlar va raqslar namoyish etildi.

Afisha.uz tahririyati uchun Surxondaryo baxshisi tomonidan maxsus terma ham aytib berildi.

Umuman olganda, Boysun hordiq uchun ayni muddao boʻlgan joy. Har tomondan tog' tizmalari, koʻkalamzorlar — toʻyib-toʻyib nafas olish uchun eng ma’qul joy desak ham boʻladi. Soʻnggi kunlarda, Toshkentdagi havoni eslab esa, ayniqsa u yerda uzoqroq muddatga qolishni istaysiz.

Press-tur Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi tomonidan tashkil etildi.

Nozima Xoshimova
Muallif va fotosuratchi
Nozima Xoshimova
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ