Endi Toshkentda har oyda bir marta “Avtomobilsiz kun” bo‘lib o‘tadi
Prezidentning tegishli farmoni bilan Toshkent shahrida har oyning to‘rtinchi chorshanbasi “Avtomobilsiz kun” sifatida o‘tkaziladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Bu 2024-yilning 24-aprel, 22-may, 26-iyun, 24-iyul, 28-avgust, 25-sentyabr, 23-oktyabr, 27-noyabr va 25-dekabr kunlariga toʻgʻri keladi.
Toshkent shahrida davlat idoralari rahbarlari va xodimlarining jamoat transportidan foydalanishi orqali oyda bir kun davomida shaharda yuradigan avtotransport vositalari soni oʻrtacha 200 ming (22−25 foiz)ga kamayadi. Natijada atmosfera havosiga avtomobillardan zararli tashlamalar ham 22−25 foizga (oʻrtacha 580 tonnaga) qisqaradi hamda shahar ichidagi tirbandliklar kamayishiga erishiladi, deya qayd etmoqda Ekologiya vazirligi.
Ta’kidlanishicha, avtomobilsiz harakatlanishni targʻib qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad, eng avvalo, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda avtomobil tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratish va atrof-muhitni muhofaza qilish har bir insonning fuqarolik burchi ekanligini taʼkidlashdir.
Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari ish joyiga jamoat transportida kelishi orqali namuna koʻrsatib borishi alohida qayd etilgan.