Qoraqalpogʻistonda "Orol turizmi" oʻtkaziladi
16−19-aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va Mo‘ynoq tumanida “Orol turizmi” haftaligi o‘tkaziladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, haftalik doirasida “Orolboʻyi ezgu niyat elchilari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi, “Orol rassomlar nigohida” ijodiy koʻrgazmasi va pleneri bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada yosh havaskor va professional rassomlarning Orol haqidagi rasmlari namoyish qilinadi.
Shuningdek, 18-aprel kuni Mo‘ynoqda “Aral Sea Eco Race” eko-marafoni o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar jami 2 km masofada yugurishadi. Bunda dastlab daraxt ekiladigan maydonchagacha 1 km masofani bosib o‘tishadi, maydonchada daraxt ekishadi va yana marraga qaytishadi (1 km masofa). Har bir ishtirokchining o‘z raqamiga chip biriktirilgan bo‘lib, u daraxt ekish faktini qayd etadi. Finish chizig‘ida har bir ishtirokchi tabiatni tiklash loyihasidagi ishtiroki uchun ramziy daraxt ko‘rinishidagi medal bilan taqdirlanadi. Marafonda ishtirok etish uchun prorun.uz orqali ro‘yxatdan o‘tish lozim.
“Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilarini „Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar“ gastronomik festivali hamda tarixiy obidalarga unutilmas sayohat kutmoqda”, deya qoʻshimcha qilinadi xabarda.