Toshkentdagi piknik uyushtirish mumkin boʻlgan joylar

E’lon qilingan sana· 3 018
Toshkentdagi piknik uyushtirish mumkin boʻlgan joylar

Usmon Azim aytganidek, deraza ortida — bahor mukammal. Bu oilaviy, do‘stlar bilan yoki yolg‘iz sayr qilish, “tabiat bilan uyg‘unlashish“ning ayni vaqti. Bu uchun albatta shahardan tashqariga, togʻlarga chiqish shart emas. Toshkentda ham piknik, sayr qilish qilish mumkin joylar topiladi. Toʻgʻri, ular koʻp emas, lekin harna-da. Ob-havo oʻzining iliq harorati bilan koʻchaga chiqishga chorlab turgan vaqtda bundan foydalanmaslik toʻgʻri emas. Ustiga-ustak qarshimizda — uzundan-uzun dam olish kunlari.

Afisha.uz poytaxtdagi yashillik qoʻynida dam olish, vaqtni mazmunli oʻtkazish mumkin boʻlgan manzillarni bir joyga toʻpladi.

Eco Park

Jamlanmani hammaga ma’lum va mashhur joylardan boshlaymiz. Masalan, Eco Park. Bu yerda shunchaki toza havoga toʻyib sayr qilishingiz, balki volleybol, badminton, stol tennisi kabi mashgʻulotlar bilan shugʻullanishingiz mumkin. Shuningdek, bog' hududida veloyoʻlaklar ham alohida qilingan. Piknik qilish uchun istalgan maysazorga oʻtirish mumkin emas, bu uchun alohida hudud belgilangan.

Bu bogʻda dam olish kunlari odam gavjum boʻladi. Uning alohida piknik hududida joy topish muammo emas-u, lekin yaxshiroq joylarni topish mushkul boʻlishi mumkin. Agar dam olish kunlari piknik qilmoqchi boʻlsangiz, shuni hisobga olib borishingizni tavsiya qilamiz.

Manzil: Yandex | Google.

Eng yaqin metro bekati: “Hamid Olimjon”.

Yapon bogʻi

Yaponiya nafasi Toshkentda. Hozir ayni sakura gullagan vaqt. Koʻl, oʻrindiqlar, daraxtlar, sokinlik, gullagan sakura, qushlar sayrashi, yashillik — bularning barchasi Yapon bogʻida. Bu yerda sayr qilishdan tashqari piknik ham qilishingiz mumkin, maysalarga oʻtirish taqiqlanmagan. Ammo kirish pulli: bir kishi uchun 30 ming soʻm.

Manzil: Yandex | Google.

Eng yaqin metro bekati: “Bodomzor”.

OʻzEkspoMarkaz

Yapon bogʻidan sal ichkariroq kiramiz. U yerda ajoyib koʻrgazmalar oʻtadigan “OʻzEkspoMarkaz” hududi bor. Bu yerni koʻpchilik bilmaydi, ammo bu Toshkentdagi eng sokin va manzarali hududlardan biri. Koʻrgazma pavilionlariga borishda sizga Boʻzsuv kanali hamrohlik qiladi, ushbu kanalning ikkila qirgʻogʻida ham bemalol piknik qilish mumkin. Qirg‘oq bo‘yiga faqat darvozalar orqali kirish mumkin. Ular kechki soat 9 larda yopiladi.

Ammo yosh bolalilar bu yerga borishi tavsiya etilmaydi: qirgʻoqdagi maysazor va kanal orasi toʻsilmagan.

Manzil: Yandex | Google.

Eng yaqin metro bekati: “Bodomzor”.

Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi

Hali ham Yunusoboddamiz. E’tibor beradigan boʻlsak, 2−3 km radiusda ajoyib manzillar bor. Ularning uchinchisidamiz, keyingisi pastda.

“Shaxidlar hiyoboni”, Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi atrofida ham yashil hududlar koʻp, ular oʻtirsa, piknik qilsa boʻladi. Agar yaxshi joy topa olsangiz, sizga Toshkent teleminorasi manzarasi ham ochilishi mumkin. Sal pastroqdan esa kanal oʻtgan, unga yaqinroqda salqinlab oʻtirsangiz ham boʻladi. Aytgancha, bu yerda ovqatlanib oʻtirish biroz noqulay boʻlishi mumkin, chunki oʻtiradigan maysazorlarning aksariyati qiya.

Manzil: Yandex | Google.

Eng yaqin metro bekati: “Shahriston”

Botanika bogʻi

Yunusobod tumanidagi toʻrtinchi manzil — Toshkentning “oʻpkasi"da ham рiknik qilish mumkin. U yerdagi mikroklimat boshqa joylarnikidan yaxshigina farq qiladi. Tog' havosini his qilmoqchi boʻlganlar uchun bu bog' ayni muddao. Bog' maydoni katta, daraxtlari koʻp va joylashuvi shahar chetrogʻida boʻlgani sababli hudud ancha sokin. Ammo u yerga kirish pulli: bir kishiga 10 ming soʻm.

Botanika bogʻiga bahorda borish qat’iy tavsiya etiladi, сhunki shunda kurtak otayotgan daraxtlar, gullardan bahramand boʻlishingiz mumkin. Atrofingizda turli flora, yashillik, sokinlik va yaqinlaringiz — bundan ideal manzara boʻlmasa kerak.

Manzil: Yandex | Google.

Eng yaqin metro bekati: “Bodomzor”.

Olimpiya shon-shuhrati muzeyi

Anhor kanali boʻyida oʻtirish odamga oʻzgacha zavq beradi. Hozir “Navroʻz” bogʻi ortidagi kanal boʻyi ancha jonlangan. Veloyoʻlaklar, turli mashgʻulotlar uchun hududlar tashkil qilingan. Bundan tashqari, yangi oʻrindiqlar, piyodalar yoʻlaklari, oʻzgacha dizayndagi koʻprik va quyosh botishi — Instagram’ga rasm tushish uchun ham yaxshi lokatsiya.

Manzil: Yandex | Google.

Eng yaqin metro bekati: “Mustaqillik maydoni”, “Abdulla Qodiriy”.

Elbek bogʻi

“ZoʻrTV” telekanali qarshisida joylashgan mazkur park haqida koʻpchilik bilmaydi. Bu yer sal kam oʻrmon. Yoʻl boʻyida joylashganini hisobga olmasa, bog' dam olish uchun ideal — daraxtzor, odam kam va bemalol oʻtirish mumkin.

Bu joy odamlarga shu darajada begonaki, internetda ham bogʻning rasmlari juda kam, borlari ham juda sifatsiz. Bog' haqidagi birinchi taasurotlaringiz buzilmasligi uchun sifatsiz surat qoldirmaslikka qaror qildik.

Manzil: Yandex | Google.

Eng yaqin metro bekati: “Toshkent”.

Do‘stlik bog‘i

Doʻstlik bogʻi ham unchalik gavjum boʻlmagan va piknik qilish mumkin boʻlgan kam sonli hududlardan biri. Seul bogʻi bilan kesishishi, u yerdagi suv havzasi va daraxtlar uchrashuvga atmosfera bagʻishlab turishi turgan gap. Oilangiz, yaqinlaringiz, ogʻaynilaringiz va sevgan insoningiz bilan doʻst boʻling — Doʻstlik bogʻiga boring.

Manzil: Yandex | Google.

Eslatma: doʻstlar agar yuqoridagi manzillarda (umuman, boshqa joylarda ham) piknik uyushtirsangiz, iltimos, chiqindilarni yigʻib, maxsus qutiga tashlashni unutmang. Rahmat.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ