Toshkentda hafta davomida yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

E’lon qilingan sana· 100
Toshkentda hafta davomida yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

Toshkent shahrida ish kunlari davomida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda Oʻzgidromet agentligi.

22-aprel kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Ertaga — 23-aprelda kunning ikkinchi yarmida faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, poytaxtda hafta davomida havo o‘zgarib turadi, 22−23-aprel va 25-aprel kunlari vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq ham bo‘lishi mumkin. 24-aprel kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat asosan kechalari 14−17 gradus, kunduz kunlari 23−28 daraja bo‘ladi.

24-aprelda O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

25−26-aprel kunlari respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Ushbu kunlarda harorat foni deyarli o‘zgarmaydi. Harorat asosan kechalari 13−18 daraja, kunduz kunlari 24−29 gradus bo‘ladi.

22−26-aprelda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi.

24−25-aprelda shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.

22-aprelda harorat ko‘tarilishi hisobiga baland tog‘larda qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.

22−23-aprelda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.