Toshkentda O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi

E’lon qilingan sana· 447
Toshkentda O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi

Toshkent shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi.

Botir Zokirov 1936-yilda san’atkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetgan. 29 yoshida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. 2000-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” va 2021-yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.

Botir Zokirov juda qisqa — 49 yil umr ko‘rgan. Lekin shu yillar davomida o‘zidan rang-barang va boy ijodiy meros qoldirgan. Uning sehrli ovozi yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borib, xalqimiz qalbidan, san’atimizning oltin fondidan joy olgan. Dunyoning madaniyat poytaxtlarida o‘zbek san’atini zo‘r muvaffaqiyat bilan namoyish etgan.

Xonanda 1955-yilda, ayni kuchga to‘lgan paytida og‘ir dardga yo‘liqadi. Bir necha marta jarrohlik amaliyotlarini boshidan o‘tkazadi. Shifokorlar unga qo‘shiq aytishni taqiqlab qo‘yadi. Lekin shu ahvolda ham ijoddan, kuylashdan to‘xtamaydi.

Botir Zokirov umr bo‘yi yangilikka intilib yashardi. Sharq folklori va zamonaviy estrada san’atini uyg‘unlashtirib, “Myuzik xoll” ijodiy jamoasini tashkil etgan, xonanda va kompozitor sifatida ko‘plab iste’dodli yoshlarga ustozlik qilgan. Respublikada xizmat ko‘rsatgan “Yalla” ansamblining tashkil topishida Botir Zokirovning xizmatlari beqiyos.

2021-yilda Botir Zokirovning 85 yillik tavallud ayyomi keng nishonlandi. Ulug‘ hofiz nomidagi milliy mukofot ta’sis etildi. U haqda ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli film va spektakllar yaratildi.

Botir Zokirov tahsil olgan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan ko‘chaga u kishining tabarruk nomi berildi. Ushbu konservatoriya huzurida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati instituti barpo etildi.

Toshkent shahrida san’atkorning memorial muzeyini barpo etish, estrada san’ati bo‘yicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro ko‘rik-tanlov va talabalar uchun davlat stipendiyasi joriy etish, badiiy film yaratish, Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ham koʻzda tutilgan.

Marosimda Botir Zokirovning izdoshlari, jumladan Oʻzbekiston xalq artisti Farruh Zokirov (Botir Zokirovning akasi), san’at va madaniyat namoyandalari so‘zga chiqdi.