Oʻzbekistonda iyun oyining birinchi ish haftasida quruq ob-havo kuzatiladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Poytaxtda havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikkacha esadi. Harorat 3−5-iyun kunlarida 30−33 daraja, 6−7-iyunda esa 32−35 daraja issiq bo‘ladi. Harorat asosan kechalari 18−21 daraja iliq bo‘ladi.

Ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda, shuningdek, 4−5-iyun kunlari Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi ba’zi joylarda jadalligi kamroq bo‘lgan momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Ushbu kunlarda respublika hududining katta qismida qulay harorat saqlanib turadi, haftaning birinchi yarmida harorat 29−32 daraja, ikkinchi yarmida esa 32−35 daraja issiq bo‘ladi. Faqat janubda va cho‘l hududlarda harorat kunduz kunlari 36−39 darajagacha ko‘tariladi.

Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, 3−5-iyunda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.