Oʻzbekistonda Kappadokiyadagi kabi havo sharlari hududi tashkil etiladi
Shavkat Mirziyoyev 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasini qo‘ydi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Parkent tumanida tadbirkor 2023-yilda 2 ta havo shari hamda 10 ta deltaplan va paraplanlar bilan 100 ming sayyohni jalb qilgan. Yana 10 nafar tadbirkor Bo‘stonliq, Parkent va Aydarko‘lda ekstremal turizmni rivojlantirish istagida.
“Mo‘ynoq aeroportida ham parashyutdan sakrash va havo dayvingi ekstremal turizmni rivojlantirish mumkin. Buning uchun Turkiyaning Kappadokiyasiga o‘xshash alohida havo hudududi bo‘lishi kerak. Kappadokiyada 2023-yilda havo sharlari 600 ming sayyohga xizmat ko‘rsatilib, 100 million dollar daromad olingan”, — dedi davlat rahbari (“O‘zbekiston 24” telekanali lavhasidan iqtibos).
Prezident ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, transport vaziri Ilhom Mahkamov va mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovga bir oy muddatda ikkita hududni tanlab, ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilishni topshirdi.