“Yangi Toshkent”ning birinchi tumani bosh rejasi tasdiqlandi
“Yangi Toshkent"ning bosh loyihachisi va yetakchi maslahatchilardan biri bo‘lgan Britaniyaning Cross Works kompaniyasi loyihaning ilk tumani qurilishining bosh rejasi tasdiqlanganini ma’lum qildi. Birinchi hudud “Yangi O‘zbekiston” bog‘idan Yangibozor tomon — Chirchiq daryosi va Qorasuv kanali oralig‘ida bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, Cross Works boshchiligidagi kompaniyalar konsorsiumi loyihaning bosh rejasini ishlab chiqish ustida ishlagan. Boshqa kompaniyalar orasida Buro Happold, Gillespies, KPMG Uzbekistan, BuroAtlas, Hartek Muhendislik, DOME+PARTNERS, SKAB, Synthesis, Udevs, CAMC Engineering, ATCHAIN, SNT Visual va boshqalar koʻrsatilgan.
“Yangi Toshkent"da 25 ming gektar maydonda 2,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qilishi rejalashtirilgan. 13-poytaxt tumani hududi boʻylab Qorasuv va Chirchiq daryolari oqib oʻtadi. Birinchi tumanning maydoni 6 ming gektardan oshadi. Shu bilan birga, hududning taxminan yarmi turar-joy koʻchmas mulki uchun, uchdan biridan bir oz kamroq qismi tijorat koʻchmas mulki uchun ajratiladi. Shuningdek, hududning 20 foizi yashil maydonlarga, 18 foizi davlat obʼyektlariga, 6 foizi madaniyat muassasalariga ajratiladi.
Birinchi mavzeda Yangi Oʻzbekiston universiteti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalar shaharchalari, qoʻshaloq minoralar, davlat muassasalari, “Ipak shahri” piyodalar uchun moʻljallangan “Silk City”, madaniyat, tibbiyot va media zonasi, shuningdek, texnopark maydoni oʻrin oladi.
Toshkent va “Yangi Toshkent” timsoli bo‘lishi kutilayotgan egizak minoralarda hashamatli savdo markazlari, terrasali restoran, tomdagi bog‘, ko‘rgazmalar, galereyalar va turli madaniy tadbirlar uchun joylar bo‘lishi rejalashtirilgan. Ushbu minoralarning balandligi 575 metrni tashkil qiladi va bu bilan osmonoʻpar bino dunyodagi eng baland binolar roʻyxatida 12-oʻrinni egallaydi.
Bundan tashqari, “Yangi Toshkent” 1-mavzesida piyodalar ko‘chalari, yaxlit suv yo‘llari, kontekstli arxitekturaga ega binolar, jamoat joylari va savdo do‘konlari joylashgan tor yo‘laklar qurilishi rejalashtirilgan.
Loyiha tafsilotlari bilan yangitoshkent.com saytida tanishishingiz mumkin.